Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

Szyan YAN: O‘zbekiston – mintaqaviy hamkorlik muhitini yaxshilashda “yetaklovchi kuch”

Xitoy Xalq Respublikasi siyosat maydonida o‘z o‘rniga ega, rivojlangan davlat sifatida iqtisodiy yuksalish va yalpi ijtimoiy mahsulot hajmi bo‘yicha jahonda yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelmoqda. Xitoy bilan munosabatni har tomonlama rivojlantirish O‘zbekiston manfaatiga to‘liq mos keladi. bugungi kunda ushbu mamlakat bilan hamkorligimiz keng ko‘lam vabeqiyos ahamiyat kasb etib, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan.

XXRning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan bilan suhbatimiz davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatning joriy holati va istiqboli xususida kechdi.

 Assalomu alaykum! Szyan Yan xonim, keling suhbatimizni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Sizinpinning O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi, xususan, Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitidagi ishtiroki haqidagi mulohazalardan boshlasak. Sizningcha, umuman, ushbu tashrif davomida qanday natijalarga erishildi? Turli sohalarda erishilgan ikki tomonlama kelishuvlar hamkorlik rivojiga qay darajada ta’sir ko‘rsatadi?

– Shuni alohida qayd etish kerak, Si Szinpinning 15-16 sentyabr kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lishi va Shanxay hamkorlik tashkiloti Samarqand sammitida ishtirok etishi Xitoy rahbarining COVID-19 pandemiyasi boshlangandan keyingi birinchi xorijiy safaridir.

Shu bilan birga bu tashrif Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligi hamda Xitoy-O‘zbekiston strategik sherikligi yo‘lga qo‘yilganining 10 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan yirik diplomatik tadbirdir.

O‘sha kunlarning eng yorqin daqiqalari Si Szinpinga mamlakatingizning oliy davlat mukofoti – “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni topshirilishi marosimi bo‘ldi.

Tashrif chog‘ida 30 yillik munosabatni rivojlantirish natijasi va tajribasi har tomonlama sarhisob qilindi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Davlatlarimiz rahbarlari oliy darajadagi aloqani yanada faollashtirish, davlat boshqaruvi sohasida o‘zaro tajriba almashishni chuqurlashtirish kabi asosiy manfaatlarga daxldor masalalar bo‘yicha bir-birini qat’iy qo‘llab-quvvatlash zarurligi to‘g‘risida kelishib oldi. Ikki davlat milliy rivojlanish strategiyasini bog‘lash bo‘yicha ishni jadallashtirish, savdo, qishloq xo‘jaligi, energetika, kadrlar tayyorlash va boshqa ko‘plab sohalarda yangi yutuqlarga erishish bo‘yicha fikr almashildi. Xususan, raqamli iqtisodiyot, yashil energetikani rivojlantrish, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lining tezroq qurilishiga ko‘maklashish uchun texnologiya yetkazish rejalashtirildi. Shu bilan birga ta’lim, madaniyat, turizm, atrof-muhit muhofazasi, arxeologiya, ommaviy axborot vositalari, mintaqalararo aloqalar sohasida sheriklikni kengaytirish ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari o‘zbekistonlik yoshlarni Xitoyga o‘qishga taklif qilish, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va boshqa sohalarda hamkorlikni oshirish, vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha Innovatsion markaz tashkil etish qo‘llab-quvvatlandi.

BMT, SHHT, Xitoy – Markaziy Osiyo mexanizmi, BRIKS+ singari tuzilmalar doirasida hamkorlikni mustahkamlash, Global xavfsizlik va global rivojlanish tashabbusini faol amalga oshirish, yanada adolatli jamiyat qurish yo‘lida rivojlanayotgan mamlakatlar umumiy manfaatini birgalikda himoya qilishga kelishib olindi.

Asosiysi, muzokaralar yakuni bo‘yicha Xitoy Xalq Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, ikki tomonlama do‘stlik va sheriklik rishtasini mustahkamlash to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonot imzolandi. Bu “Mushtarak taqdir” tashabbusi doirasida, mustahkam do‘stlik, umumiy manfaat va farovonlikka asoslangan yangi davr sari strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirishga zamin yaratadi.

Shuningdek, ikki davlatning tegishli idoralari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, raqamli iqtisodiyot, yashil rivojlanish, madaniyat, ommaviy axborot vositalari va boshqa sohalarda hamkorlikka oid hujjatlar imzolanib, ustuvor yo‘nalishlar, kelgusidagi aniq vazifalar belgilab berildi.

– Ko‘pchilikni qiziqtirgan sarmoyaviy hamkorlik mavzusiga ham to‘xtalsak. Xitoylik ishbilarmonlar, tadbirkorlar mamlakatimizda qaysi sohalarga ko‘proq qiziqish bildirmoqda? Xitoylik investorlarni yanada ko‘proq jalb qilish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak, deb o‘ylaysiz?

– O‘zbekistondagi siyosiy va ijtimoiy barqarorlik xorijiy sarmoyalarni jalb etish uchun mustahkam zamin yaratdi. Bundan tashqari, so‘nggi yillarda mamlakatda ko‘plab klasterlar, erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilib, soliq imtiyozlari joriy qilinmoqda. Qonunlar, me’yoriy hujjatlar muntazam takomillashtirilmoqda. Bozor hayotiyligi sezilarli darajada rag‘batlantirildi, investitsiya muhiti yaxshilandi. Bu islohotlar nafaqat xitoylik, balki butun dunyo ishbilarmonlari va tarbirkorlarida mamlakatingizga investitsiya kiritish, biznes yuritish bo‘yicha qiziqish uyg‘otmoqda.

Shu kungacha Xitoyning O‘zbekistonga kiritgan jami sarmoyasi 10 milliard AQSH dollaridan oshdi. bugungi kunda respublikada Xitoy sarmoyasi ishtirokida neft-gaz, kimyo sanoati, to‘qimachilik, elektr energiyasi, ko‘mir, qurilish kabi yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatayotgan ikki mingdan ziyod korxona mavjud.

– Elchi xonim, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni, jumladan, ichki va tashqi siyosatni qanday baholaysiz?

– O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholi yashaydigan davlat. Oxirgi 31 yil davomida mamlakat davlat taraqqiyoti va milliy tiklanish borasida ajoyib natijalarga erishdi. Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev  rahnamoligida o‘zbek xalqi Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida ulkan harakat boshlaganini alohida ta’kidlash lozim. Turli sohalarda olib borilayotgan islohot va taraqqiyot jadal sur’at olgan. Mamlakat butunlay yangi qiyofa kasb etdi. Xalq uchun munosib turmush sharoiti yaratilib, davlatning xalqaro maydondagi mavqei sezilarli darajada ko‘tarildi.

Mamlakatni xalq manfaati yo‘lida boshqarish, hukumat tashkiliy tuzilmasini izchil muvofiqlashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga salmoqli hissa qo‘shadi. Agrosanoat klasterlari, sanoat parklari barpo etilmoqda. Erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilyapti, eksport va investitsiya hajmi ortib boryapti. Bularning bari iqtisodiy rivojlanish uchun yanada keng imkoniyat ochadi.

Demokratik islohotlar har tomonlama chuqurlashtirilib, fuqarolarning siyosiy, diniy, mehnat va ta’lim huquqini himoya qilish kuchaytirilmoqda. Butun jamiyatning sa’y-harakati tufayli O‘zbekiston COVID-19 pandemiyasi tarqalishi oqibati va mintaqaviy vaziyat keskin o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni muvaffaqiyatli bartaraf etmoqda.

2021 yil mamlakatda yalpi ichki mahsulot o‘sishi 7,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil birinchi yarmidayoq bu ko‘rsatkich 5,4 foizga chiqqanini alohida e’tirof etish kerak. Bu mintaqadagi eng yuqori natijalardan biri.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni izchil mustahkamlamoqda. Chegara va suv manbalariga doir muammolarni faol hal etmoqda. Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyalar o‘tkazmoqda. Shu tariqa mamlakat mintaqaviy hamkorlik muhitini yaxshilashda “yetaklovchi kuch” vazifasini bajarmoqda. Mintaqa davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish ham aynan O‘zbekiston rahbari tashabbusi tufayli yaxshi an’anaga aylandi.

O‘zbekiston turli davlatlar bilan o‘zaro manfaatli, amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, BMT va boshqa xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar doirasida xavfsizlik va tinchlikni saqlash, barqaror rivojlanishga ko‘maklashish, yoshlar va ayollar huquqini ta’minlash bo‘yicha samarali tashabbuslarni ilgari surmoqda. Bu intilishlar jahon hamjamiyati tomonidan haqdi ravishda e’tirof etilib, mamlakatning jahondagi obro‘-e’tibori oshmoqda.

O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilishga katta ahamiyat berdi. Nafaqat SHHT doirasida o‘rnatilgan hamkorlik yo‘nalishlari, balki sanoat kooperatsiyasi, innovatsiya, qashshoqlikni kamaytirish, raqamli transformatsiya va boshqa turli yangi yo‘nalishlarni ham qamrab olgan 80 dan ziyod tadbir muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Qator konsepsiya hujjatlari ishlab chiqildi. Natijada SHHTning Samarqand sammiti ishtirok etgan davlat rahbarlari soni, imzolangan yakuniy hujjatlar, tashkilotning kengayish ko‘lami bo‘yicha rekord o‘rnatdi va SHHT tarixida yorqin iz qoldirdi. Xitoy tomoni buni yuksak baholaydi.

– Yaqinda Xitoyda muhim tadbir - XKP XX s’ezdi bo‘lib o‘tdi. Bu tadbir O‘zbekiston - Xitoy munosabati rivojida qanday ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin?

– Xitoy Kommunistik partiyasining 20-Milliy qurultoyida Bosh kotib Si Szinpin ma’ruza qildi. Mamlakatni rivojlantirish bilan bog‘liq asosiy maqsadlar, Xitoy Kommunistik partiyasining kelgusi besh yillik va keyingi davrdagi faoliyati ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan ushbu ma’ruza Xitoyning barcha do‘st davlatlar, jumladan, O‘zbekiston bilan munosabatini rivojlantirishda ham muhim ahamiyatga ega.

Hisobotda ta’kidlanishicha, Xitoy doimiy ravishda dunyo tinchligini, barqaror rivojlanishni, insoniyat taqdiri umumiy bo‘lgan hamjamiyat qurishni qo‘llab-quvvatlash tarafdori. Doimiy ravishda mustaqil va tinchliksevar tashqi siyosat olib borib, tinch-totuv yashashning besh tamoyili asosida barcha davlatlar bilan do‘stlik, hamkorlikni chuqurlashtiradi. Tashqi dunyoga ochiqlik siyosatiga amal qiladi, global taraqqiyot va global xavfsizlik sohasidagi tashabbuslarni amalga oshirish uchun xalqaro hamjamiyat bilan birga zarur sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyor.

Xitoy va O‘zbekiston bir xil rivojlanish maqsadiga, uyg‘un qarashlarga ega, har ikki davlat milliy qurilishning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Mamlakatlarimiz oldida hamkorlikning keng istiqboli ochilmoqda. Xitoy O‘zbekiston bilan o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni, bir-biriga ishonchni yanada mustahkamlash, umumiy taraqqiyot va farovonlik yo‘lida ikki tomonlama manfaatli sheriklikni chuqurlashtirish, xavf, tahdidlarni yengib o‘tish uchun xavfsizlik sohasida umumiy intilishni kuchaytirish va faollashtirishga tayyor.

Bir so‘z bilan aytganda, 30 yil davomida erishilgan natija asosida biz birgalikda yangi davr Xitoy – O‘zbekiston har tomonlama strategik sherikligi munosabatining yorqin kelajagi sari yo‘l ochamiz.

O‘zA muxbiri

Go‘zal Sattorova suhbatlashdi. 

Powered by GSpeech