Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) delegatsiyani qabul qildi.
Suhbat boshida tomonlar so‘nggi yillarda O‘zbekistonning YeXHTning barcha institutlari, shu jumladan, DIIHB bilan konstruktiv o‘zaro aloqalari sezilarli darajada faollashganini qayd etdilar. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi hamda DIIHB o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda delegatsiya rahbari Ouen Merfi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan DIIHB o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holatini, xususan, qabul qilinayotgan qonun loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish, qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiq yanada takomillashtirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikdagi aloqalarni yuqori baholadi.
Tadbir chog‘ida 2021 yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha DIIHB missiyasining Yakuniy hisobotida berilgan tavsiyalarning ijrosi yuzasidan fikr almashildi.
O‘z navbatida O. Merfi o‘zbek tomonining mazkur yo‘nalishda ochiq muloqotga va o‘zaro hamkorlikka tayyorligini hamda muhokamalar uchun platforma yaratib berganini alohida e’tirof etdi. Shu bilan birga, mamlakatimizda Prezident saylovlari huquqiy, tashkiliy jihatdan hamda pandemiya qoidalariga rioya etgan holda yuqori darajada o‘tkazilganini qayd etdi.
Muloqot chog‘ida saylovlarni o‘tkazish uchun partiyalarni moliyalashtirish borasida mahalliy saylov uchastkalarida ayollarning rolini hamda ularning malakasini oshirish maqsadida treninglar o‘tkazish bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuv ochiq, samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
- Qo'shildi: 15.06.2022
- Ko'rishlar: 3647
- Chop etish