AR-RIYOD, 26-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining 19-xalqaro sessiyasida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimiz delegatsiyasiga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyev, IHTdagi doimiy vakil, elchi Ulug‘bek Maqsudov boshchilik qildi.
Sessiyada «IHTga aʼzo davlatlarda inson huquqlarini taʼminlash hamda himoya qilishda Inson huquqlari milliy institutlarining ahamiyati» mavzusi muhokama qilindi.
Anjumanning tantanali ochilishida komissiya raisi Hoji Ali Achikgyul IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi aʼzolari, tashkilotga aʼzo davlatlar, kuzatuvchi maqomidagi davlatlar, Inson huquqlari himoyasi bo‘yicha milliy institutlar vakillarini hamda xalqaro tashkilotlar ekspertlarni qutladi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi bilan hamkorlikda ilk marotaba o‘tkazilayotgan ushbu sessiyada inson huquqlarini himoya qilish, shuningdek, taraqqiyotga ko‘maklashishning eng munosib modellarini shakillantirish istiqbollari, IHTga aʼzo davlatlar huquqlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Mirzatillo Tillaboyev o‘z chiqishida O‘zbekiston inson huquqlari milliy institutlari tomonidan inson huquqlarini himoya qilishda erishilgan so‘nggi muvaffaqiyatlar va mamlakatimizning BMT inson huquqlari tuzilmalari hamda Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi bilan yaqin hamkorligiga oid maʼlumotlarni o‘rtoqlashdi.
Sessiya doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi va IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi o‘rtasida O‘zaro anglashuv Memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Hujjatni O‘zbekiston tomonidan Mirzatillo Tillaboyev, IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi nomidan - komissiya raisi Hoji Ali Achikgyul imzoladi.
- Qo'shildi: 25.05.2022
- Ko'rishlar: 3834
- Chop etish