Xalqparvar davlat barpo etish, inson qadrini ulug‘lash – taraqqiyotimizning bosh mezoni

Milliy taraqqiyotning yangi islohotlar bosqichida xalqchil O‘zbekistonni barpo etish jarayonida inson huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan asosiy masalaga aylandi. Ma’lumki, har bir davlatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy hayotida inson huquqlari masalasi demokratik huquqiy davlatning eng muhim belgisi hisoblanadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan inson huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tizimli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Shunday qadamlardan biri, Prezidentimizning 2020 yil
22 iyunda “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonining qabul qilinishi bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvarda qabul qilingan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoniga binoan mamlakatimizda «Inson qadri uchun» tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlashga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Bunda:

inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;

mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;

adolatli ijtimoiy siyosat yuritish;

inson kapitalini rivojlantirish;

ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish kabi dolzarb vazifalar ko‘zda tutilgan.

Inson huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlarni yangi pog‘onaga ko‘tarish maqsadida mamlakatimizda sud-huquq sohasini demokratlashtirish, barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi tamoyillarini hayotga tatbiq etish, insonparvarlik, adolat, sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, sud protsessida tortishuvchilik, “Xabeas korpus” institutini kengaytirish, tergov olib borishda sud nazoratini kuchaytirish kabi jihatlarni inobatga olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

9 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida bo‘lib o‘tgan “Xalqparvar davlat barpo etish, inson qadrini ulug‘lash taraqqiyotimizning bosh mezoni” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida shu haqda so‘z bordi.

Konferensiyada Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov “Xalqparvar davlat barpo etishning nazariy va amaliy muammolari”, akademik Saidahror G‘ulomov  “Inson kapitalini rivojlantirishning dolzarb masalalari”, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qo‘mitasi raisi Shuhrat Bafoev “Davlat – inson uchun tamoyili ijrosini ta’minlashning ilmiy-amaliy jihatlari”, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova “Bolalar huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalari”, Jamoat xavfsizligi universiteti professori Muhammadi Usmonov “Yoshlar huquqini himoya qilishning dolzarb masalalari” mavzularida ma’ruza qildi.

        

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech