YeXHT delegatsiyasi Konstitutsiyaviy komissiya faoliyati bilan tanishdi

Mamlakatimizdagi muhim siyosiy jarayon — Konstitutsiyaviy islohotlar xorijiy davlatlar hamda xalqaro tashkilotlarning diqqat markazida bo‘lib turibdi. Ular mazkur jarayonlarni kuzatib, o‘rganib, o‘z munosabatini bildirmoqda.

2022 yil 20 iyul kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT/DIIHB) Ehtiyojlarni baholash missiyasi delegatsiyasi Vladimir Misev boshchiligida Oliy Majlis Qonununchilik palatasiga tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiyaning raisi Akmal Saidov bilan uchrashdi. 



Muloqot avvalida Akmal Saidov mehmonlarga konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi. Bosh qomusimizda “Yangi O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyillarini mustahkamlash, turli islohotlar jarayonida inson manfaatlari bosh mezon bo‘lishini ta’minlash, xususiy mulk daxlsizligi, yerga egalik qilish huquqi, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini konstitutsiyaviy darajaga ko‘tarish, davlat hokimiyati asoslarini yanada takomillashtirish dolzarbligi haqida fikr yuritildi. 

Ta’kidlanganidek, aholining Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha o‘z takliflarini moneliksiz yuborishi uchun barcha qulayliklar yaratildi. Xususan, aholining konstitutsiyaviy islohotlar jarayonidagi faolligini yanada oshirish maqsadida mobil aloqa kompaniyalari orqali 30 milliondan ortiq abonentga o‘z takliflarini Konstitutsiyaviy komissiyaning barcha platformalariga yuborish mumkinligi to‘g‘risida 3 marta eslatma tariqasidagi SMS-xabarnomalar yuborildi. Natijada Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi qizg‘in o‘tmoqda. bugungi kunga qadar 88 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi. Bunda ayniqsa, yoshlar faol ishtirok etib, takliflarning 70 foizga yaqini aynan ulardan kelib tushayotgani diqqatga sazovordir. 

O‘z navbatida, delegatsiya rahbari V.Misev va delegatsiya a’zosi K.Dashutsinalar berilgan batafsil va tahliliy axborot uchun minnatdorlik bildirdilar. Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan suhbat davomida siyosiy jarayonlar haqidagi savollariga batafsil javob olishdi. 

Delegatsiya a’zolari Konstitutsiyaviy komissiyaning Takliflar bilan ishlash guruhi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Konstitutsiyaviy komissiyaning Matbuot xizmati xodimlari bilan ham uchrashdi. Muloqotlar chog‘ida aholiga konstitutsiyaviy islohotlarga oid o‘zgartish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyati haqida tezkor, xolis va to‘liq axborot yetkazish maqsadida OAV, jumladan, televideniye, radio, gazeta va jurnallar hamda internet nashrlari bilan o‘zaro hamkorlik o‘rnatilgani haqida ma’lumotlar berildi. 



M.Komilova, O‘zA

Powered by GSpeech