O‘zbekiston — Qirg‘iziston: parlamentlararo aloqalar yanada mustahkamlanadi

2022 yil 27 oktyabr kuni Samarqand shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasining (MDH PA) kuzgi sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi(Raisi) Toragasi Nurlanbek Shakiev bilan uchrashdi.

Ta’kidlanganidek, davlatlarimiz rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi va ular o‘rtasida o‘rnatilgan ochiq, ishonchga tayangan muloqot tufayli O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlari bugungi kunda yuksak darajaga ko‘tarildi.

— Qirg‘iziston biz uchun yaqin qo‘shni, bizni ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari, umumiy tarix, til, madaniyat, an’ana va urf-odatlarimiz yaqinligi bog‘lab turgan qardosh davlatdir. Biz strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan ikki tomonlama do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini har tomonlama chuqurlashtirish tarafdorimiz, — dedi N.Ismoilov o‘z nutqida.

Uchrashuvda keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarning bosqichma-bosqich rivojlanib borayotgani, mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy va iqtisodiy sohadagi muloqotlarning faollashgani ijobiy baholandi.

O‘z navbatida, N.Shakiev O‘zbekiston iqtisodiy-siyosiy jihatdan jadal rivojlanayotgan davlat sifatida dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallayotganini e’tirof etib, Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida mamlakatda olib borilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar e’tirof etildi.

Muloqotda tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yanada taraqqiy ettirishdan manfaatdor ekanliklari qayd etildi. Xususan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi parlament muloqotini faollashtirish, qonun ijodkorligi faoliyatining barcha yo‘nalishlarida o‘zaro tajriba almashish yuzasidan fikrlar almashildi.

Shuningdek, hududlararo hamkorlikni yanada kengaytirishda parlamentlar rolini oshirish, chegaradosh viloyatlar deputatlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma ish rejasini ishlab chiqish taklifi ilgari surildi.

Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlar hamkorlik rishtalarini yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldilar.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

 

Powered by GSpeech