Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

TA’LIMGA SARMOYA KIRITISH MAMLAKAT KELAJAGI UCHUN QO‘YILGAN MUSTAHKAM POYDEVOR HISOBLANADI

15 noyabr kuni Toshkentda YuNESKOning Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish masalalari bo‘yicha butunjahon konferensiyasi (Global forum) o‘z ishini boshladi. Anjuman 2030 yilgacha maktabgacha ta’lim sohasida siyosatni belgilashda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan. Uning ishida YuNESKO Bosh direktori Odri Azule, 150 ga yaqin davlat vazirlari, xalqaro tashkilotlarning rasmiy vakillari ishtirok etmoqda.

Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qatnashdi va ishtirokchilarni qutladi.

— Biz yurtimizda Uchinchi Renessansni barpo etish masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qo‘yib, uni milliy g‘oya darajasiga ko‘tarmoqdamiz. Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni bo‘lg‘usi Renessansning to‘rt uzviy halqasi, deb bilamiz. Bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uyg‘onish davrining to‘rt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz, — dedi davlatimiz rahbari.

O‘zbekiston Prezidenti bu boradagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, maktabgacha yoshdagi bolalarni sifatli ta’lim bilan ta’minlash muammolarini jahon miqyosida samarali hal etish, hamkorlikda tezkor yechimlar va tizimli yondashuvlarni ishlab chiqish maqsadida muntazam ravishda xalqaro konferensiya o‘tkazish taklif etildi.

BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq, ta’lim sohasidagi sa’y-harakatlarni tizimli muvofiqlashtirish maqsadida Toshkent shahrida YuNESKOning mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Kichik yoshdagi bolalar ta’limi bo‘yicha jahon tashkiloti bilan qo‘shma loyiha va tadqiqotlarni olib borish, tarbiyaning yangicha uslublarini qo‘llash va metodik qo‘llanmalarni tayyorlash uchun keng qamrovli dasturni ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Bu yo‘nalishda jahonda to‘plangan ilg‘or tajribalar, zamonaviy interaktiv o‘qitish uslublari, amaliy bilim va ko‘nikmalarni o‘zaro almashish maqsadida Tarbiyachilar xalqaro hamjamiyatini tashkil etish taklif etilmoqda.

BMTning 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan Kelajak sammiti umumiy kun tartibining asosiy mavzularidan biriga yosh bolalarni tarbiyalash va o‘qitish masalasini kiritish muhimligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbarining nutqi xorijlik forum ishtirokchilari va ekspertlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Larisa ShEVChENKO,

YuNESKO shafeligidagi Butunjahon maktabgacha ta’lim tashkiloti OMEP Rossiya qo‘mitasi prezidenti, Moskvadagi “Bolalik olami” xususiy bolalar bog‘chalari tarmog‘i direktori:

— Tashkilotimiz maktabgacha ta’lim sohasidagi loyihalarni ilgari surish va rivojlantirishga ixtisoslashgan. Innovatsion rivojlanish sohasida biz sifat menejmenti tizimi bo‘lgan ISO 2001-2015 aprobatsiya usulini qo‘llaymiz. Bu bizga har qanday loyihani amalda bajarishga yordam beradi, ya’ni zamonaviy ta’lim usullarini tushunarli tilda sinab ko‘ramiz va maktabgacha ta’limda ushbu usuldan foydalanamiz.

Mazkur forum doirasida tashkil etilayotgan ko‘rgazmadagi ishtirokimiz haqida gapiradigan bo‘lsak, bu borada hamkorlar bilan aloqa o‘rnatishni istar edik. O‘zbekistonda hamkasblarimiz ish amaliyotimizga katta qiziqish bildirayotgani, stendimiz bilan astoydil tanishayotgani, biz bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirayotgani bizni behad quvontirmoqda. O‘zbekistonlik hamkorlarimiz bilan birgalikda loyihalardan birini, albatta, amalga oshiramiz, deb o‘ylayman.

Emin AMRULLAEV,

Ozarbayjon fan va ta’lim vaziri:

— Bugun Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan anjuman jahon miqyosida ahamiyatga ega bo‘lib, barcha davlatlar uchun sohaning dolzarb masalalarini muhokama qilish, o‘zaro tajriba almashish uchun qulay maydondir. Fursatdan foydalanib, ushbu forumni yuqori saviyada tashkil etgani uchun O‘zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildiraman. Bunday tadbirlar juda foydali va zarurdir.

Maktabgacha ta’lim umumta’limning asosidir. Ta’limga sarmoya kiritish mamlakat kelajagi uchun qo‘yilgan mustahkam poydevor hisoblanadi. Shu munosabat bilan biz bu yerda bo‘lganimizdan juda mamnunmiz va konferensiya juda ko‘p foydali ma’lumotlarni berishiga umid qilaman.

O‘zbekiston bilan ikki tomonlama aloqalarimiz barcha sohalarda, jumladan, ta’lim sohasida ham muvaffaqiyatli rivojlanib, ko‘lami kengayib bormoqda. Shu o‘rinda Qorabog‘ning Fuzuli viloyatida o‘rta maktab qurishni taklif qilgan (kelgusi yilda foydalanishga topshiriladi) O‘zbekistonga minnatdorlik bildiraman. Bugun O‘zbekistonga safarim doirasida o‘zbekistonlik hamkasbim Baxtiyor Saidov bilan mazmunli uchrashuv o‘tkazdim. Mamlakatlarimiz ikki tomonlama hamkorlikni, jumladan, ta’lim sohasidagi aloqalarni rivojlantirishda katta salohiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Zeyn AL-OBIDIN,

Malayziyaning Negeri-Sembilan shtati qirollik oilasi shahzodasi:

— Avvalo, sizlarni Toshkent shahrida YuNESKOning Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berishga bag‘ishlangan butunjahon konferensiyasi muvaffaqiyatli ochilgani bilan tabriklayman.

O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, bugungi kunda butun dunyoda kichik bolalarga sifatli ta’lim-tarbiya berish borasida qator muammolar mavjud. Ko‘pgina mamlakatlarda 200 millionga yaqin bola maktabgacha ta’limga jalb etilmagani ularning boshlang‘ich ta’lim olish imkoniyatini cheklaydi. Koronavirus pandemiyasi bu sohaga katta salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda ta’lim sohasini, ayniqsa, maktabgacha ta’lim tizimini modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli qadamlarni alohida ta’kidlash joiz. Ixtisoslashtirilgan Maktabgacha ta’lim vazirligini tashkil etish, bog‘chalar faoliyatini zamon talablari asosida tako millashtirish va sonini ko‘paytirish, ta’limning ilg‘or usullarini keng qo‘llash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasidagi aniq chora-tadbirlar e’tiborga molik.

Mazkur chora-tadbirlar natijasida bog‘chalarda ta’lim va tarbiya olayotgan bolalar soni 600 ming nafardan 2 millionga ko‘paygani, ularni qamrab olish darajasi 70 foizga yetgani quvonarlidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning mazkur xalqaro konferensiyani muntazam o‘tkazish, 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan BMTning Kelajak sammiti umumiy kun tartibining asosiy mavzularidan biriga maktabgacha ta’lim masalasini kiritish borasidagi tashabbuslari, ayniqsa, katta ahamiyatga sazovor.

Malayziyaning manfaatdor vazirlik va idoralarini tadbir yakunlari va mamlakatlarimiz o‘rtasida tajriba almashishni kuchaytirish bo‘yicha O‘zbekistonning ilg‘or tajribasi bilan tanishtirish niyatidaman.

Fursatdan foydalanib, ushbu tadbirga taklif etishgani va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildiraman. Mamlakatingiz bizni o‘zgacha samimiylik va nekbinlik bilan qabul qildi, buni men yurtingizning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”dek qabul qildim.

O‘zbekistonga ta’lim sohasidagi islohotlar dasturini amalga oshirishda, jumladan, bolalarning sifatli ta’lim olish huquqini ta’minlashda yanada ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Zamira AZIZXANOVA

“Dunyo” AA

«Yangi O‘zbekiston» gazetasi

Powered by GSpeech