Prezidentimiz tashabbusi bilan Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan barpo etilgan “So‘x” nomli zamonaviy bolalar sog‘lomlashtirish oromgohining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.
Unda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, kasaba uyushmalari, Farg‘ona viloyati hokimligi, Tojikiston mustaqil kasaba uyushmalari Federatsiyasi delegatsiyasi, Qirg‘izistonning Botken viloyatidan mehmonlar, keng jamoatchilik vakillari, ziyolilar, elimiz ardog‘idagi ustoz va murabbiylar, taniqli ijodkor va san’atkorlar, nuroniylar va mahalla faollari, ota-onalar hamda bolajonlar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Rafiqov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining spiker o‘rinbosari Akmal Saidov, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov va boshqalar mamlakatimizda har bir sohada amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlar eng avvalo inson qadriga qaratilganligini ta’kidladi.
- Muhtaram Prezidentimizning yuksak e’tiborlari natijasida o‘tgan besh yil ichida So‘xda ulkan tarixiy yangilanishlar amalga oshirildi, -deya ta’kidladi o‘z so‘zida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov. –Davlatimiz rahbarining 2020 yil 8 avgustdagi “2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyati So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda uning ijrosi natijasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar fikrimizning yorqin dalilidir. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash zarurki, bundan atigi besh-olti yil ilgari kimdir So‘xga viloyat markazidan aviareyslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi, so‘xlik yoshlar uchun oliy ta’limda maxsus grantlar ajratiladi, turli imtiyozlar beriladi, desa birov ishonarmidi?! Bularning barchasi Yurtboshimizning o‘z xalqiga, xususan, so‘xliklarga bo‘lgan qaynoq mehri va g‘amxo‘rligining yorqin ifodasidir! Bugun tantanali ravishda foydalanishga topshirilayotgan ushbu muhtasham va zamonaviy tipda bunyod etilgan inshoot – “So‘x” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi ham Prezidentimiz tashabbusi va e’tiborlari natijasidir.
Shuningdek, tadbir davomida So‘x tumani aholisiga, xususan, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar, ehtiyojmand oilalarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, turli millat vakillari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarning yanada mustahkamlanishi uchun amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar haqida so‘z yuritildi.
Keyingi yillarda anklav hududda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bajarilib, yillarda davovida yig‘lib qolgan muammolar o‘z yechimini topdi. Buning uchun 500 milliard so‘mlikdan ortiq mablag‘ sarf etildi. Yangi oromgohning qurilishi ham so‘xliklarga munosib tuhfa bo‘ldi. Umumiy maydoni qariyb 5 gektar bo‘lgan “So‘x” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi 200 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, yozgi mavsum davomida 5 navbatda jami 1000 nafar bola dam oldirib, sog‘lomlashtirishga mo‘ljallangan. Ushbu maskanda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari uchun 27 milliard 560 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilganligining o‘ziyoq mamlakatimizda yosh avlod vakillarini har tomonlama barkamol etib tarbiyalash masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tarilganligining yorqin dalilidir.
“So‘x” oromgohida o‘g‘il-qizlarning miriqib hordiq chiqarishi bilan birga, jismonan chiniqib, salomatliklarini mustahkamlashlari, bilimlarini oshirishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Oromgoh tom ma’noda o‘g‘il-qizlarni nafaqat maroqli dam oldirish va jismonan chiniqtirish, balki ularning intellektual salohiyatlarini rivojlantirish, o‘zlari qiziqqan yo‘nalishlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi markaz sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Buning uchun ushbu maskanda barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Jumladan, bu yerda barcha qulayliklarga ega madaniyat va ma’rifat markazi, o‘zbek mutafakkirlari va adabiyot namoyondalari bilan bir qatorda jahon adabiyoti durdonalari sirasiga kiruvchi boy kitoblar zahirasiga ega zamonaviy axborot-resurs markazi, eng so‘nggi rusumdagi ko‘rgazmali vositalar va jihozlar bilan ta’minlangan to‘garak xonalari, ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan salobatli tantanalar maydoni, yarim ochiq amfiteatr, tibbiyot xonasi, jahon standartlari talablariga javob beruvchi suzish havzasi, sport va bolalar maydonchalari, zamonaviy loyihalar asosidagi yotoq binolari, shiyponlar, lojuvard favvora, barcha shart-sharoitlar va qulayliklarga ega bo‘lgan oshxona, yuvinish xonalari barpo etilib, zamonaviy mebel va jihozlar bilan ta’minlandi hamda bolajonlar ixtiyoriga topshirildi. Shuningdek, dam olish maskanida keng ko‘lamdagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Oromgohda ota-onalar uchun shinam suhbat ayvonchalari ham barpo etildi. Ushbu inshootlarning barchasi bolajonlarning har tomonlama kamol topishiga, ma’nan va jismonan sog‘lom avlod bo‘lib voyaga yetishlariga xizmat qilishiga shubha yo‘q.
-Prezidentimizning e’tiboridan juda ham minnatdormiz, -deydi 90 yoshli mehnat faxriysi Karimberdi ota Rahimberdiyev. –Yoshlarimiz uchun yaratilgan bu maskanni bir umr orzu qilgandik. Bu yer bir paytlar toshloq, dasht edi. Mana bugun bo‘stonga aylandi.
Tantanali tadbirda yangi barpo etilgan oromgohning haqiqiy egalari bo‘lgan so‘xlik aziz bolajonlarga “So‘x” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohining ramziy kaliti, dam olish maskani uchun esa “Damas” avtomashinasi topshirildi.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish joizki, bugun mamlakatimizda barcha sohalarda birdek olib borilayotgan islohotlar qatorida barkamol avlodni tarbiyalash borasida ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Har tomonlama rivojlangan avlodni tarbiyalash borasidagi O‘zbekiston tajribasi xalqaro ekspertlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar e’tiborini ham tortmoqda. Zero, davlat va jamoat tashkilotlarining sa’y-harakatlari hamda imkoniyatlarini bolalarni sifatli dam oldirish va sog‘lomlashtirishni ta’minlashga ijtimoiy sheriklik asosida yo‘naltirish amaliyoti O‘zbekistonda yaratilgan noyob tizimlardan biridir.
Mazkur yo‘nalishlardagi ishlarga munosib hissa qo‘shish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, oxirgi besh yil davomida davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan 8 ta zamonaviy bolalar oromgohi qurilib, foydalanishga topshirildi. Natijada, har yili qo‘shimcha 9 ming nafar bolani sog‘lomlashtirish imkoniyati yaratildi. bugungi kunda ushbu oromgohlarda mehnatkashlar farzandlarining maroqli hordiq chiqarishlari ta’minlanmoqda.
“So‘x” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohining tantanali ochilish marosimi Prezidentimiz tashabbuslari bilan joriy yilning may oyida Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi mutasaddiligidagi Xotin-qizlar muammolarini tizimli hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tomonidan Farg‘ona viloyatining So‘x tumanidagi 27 ta mahalla, Farg‘ona tumanidagi “Shohimardon” va “Yordon” mahallalari hamda Rishton tumanining “Chung‘ara” mahallasidagi mas’ullar o‘rtasida tashkil etilgan “Eng yaxshi mahalla raisi”, “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng yaxshi xotin qizlar faoli”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi”, “Eng yaxshi hokim yordamchisi” tanlovlarining So‘x tumani bo‘yicha g‘oliblarini taqdirlash tadbiriga ulanib ketdi.
bugungi kunda aholi muammolarini aniqlash va hal etish bo‘yicha samarali hamkorlik tizimi joriy etilgan bo‘lib, bugun ushbu tizim o‘z ijobiy samarasini bermoqda. Mazkur tanlovlar ham aholi muammolarini “xonadonbay” va “fuqarobay” o‘rganish va ularni hal etishga ko‘maklashish, “Ayollar daftari” tizimi samaradorligini ta’minlash hamda ayollarning muammolarini hal etishda o‘zining fidokorona mehnati bilan barchaga namuna ko‘rsatgan mas’ullarni munosib rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazildi.
“Eng yaxshi mahalla raisi”, “Eng yaxshi hokim yordamchisi”, “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi” tanlovlarida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan g‘oliblarning har biriga diplom va 20 million so‘mdan pul mukofotlari, 2-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biriga diplom va 30 million so‘mdan pul mukofotlari topshirildi.
Tuman prokurori Sadirali Mirzokarimov “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Qal’acha” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Fachziddin Tojiddinov “Eng yaxshi mahalla raisi”, “Ravon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi Ilhom Ikromov “Eng yaxshi hokim yordamchisi”, Chumoqcha mahallasining xotin-qizlar faoli Nargiza Dadaxonova “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli”, Sharqobod mahallasining yoshlar yetakchisi Shohjahon Rag‘imberdiyev “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi” tanlovlarida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan g‘oliblarning har biriga diplom va Prezident sovg‘asi – avtomobillar kalitlari tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir tashkilotchilari tomonidan o‘zlarining fidoyi mehnatlari uchun munosib taqdirlangan insonlar yana bir bora samimiy qutlandilar.
Respublikamizning eng so‘lim go‘shalaridan biri bo‘lgan So‘x tumanining shirindan-shakar bolajonlari uchun barpo etilgan oromgohni esa sog‘lomlashtirish mavsumining 1-navbatida dam olish uchun kelgan 200 nafar o‘g‘il-qizning sho‘x-shodon kulgulariyu, ular ijrosidagi kuy va qo‘shiqlar sadolari qurshab oldi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, ushbu maskan So‘xning yanada rivoj topishi uchun xizmat qiladigan vatarparvar yoshlar yetishib chiqishidek ezgu ishlarga munosib hissa qo‘shishiga shubha yo‘q.
Shundan so‘ng tadbirga yig‘ilganlar e’tiboriga san’at ustalari va bolajonlar ijrosidagi konsert dasturi havola etildi. O‘zbekiston Respublikasi xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, G‘ulomjon Yoqubov, Tojikiston xalq artisti Jo‘rabek Murodovlarning ijrosidagi qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi.
Tantanali tadbir yakunida o‘tkazilgan mushakbozlik va samoga uchirilgan rang-barang sharlar barchaga ko‘tarinkilik va xush kayfiyat ulashdi.
Xuddi shu kuni So‘x tumanining markaziy sport maydonida tuman aholisi uchun madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda shoir va yozuvchilar, adabiyot va san’at namoyondalari, taniqli san’atkorlar ishtirok etdilar.
Ular ijrosidagi Ona Vatanni, insoniylik va mehr-oqibatni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar tuman aholisiga xush kayfiyat bag‘ishladi.
Tadbirga yig‘ilgan otaxonu onaxonlar bugungi dorulomon kunlarga yetganlari uchun shukronalar aytib, duolar qildilar. Ona Vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilish uchun zavqu shavqi va g‘ayrati jo‘sh urib turgan yoshlar esa o‘z hursandchiliklarini ijro etilgan kuy va qo‘shiqlarga monand raqslari orqali ifoda etdilar.
M. Sulaymonov, O‘zA
- Qo'shildi: 06.06.2022
- Ko'rishlar: 3538
- Chop etish