Fransiyadan munosabat: O‘zbekistonda tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatda tibbiy xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi
PARIJ, 6-iyun. /“Dunyo” AA/. Fransiya Milliy tibbiyot akademiyasi faxriy prezidenti, professor Emmanuel Kabanis O‘zbekiston Przedentining joriy yil 17 maydagi «Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan vazifalarning ahamiyati haqidagi fikr-mulohazalarini bildirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
- Men yaqinda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan «Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan batafsil tanishdim. Aytishim mumkinki, mazkur hujjat o‘z vaqtida qabul qilingan.
O‘zbekiston rahbarining ushbu saʼy-harakati nafaqat tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash, balki bemorlarga ham katta naf keltiradi.
Farmon bilan tanishish jarayonida tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha taqdim etilayotgan imtiyozlarga alohida eʼtibor qaratdim. Ushbu sohaning vakili sifatida taʼkidlashni istardimki, tibbiyot xodimlariga moddiy rag‘bat berilganda, birinchi navbatda, bemorlar manfaat ko‘radi, sababi ular bor-kuch-g‘ayratini faol mehnat qilishga qaratadi.
Bizga maʼlumki, so‘nggi ikki yil davomida butun dunyo Covid-19 pandemiyasi bilan kurashdi. Ushbu qiyin pallada tibbiyot xodimlari o‘z hayotlarini xavfga qo‘yib bo‘lsada, vazifalarini sidqidildan ado etdi. Umuman olganda, O‘zbekistonda tibbiyot sohasini rivojlantirish va aholi salomatligini saqlash yo‘lida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. 2019 yil dekabr oyida mamlakatingizga borgan edim. Toshkentda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Samarqand va Buxoro sog‘liqni saqlash boshqarmalari, tibbiyot oliy taʼlim muassasalari va tibbiyot maskanlarida o‘tkazilgan uchrashuvlarda yurtingizda tibbiyot sohasini rivojlantirish, shifokorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, shuningdek, aholi salomatligini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga bevosita guvoh bo‘ldim.
Ushbu farmonda ham mazkur vazifalarni yana-da kuchaytirish choralari belgilangan. 2022 yil 1 iyuldan boshlab viloyatlar hamda Toshkent shahridan, shuningdek, xorijiy davlatlardan Qoraqalpog‘iston Respublikasining qator tumanlariga borib ishlovchi shifokorlarning oylik lavozim maoshiga uch yil davomida 100 foiz, Mo‘ynoq tumanida esa 200 foiz miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama to‘lovlari davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanishi eʼtiborimni jalb etdi. Ushbu tashabbus davlat rahbarining mamlakatning chekka tumanlaridagi aholi salomatligi haqida qanchalik qayg‘urayotganidan dalolat beradi.
Bizga maʼlumki, zamonaviy tibbiyotda ilm-fan yutuqlarini joriy qilish muhim ahamiyat ega. Hujjatda tibbiyot sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirishga hissasi va ilmiy darajasi uchun ham alohida ustama to‘lanishini qayd etilgan.
Umuman olganda, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining maoshi 15 foizgacha va ustamalarning 100 foizgacha oshirilishi mamlakatda tibbiy xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi, deb hisoblayman.
- Qo'shildi: 07.06.2022
- Ko'rishlar: 3345
- Chop etish