BMT Bosh kotibi birinchi o‘rinbosari O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotning borishi va milliy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlari bilan tanishdi

2022 yil 2 avgust kuni AQShning Nyu-York shahrida Konstitutsiyaviy komissiya raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad bilan uchrashdi.

 

Suhbat chog‘ida O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotning borishi haqida ma’lumot berildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi muvaffaqiyatli yakunlangani qayd etildi. Bosh qomusni yangilashdan asosiy maqsad insonning asosiy huquq va erkinliklarini mustahkamlash, uning qonuniy manfaatlarini oliy qadriyat sifatida e’tirof etish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning izchilligi, barqarorligi va qaytarib bo‘lmasligini ta’minlashdan iborat ekani alohida ta’kidlandi.

 

BMT Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari O‘zbekistonda xalqning faol ishtirokida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotni olqishladi. Konstitutsiyaviy jarayonning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga keng tushuntirish, jumladan, xalqning o‘zgarishlar asosiy manbai va yagona muallifi sifatidagi rolini qat’iy mustahkamlash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni yuksak baholadi.

 

Amina Muhammad konstitutsiyaviy islohotning umumxalq muhokamasi jamiyatning hamjihatligiga, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchning mustahkamlanishiga, ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining yanada tinch-totuv yashashiga xizmat qilishiga umid bildirdi.

 

BMTning oliy vakili mamlakatimizni joriy yilning 25-26 iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi. U O‘zbekiston tomonining Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish, ijtimoiy-iqtisodiy hayotni tiklash, shuningdek, ushbu mamlakatni mintaqaviy jarayonlarga integratsiya qilish borasidagi faol sa’y-harakatlarini ijobiy baholadi.

 

Amina Muhammad O‘zbekistonning BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish, jumladan, qonunchilik bazasini takomillashtirish va samarali parlament nazoratini o‘rnatish yo‘li bilan amalga oshirayotgan izchil ishini qo‘llab-quvvatladi.

 

Bosh kotib birinchi o‘rinbosari O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi tashabbusi, joriy yil sentyabr oyida parlament spiker ayollarining XIV sammitini va oktyabr oyida “Inson huquqlari sohasida ta’lim” global forumini yuqori tashkiliy va mazmunli darajada o‘tkazish bo‘yicha olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi.

 

Tomonlar Amina Muhammadning joriy yil iyun oyida O‘zbekistonga qilgan tashrifi yakunlari yuzasidan ham fikr almashdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

QMPTI

 

Powered by GSpeech