Toshkentda “Konstitutsiyaviy islohotlar va fuqarolik jamiyati institutlari: taklif va tavsiyalar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari, olimlar, ekspertlar, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari va jurnalistlar ishtirok etdi.
Konstitutsiyaviy komissiya raisi A.Saidov, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi kengashi raisi K.Eshonxo‘jaev va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar xalqimizning xohish-istagi, ezgu maqsadlari ifodasi, mamlakatimizdagi demokratik islohotlarning mantiqiy davomi ekanini alohida ta’kidladi.
Shu bois, bu jarayon xalqimiz tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda, Konstitutsiyaviy komissiyaga keng jamoatchilik tomonidan ko‘plab taklif va tavsiyalar kelib tushyapti. O‘z navbatsda, Konstitutsiyaviy komissiya tomonsdan har bir taklif atroflicha o‘rganilishi barobarida keng jamoatchilik, mutaxassislar ishtirokida tashkil etilayotgan ochiq muloqotlarda ham keng muhokama qilinmoqda.
Bu galgi davra suhbatida ham nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari tomonidan kelib tushayotgan taklif va tavsiyalar xususida fikr almashildi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari konstitutsiyaviy islohotlarda ham faol ishtirok etmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, hududlarda konstitutsiyaviy islohotlar targ‘ibotiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan tadbirlar davomsda NNTlari vakillari va fuqarolardan Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishga oid yuzdan ortiq takliflar kelib tushgan.
Ularda Asosiy qonunimizda “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” tamoyilini mustahkamlash, NNTlari faoliyatining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, jamoat tashkilotlari maqomini kuchaytirish masalalari o‘z ifodasini topgan. Xususan, islohotlar jarayonida inson huquqi va manfaatini ta’minlash, “inson — jamiyat — davlat" tamoyilini hayotga tatbiq etish, oila institutini rivojlantirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yoshlar, nuroniylarning huquq va manfaatlarini muhofazalash, ekologiyaga oid masalalarning konstitutsiyaviy huquqiy asoslarini takomillashtirish xususida takliflar ilgari surilmoqda.
— Jamiyatimizda qizg‘in davom etayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni keng jamoatchilik, ayniqsa, xalqimiz yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlayotgani quvonarlidir, — dedi O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi kengashi raisi o‘rinbosari Baxtiyorjon Masharipov. — Bu xalqimiz, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining jamiyatdagi islohotlarda faolligini anglatadi. Bugungi tadbirda ham poytaxtimizda va viloyatlarda faoliyat yuritayotgan 40 dan ziyod nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etib, ko‘plab takliflarni ilgari surdi.
Davra suhbatida fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatimizdagi islohotlarda faolligini yanada kuchaytirish bilan bog‘liq qator takliflar aytildi. Bildirilgan har bir taklif tadbirda ishtirok etayotgan olimlar, ekspertlar, NNTlari vakillari tomonidan muhokama qilindi, ularning huquqiy asoslari va qonunchilikka moslashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Huquqshunoslar, olimlar, tajribali mutaxassislar va ekspertlar muhokamasidan o‘tgan takliflar umumlashtirilib, Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim etiladi.
Bahor HAZRATQULOVA, "Yangi O‘zbekiston" muxbiri
- Qo'shildi: 10.06.2022
- Ko'rishlar: 3299
- Chop etish