Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi penitensiar muassasalar xodimlari uchun trening o‘tkazmoqda

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi va YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda "Ozodlikdan mahrum qilish joylarida gender zo‘ravonlikning oldini olish va uni bartaraf etish" mavzusida trening o‘tkazmoqda.

2022 yil 1 iyun kuni Toshkentda boshlangan va uch kun davom etadigan treningda O‘zbekiston Respublikasi penitensiar muassasalari xodimlari ishtirok etmoqda.

Trening Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisining "O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimini barqaror rivojlantirishga ko‘maklashish" qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.

Tadbirning ochilishida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ta’kidlaganidek, "Har qanday sharoitda inson hayotini, xotin-qizlarimizning sog‘lig‘ini, ularning farovonligi va baxt-saodatini saqlab qolish eng ustuvor vazifa ekanini unutmasligimiz kerak. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, gender tengligi davrida ayollarni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan aniq rejalashtirilgan ishlarni amalga oshirish juda muhimdir. Shu munosabat bilan jamiyatimizda gender tengligi tamoyillarini amalga oshirish, gender zo‘ravonligiga barham berish O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi".

Treningdan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish Bosh departamenti tizimidagi penitensiar muassasalar xodimlarining ozodlikdan mahrum qilish joylarida gender zo‘ravonlikning oldini olish sohasidagi xalqaro standartlar to‘g‘risida xabardorligini oshirishdan iborat.

Uch kunlik trening davomida ishtirokchilarga O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini ilgari surish va himoya qilish, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishning xalqaro standartlari, jinsiy zo‘ravonlik tushunchasi, ozodlikdan mahrum qilish joylarida zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar haqida ma’lumot beriladi.

"Loyihamiz faoliyati doirasida YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi qiynoqlarga qarshi milliy preventiv mexanizmning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga, Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha BMT fakultativ protokolini ratifikatsiya qilishga, qiynoqqa solinmaslik huquqlariga rioya etilishi ustidan monitoring tizimini qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, BMT Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning barcha shakllarini bartaraf etish to‘g‘risidagi konvensiyasini amalga oshirish bo‘yicha so‘nggi tavsiyalarini hisobga olgan holda Milliy harakat rejasini ishlab chiqishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyor ekanini bildiradi", dedi YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi vazifasini bajaruvchi Hans Ulrix Ihm.

Trening doirasida ishtirokchilar ozodlikdan mahrum qilish joylarida gender zo‘ravonlikning oldini olish masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikda ish olib borish imkoniyatlarini muhokama qilmoqdalar.

Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati.

Uzdaily.uz

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati

O‘zA 

 

Powered by GSpeech