2022 yil 11 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutida “Inson huquq va erkinliklari masalasidagi amaliy va fundametal ilmiy tadqiqotlarni faollashtirishda ilmiy muvofiqlashtirish kengashlarining o‘rnini kuchaytirish” mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Ilmiy muvofiqlashtirish kengashi hamda Davlat va huquq instituti Muvofiqlashtirish kengashi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Yig‘ilishda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Moskva xalqaro munosabatlar davlat instituti (universiteti) olimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov yig‘ilishni ochar ekan, inson huquq va erkinliklari zamonaviy huquqshunoslikning eng asosiy sohalaridan biri ekanligini ta’kidladi.
Ayni sohadagi xalqaro hamkorlik O‘zbekistonda huquqshunoslikni rivojlantirishning yetakchi yo‘nalishlaridan hisoblanadi, deb ta’kidladi akademik A.Sadiov. Keyingi yillarda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi inson huquqlari nazariyasi va amaliyotini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori M.Turg‘unov ushbu ilmiy muassasaning asosiy maqsad va vazifalari haqida so‘z yuritdi. Davlat va huquq institutining O‘zbekiston yuridik fanini takomillashtirish sohasidagi faoliyati xususida qisqacha axborot berdi.
Tadbirda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Moskva xalqaro munosabatlar davlat instituti (universiteti) professori, yuridik fanlar doktori Mark Entin “Inson huquqlari bo‘yicha Yevroosiyo konvensiyasini imzolash: qarshilar va tarafdorlar” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruza tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
M.Entin Moskva xalqaro munosabatlar davlat instituti (universiteti) bitiruvchisi bo‘lib, ko‘p yillar Rossiya Fanlar akademiyasi va Tashqi ishlar vazirligida ishlagan, 2012-2016 yillarda Lyuksemburgda Rossiya elchisi bo‘lgan. Hozirgi vaqtda bir qator ilmiy kengashlarda faoliyat yuritadi, Xalqaro huquq bo‘yicha 600 dan ortiq ilmiy maqola muallifi hisoblanadi.
Yig‘ilishda, shuningdek, Davlat va huquq instituti direktorining o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor A.To‘laganov, ilmiy xodimlar R.Hakimov, R.Nazarov, J.Nematov, Ya.Kvitkov va boshqalar savol hamda mulohazalari bilan ishtirok etdi. Onlayn chiqishlar bilan viloyatlardan vakillar, jumladan, Qoraqalpog‘iston, Termiz, Samarqand, Namangan davlat universitetlari yuridik fakultetlari dekanlari ham qatnashdi.
Tadbir so‘ngida akademik A.Saidov O‘zbekiston va Rossiya olimlari o‘rtasida ilmiy-amaliy hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilganini e’tirof etdi. Ushbu ibratli an’ana bundan keyin ham davom etishiga va o‘zining muhim samaralarini berishiga ishonch bildirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
- Qo'shildi: 11.11.2022
- Ko'rishlar: 5659
- Chop etish