Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

Peteris YUSTUBS: Yoshlarning ovozi hukumatlarga yetib borishi kerak!

Ayni payt Samarqand shahrida “YeI – Markaziy Osiyo o‘zaro bog‘liqligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman doirasida yoshlar forumi davom etyapti. Tadbir tashkilotchilaridan biri - Yevropa Ittifoqining Yaqin Sharq, Osiyo va Okeaniya mintaqasi bo‘yicha direktori Peteris Yustubs ommaviy axborot vositalari vakillariga forumning ahamiyati haqida gapirib berdi.

- bugungi kunda yoshlar nafaqat O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun dunyoda jamiyatning muhim bo‘g‘iniga aylangan. Shuning uchun ham Yevropa Ittifoqi ayni maqsadlardan kelib chiqqan holda yoshlarni ijtimoiy hayotga, siyosiy jarayonga, loyihalar ishlab chiqish va taqdim etishga jalb etishga harakat qilmoqda.

Keyingi yillarda O‘zbekiston ko‘pgina sohalar qatori, yoshlarni jamiyat hayotiga chuqurroq integratsiya qilish borasida ham mintaqa davlatlari orasida juda faollashgan. Ayni payt jadal tus olgan va davom etayotgan bu jarayon YeI mas’ullarining ham e’tiborida. Shu jihatdan bugungi anjuman juda foydali bo‘lishi kutilyapti. Zero, forum qatnashchilari – mintaqadagi eng faol, tashabbuskor yoshlar bu yerga turli sohalarni rivojlantirish, jamiyatdagi eng dolzarb masalalarni tahlil qilish, muammolarni bartaraf etishga qaratilgan takliflari bilan kelishgan. Kun davomidagi muhokamalar natijasida biz ushbu g‘oyalarni yig‘ib olamiz. Saralangan, eng samarali tashabbuslar keyinchalik tegishli ravishda hukumatlar idoralariga taqdim etiladi.

Umuman, biz ushbu tadbirni an’anaviy ravishda o‘tkazib borishga qaror qildik. Shu bilan birga forum shunchaki rasmiyatchilik uchun o‘tkazilmayotganini isbotlash niyatidamiz. Anjuman shiorida qayd etilganidek, tashkilotchilar butun Markaziyo Osiyo yoshlari ovozini birlashtirishni maqsad qilishgan. Yoshlarning foydali ovozi zarur davlat idoralariga yetib borishi kerak.

G‘ayrat Xonnazarov, Doniyor Yoqubov (video) yozib oldi.

O‘zA

Powered by GSpeech