Samarqandda bo‘lib o‘tgan II O‘zbekiston iqtisodiy forumida ishtirok etgan Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Berde O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlar va ularning natijadorligi to‘g‘risida kuyidagi fikrlarni bildirdi.
– O‘zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi 23ta mamlakat ichida eng tez o‘sayotgan davlat hisoblanadi, – deydi Anna Berde. –Islohotlar to‘g‘ri amalga oshirilmoqda. 2026 yilda o‘rta daromadli mamlakatlar safiga kirishingiz uchun ko‘mak berishga tayyormiz. O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga asoslangan islohotlarni amalga oshiryapti. 2016 yildan boshlab moliya tizimida katta liberallashuvni ko‘rdik.
Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonning bu yilgi natijalari kuchli o‘sish suratida. O‘sishni ta’minlaydigan ba’zi omillarni inobatga olsak, raqamlar kelgusi yili yanada yuqori bo‘lishi mumkin. Buning asosi sifatida O‘zbekistondagi so‘nggi yillarda kuzatilayotgan jiddiy o‘zgarishlar, bozor iqtisodiyotidagi keng ko‘lamli islohotlarni aytish mumkin. Misol uchun, qishloq xo‘jaligi tarmog‘i mamlakat iqtisodiyoti uchun juda muhim. Unda amalga oshirayotgan islohotlar o‘zini oqlamoqda. Agrar sohadagi liberalizatsiya, ishlab chiqarishning ortgani, narx-navoda ham hosildorlikda ham o‘sish kuzatilayotgani eksport hajmini oshirib, tarmoqni O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim yo‘nalishiga aylantirmoqda.
Davlat rahbari o‘z fuqarolari islohotlar samarasini his qilishidan manfaatdor. Jahon banki bu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlagan holda ikkita yo‘nalishga urg‘u qaratmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish va umumiy farovonlikni oshirish. Odamlar yaxshi daromadli ish o‘rniga ega bo‘lsa, ularning turmush tarzi ham yaxshilanadi.
Shuni ham aytish kerak, O‘zbekistonda gender tengligi bo‘yicha ham ish olib boryapmiz. O‘zbekistonda juda iqtidorli va ishbilarmon ayollar ko‘p. Ular jamiyatning muhim ishchi kuchiga aylanishi, xususiy tadbirkor sifatida ko‘proq investitsiya olib kirishga intilayotganligini aytish mumkin.
Mehnat bozorida ham xotin-qizlar erkaklar bilan teng ravishda haq olishni ta’minlashga qaratilgan islohotlar bizni xursand qilyapti. Biz bu boradagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Hali qilinadigan ishlar ko‘p. Jumladan, xususiy sektorda biznes muhitini yanada yaxshilash, rivojlantirish muhim. Davlat tasarrufidagi korxonalar, banklarni xususiylashtirish yana bir dolzarb vazifalardan.
Shu kungacha kichik korxonalar xususiylashtirildi. Lekin endi katta-katta quvvatlarni ham xususiylashtirish vaqti keldi deb o‘ylayman. Bizni quvontirayotgani mamlakatdagi islohotlar ijrosiga qat’iy kirishilganidir. Shu kabi ustuvor masalalar bizning dasturimizdan ham o‘rin olgan.
Shahnoza Mamaturopova
O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 09.11.2022
- Ko'rishlar: 4889
- Chop etish