MUROJAATLAR BILAN ISHLASH: Inson huquq va erkinliklari ustuvorligi ta’minlanmoqda

Yangi O‘zbekistonni barpo etishda “Inson, uning qadri, huquqlari va erkinliklari – oliy qadriyat”, degan tamoyil muhim ahamiyatga ega. Bu har bir korxona, tashkilot, muassasa o‘z faoliyatini inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga yo‘naltirishi zarurligini anglatadi.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 35-moddasiga muvofiq, “Har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega. Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart”.

Ushbu konstitutsiyaviy normalarning hayotga teran tatbiq etilishi yo‘lida keyingi yillarda Harakatlar strategiyasi doirasida muhim natijalarga erishildi. Ayni vaqtda Taraqqiyot strategiyasida davlat boshqaruvi organlari faoliyatini «fuqarolarga xizmat qilishga yo‘naltirish» tamoyili asosida transformatsiya qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar amalga oshirilmoqda.

Bu, o‘z navbatida, insonning ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilishdek muhim huquqini amalga oshirishi uchun yanada keng imkoniyatlar yaratadi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida ham aholining murojaatlari bilan ishlash tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada Milliy markazning Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi tizimli faoliyat olib bormoqda.

Ayni yo‘nalishda Milliy markaz zimmasiga, jumladan:

  • jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish, ularning murojaatlarini ko‘rib chiqish;
  • murojaatlarning hal qilinishi monitoringi va tahlilini amalga oshirish;
  • davlat organlari, huquqni muhofaza qilish tuzilmalari, shu jumladan jazoni ijro etish muassasalarida inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha faoliyat amaliyotini joylarda bevosita o‘rganish;
  • manfaatdor davlat organlari va tashkilotlarga inson huquqlariga rioya etilishini, fuqarolarning buzilgan huquq va erkinliklari tiklanishini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar berish vazifalari yuklatilgan.

Bugungi kunda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan fuqarolarning murojaatlari muntazam ko‘rib chiqilmoqda. Ularga muammolarini bartaraf etish borasida tegishli huquqiy maslahatlar berib borilmoqda.

Ushbu jarayonda, “Inson qadri uchun” tamoyilidan kelib chiqqan holda, Milliy markaz mas’ullari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida ham ko‘plar murojaatlarning ijobiy hal qilinishiga erishildi. Bu fikrimizning tasdig‘i uchun ayrim hayotiy misollar keltiramiz.

Joriy yil 20 yanvar kuni fuqaro F.Bagauva Milliy markazga ariza bilan murojaat qilib, Toshkent viloyati, Yuqorichirchiq tumanida joylashgan “Dilroz” qo‘shma korxona shaklidagi mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingani va unga asossiz ravishda mehnat daftarchasi berilmayotganidan norozilik bildirgan. Murojaat yuzasidan 2022 yil 24 yanvar kuni Toshkent viloyati prokuraturasiga tavsiya xati kiritilgan.

Viloyat prokuraturasi o‘tkazgan tekshirish natijasida aniqlanishicha, 2019 yil 1 may kuni fuqaro F.Bagauva “Dilroz” qo‘shma korxonasiga xodimlar bo‘limi inspektori vazifasiga ishga qabul qilingan. O‘tgan yil 26 martda fuqaroning o‘z xohishiga asosan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Biroq, fuqaroning mehnat daftarchasi asossiz ravishda unga taqdim etilmagan. Shu bois joriy yilda “Dilroz” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Ye.Rakityanskiyga nisbatan viloyat Bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat huquq inspektori tomonidan Mehnat kodeksining 108-moddasi talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi sababli Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, fuqaro F.Bagauvaning manfaatini ko‘zlab mehnat daftarchasini qayta tiklash hamda “Dilroz” MChJ hisobidan kechiktirilgan davr uchun xodimga o‘rtacha oylik ish haqi undirish haqida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yuqorichirchiq tumanlararo sudiga da’vo ariza kiritilishi ta’minlangan.    

Yana bir misol: fuqaro Feruza Safarova 2-guruh nogironi ekanligini, sog‘ligi keskin yomonlashganligi munosabati bilan davolanishga zarurat yuzaga kelganligi sababli qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda 2.000.000 so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishida amaliy yordam so‘rab,  Milliy markazga murojaat qilgan. 

Ushbu fuqaroning so‘rovi bo‘yicha Toshkent shahar hokimligiga tavsiya xati kiritilgan. Natijada murojaat qanoatlantirilib, F.Safarovaga Xalq banki Yashnobod tuman filiali tomonidan  2.000.000 so‘m miqdorida moddiy yordam ajratilgan.

Milliy markaz tomonidan fuqaro Malika Rajabovaning arizasi ham o‘rganilib, mazkur murojaat yuzasidan Buxoro viloyati prokuraturasiga tavsiya xati kiritilgan. Buning natijasida M.Rajabovaga “Ayollar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1.080.000 so‘mlik moddiy yordam ajratilgan, ayolning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi uchun 200.000 so‘mdan bir martalik moddiy yordam to‘lab berilgan.

Bundan tashqari fuqaro M.Rajabovaga 2-guruh nogironlik pensiya to‘lovi to‘lanishi yo‘lga qo‘yilgan. Uning Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi nuklear tibbiyot bo‘limida radioterapiya olishi uchun elektron imtiyozli yo‘llanmaga navbatga qo‘yilishi ham ta’minlangan.

Yana bir fuqaro Halima Maxamadieva ikki nafar farzandi ta’minoti uchun 14 yoshgacha bo‘lgan nafaqa to‘lanishi va “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilishida amaliy yordam so‘ragan. Murojaat o‘rganilib, H.Maxamadieva “Ayollar daftari”ning ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar ro‘yxatiga kiritilishi ta’minlangan.

Shuningdek, H.Maxamadievaning farzandlari ta’minoti uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan nafaqa pullari bo‘yicha yo‘llagan murojaati yuzasidan “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimiga ma’lumot kiritilib, bolalar nafaqasi tayinlangan.

Milliy markaz tomonidan kiritilgan tavsiya xati asosida fuqaro A.Azikaevaning arizasi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yashnobod tumanlararo sudida ko‘rib chiqilib, qanoatlantirilgan va muallifning buzilgan huquqlari tiklanishiga erishilgan. Shu munosabat bilan fuqaro A.Azikaeva Markaz rahbariyatiga minnatdorchilik xati yo‘llagan.

Shuni ham qayd etish joizki, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasida belgilangan talablardan kelib chiqib, Milliy markazda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish belgilangan kun va soatlarda, qabul qilish jadvaliga muvofiq o‘tkazilmoqda.

Tahlillar Milliy markazga murojaatlarning aksariyat qismini shaxsiy qabul jarayonida kelib tushgan murojaatlar tashkil qilishini ko‘rsatmoqda.

Bularning barchasi, shubhasiz, Milliy markaz mas’ul xodimlarining yangi davr talablariga mos holda aholi bilan yuzma-yuz muloqot asosida ish olib borayotganidan, ana shu mas’uliyatli jarayonda insonning konstitutsiyaviy huquqlari to‘liq ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratilayotganidan dalolatdir. Binobarin, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganlaridek, “Davlat organlarining kundalik faoliyatida inson huquq va erkinliklari ustuvorligiga oid konstitutsiyaviy tamoyil so‘zsiz ta’minlanishi kerak”.

 

Farida Xakberdieva,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi Jismoniy va yuridik shaxslarning

murojaatlari bilan ishlash bo‘limi

bosh mutaxassisi

Powered by GSpeech