Konstitusiyaviy komissiyaning navbatdagi yig’ilishi bo’lib o’tdi

2022 yil 10 sentyabr kuni Konstitusiyaga o’zgartishlar kiritish bo’yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitusiyaviy komissiyaning navbatdagi yig’ilishi bo’lib o’tdi. Unda Komissiya a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mas’ul qo’mitalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

 

Yig’ilishda dastlab “O’zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi Konstitusiyaviy qonun loyihasi hamda uni takomillashtirish bo’yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

 

Ta’kidlanganidek, O’zbekiston Konstitusiyaviy islohotni amalga oshirishda boshidanoq xalq manfaatlaridan kelib chiqib ish tutdi. Qonun loyihasining ahamiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish maqsadida mamlakatning barcha hududlarida ochiq-oshkoralik prinsiplari asosida tadbirlar tashkil qilindi. Deputatlar saylov okruglaridagi faoliyati, hududlardagi uchrashuvlari va saylovchilar bilan olib borilgan to’g’ridan-to’g’ri muloqotlari davomida konstitusiyaviy islohotning mazmun-mohiyatini xalqimizga yetkazdi.

 

Mazkur uchrashuvlarda Konstitusiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasiga qo’yilgani to’g’ri bo’lganligi fuqarolar tomonidan alohida e’tirof etildi. Eng muhimi, umumxalq muhokamasi davomida 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi. Bu esa umumxalq muhokamasi muddatini uzaytirish haqidagi qaror maqsadga muvofiq va o’z vaqtida bo’lganini yana bir bor isbotladi.

 

Fuqarolarimizdan kelib tushayotgan takliflar orasida soliqqa tortishning adolat prinsiplariga mos bo’lishi, mehnat huquqlarini davlat tomonidan himoya qilinishi, davlat organlari faoliyatining ochiq bo’lishi va ularga korrupsiyaga qarshi kurashish majburiyatini yuklash, yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor vazifalaridan biri bo’lishi, ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar faoliyatiga aralashmaslik, odil sudlovning fakat sud tomonidan amalga oshirilishi va boshqa shu kabi kelib tushgan takliflar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, e’tirozlarga sabab bo’lgan ayrim normalar loyihadan chiqarib tashlandi. Bu, o’z navbatida, qonun loyihasi xalqimiz takliflari asosida maromiga yetkazilib, Bosh Qomusimizni tom ma’noda xalq Konstitusiyasiga aylanayotganidan dalolat beradi.

 

E’tiborlisi, mazkur jarayonga xorijdagi o’zbekistonliklar ham befarq bo’lishmadi. Jumladan, Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Qozog’iston, Germaniya va boshqa davlatlardan vatandoshlarimizning yuzlab taklif va munosabatlari kelib tushdi.

 

Shuningdek, Qonunchilik palatasiga tashrif buyurgan har bir xorijiy delegasiya a’zolari bilan Takliflar bilan ishlash guruhi, Konstitusiyaviy komissiya matbuot xizmati xodimlari o’rtasida suhbatlar uyushtirildi. Ular O’zbekiston parlamentining quyi palatasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, konstitusiyaviy islohot jarayonida qanday ishlar olib borilayotganini amalda ko’rdi.

 

Xuddi shu tajriba haqida Jenevadagi 30 dan ortiq xalqaro tashkilot vakillari, Nyu-Yorkda esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida 40 dan ziyod davlatning doimiy vakillari va boshqa xalqaro tashkilotlar mutasaddi rahbarlariga ma’lumot berildi.

 

Shu bilan birga, bugungi kunga qadar Konstitusiyaviy qonun loyihasi mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag’ishlab xalqaro tashkilotlar darajasida 11 ta, xorijiy davlatlarda ham ko’plab tadbir o’tkazilgan. Ularda xalqaro hamkorlar O’zbekistonda konstitusiyaviy islohot borasida ilg’or qadamlar qo’yilayotganini hamda yurtimiz konstitusiyaviy islohotning o’ziga xos modelini yaratish uchun betakror tajriba to’plaganini aytib, Yangi O’zbekiston ayni sohada eng to’g’ri yo’ldan borayotganini bildirgan.

 

Bugungi yig’ilishda Konstitusiyaviy qonun loyihasi shu kunga qadar 8 ta milliy ekspertizadan o’tkazilgani, shuningdek, Toshkentda BMT, YuNISEF (BMT Bolalar fondi), YeXHT (Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti) kabi tashkilotlar vakillari bilan 3 ta xalqaro jamoatchilik maslahatlashuvi tashkil etilgani ta’kidlandi.

 

Fuqarolarimizdan kelib tushgan takliflar Bosh Qomusimizni chin ma’noda xalq Konstitusiyasiga aylantirish uchun keng va qulay imkoniyat yaratgani, ayni vaqtda mas’ul qo’mitalarda har bir taklif ekspertlar, soha mutaxassislari, olimlar, siyosatchilar ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, shu asosda Konstitusiyaviy qonun loyihasi maromiga yetkazilayotgani aytib o’tildi.

 

Xususan, takliflari dolzarb ahamiyat kasb etgan mualliflar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularning bergan taklifi bevosita o’zining ishtirokida muhokama etildi. Uzoq hududlarda joylashgan taklif egalari bilan masofadan turib onlayn ishlar olib borildi. Bu O’zbekiston xalqiga umumxalq muhokamasida ishtirok etib, konstitusiyaviy islohotlar bo’yicha o’z fikrlarini bildirish imkonini berdi.

 

Yig’ilishda Konstitusiyaviy qonun loyihasining davlat tilidagi matni tahririni tayyorlash bo’yicha olib borilgan ishlar to’g’risida ham batafsil ma’lumot berildi.

 

Qayd etilishicha, loyihada normativ-huquqiy atamalar o’z mazmuniga muvofiq, yagona shaklda, to’g’ri qo’llanilgan. Adabiy til qoidalari va normalari talablariga hamda yuridik, texnik va boshqa maxsus qoidalarga aniq rioya qilingan. Eng muhimi, loyihadagi normalar sodda va ravon aks ettirilgan. Uning sifati va darajasi hozirgi kundagi jahon konstitusiyaviy taraqqiyotining tendensiyalariga to’la mos keladi.

 

Shu bois, qonun loyihasining matni tayyor bo’lishi bilan u deputatlar muhokamasiga kiritiladi. Xalq vakillarining fikrlari e’tiborga olingan holda keyinchalik tayyor bo’ladigan Konstitusiyaviy qonun loyihasi referendumga qo’yiladi. Konstitusiyaviy islohot umumxalq ovoz berish orqali amalga oshirilishi Bosh Qomusimizning aholi xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitusiyasi bo’lishiga xizmat qiladi.

 

Yig’ilish yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan xulosalar qilindi.

 

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

 

Powered by GSpeech