2022 yil 24 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari asosida Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan parlament quyi palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi J.Shirinov axborot berdi.
Ta’kidlanganidek, Asosiy qonun ijtimoiy-siyosiy hayotimizning huquqiy asosi bo‘lib, u ozod va suveren davlatning huquqiy asosini yaratish bilan birga, jamiyatimizning huquqiy taraqqiyotida yangi davrni boshlab berdi. O‘tgan davrda Konstitutsiyamizga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar aholi farovonligini yanada oshirishda, davlat va jamiyatning har tomonlama rivojlanishida va hayotning barcha sohalarini liberallashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xalqimiz bilan bamaslaxat ishlab chiqilgan kelgusi besh yillikning bosh muhim hujjati — Taraqqiyot strategiyasida belgilangan xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zaruratini yuzaga keltirdi.
Shundan kelib chiqib, Konstitutsiyaviy islohotlarni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarning samarali va puxta amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi va mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy jarayonda har bir fuqaroning o‘z fikr-mulohalarini, takliflarini bildirishi uchun barcha qulayliklar yaratib berildi.
Xususan, deputatlar tomonidan hududlarga chiqilgan holda davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda fuqarolar ishtirokida qator uchrashuvlar tashkil etilib, konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish ishlari olib borildi.
Umumxalq muhokamasi davomida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan aholidan hamda fuqarolik jamiyati institutlaridan jami 150 mingdan ortiq taklif va fikr-mulohaza kelib tushgan bo‘lib, ularning katta qismi o‘rganildi va Konstitutsiyaviy qonun loyihasida o‘z aksini topmoqda.
Qonun loyihasi bo‘yicha umumxalq muhokamasi bosqichi tugallangan bo‘lishiga qaramay, fuqarolar hamda keng jamoatchilik tomonidan Konstitutsiyaning turli moddalarini takomillashtirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha shu kungacha 2,5 mingdan ortiq taklif yuborilgan bo‘lib, ayni paytda takliflarning kelishi davom etmoqda hamda ular deputatlar tomonidan har tomonlama o‘rganilmoqda.
Qayd etilganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi mazmun-mohiyatiga ko‘ra, “inson – jamiyat – davlat”, “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan.
Shu bois, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan ezgu g‘oya doirasida Asosiy qonunimizda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomi konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlanmoqda, oila institutini rivojlantirish, ezgu insoniy qadriyatlarimizni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha konstitutsiyaviy asoslar belgilanmoqda.
Bundan tashqari, farzandlarimiz Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida maydonga chiqayotgan bugungi kunda Konstitutsiyamizda yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlash maqsadida yoshlar sohasidagi davlat siyosati, o‘g‘il-qizlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi, ularning huquq va burchlari konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaldagi tizimning samarasini oshirish maqsadida Konstitutsiyaviy qonun loyihasida bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini ishonchli himoya qilish masalalari aks etmoqda, tabiatdagi global o‘zgarishlarni hisobga olib ekologiyaga oid maxsus boblar kiritilmoqda.
Majlisda qayd etilganidek, hozirgi kunda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi quyi palataning mas’ul qo‘mitalari qo‘shma yig‘ilishi, siyosiy partiyalar fraksiyalari yig‘ilishlarida ham muhokamalardan o‘tkazilib, puxta-pishiq holatga keltirilyapti. Shu bilan birga, mutaxassislar, ekspertlar, jamoatchilik, OAV vakillari ishtirokida mas’ul qo‘mitalarning ko‘plab majlislari o‘tkazilyapti. Xususan, takliflari dolzarb ahamiyat kasb etgan mualliflar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularning bergan taklifi bevosita o‘zining ishtirokida muhokama etilmoqda. Uzoq hududlarda joylashgan taklif egalari bilan masofadan turib onlayn ishlar olib borilayotir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev joriy yil 6 oktyabr kuni Sirdaryo viloyati faollari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Konstitutsiyaviy qonun loyihasini ishlab chiqishda aholidan kelib tushgan takliflarni to‘liq aks ettirish muhimligini ta’kidlagan edi. Shundan kelib chiqib, Qonunchilik palatasining mas’ul qo‘mitalari tomonidan mukammal, xalqchil, odamlarning dardiga kafolat bo‘la oladigan konstitutsiyani yaratish, xalqimiz tomonidan berilgan takliflarni konstitutsiya normalarida aks ettirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Majlisda deputatlar Konstitutsiyaviy komissiya va mas’ul qo‘mitalar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni e’tirof etgan holda, xalqimiz asoslantirilgan, o‘ylab tahlil qilishga majbur qiladigan ko‘plab takliflarni berayotgani va bunday takliflarni e’tiborsiz qoldirish yoki ularga yuzaki yondashish mumkin emasligini aytib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirishga doir ishlarni davom ettirish taklifini ilgari surdi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlarni Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy va ma’muriy islohotlarning, shu jumladan davlat hokimiyati va boshqaruvi oliy organlarining vakolatlarini aniqlashtirish, shuningdek ularning o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini optimallashtirishga qaratilgan vazifalari bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlashni maqsadga muvofiq, deb topishdi.
Shuningdek, mas’ul qo‘mitalar oldiga davlat xizmatini yanada demokratlashtirish va ochiqligini ta’minlash, mamlakatda amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar bilan hamohang ravishda davlat hokimiyati organlarini optimallashtirish va modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarining konstitutsiyaviy kafolatlarini yanada mustahkamlash, jamoatchilik, parlament va deputat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish, inson sha’ni va qadr-qimmati birinchi o‘rinda turadigan ijtimoiy davlat tamoyilini ro‘yobga chiqarishning konstitutsiyaviy mexanizmlarini kuchaytirish va boshqa muhim masalalarga qaratilgan konstitutsiyaviy normalarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganishni tashkil etish, davlat va jamiyat qurilishining samarali konstitutsiyaviy asoslarini yaratish bo‘yicha eng yaxshi tajribani amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish choralarini ko‘rish, konstitutsiyaviy islohotlarning dolzarb masalalarini muhokama qilish, uning asosiy vazifalari va konstitutsiyaviy yangiliklarni mohiyati va ahamiyatini tushuntirish bo‘yicha mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda mamlakatimizda va chet ellarda qator tadbirlar tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Majlis yakunida Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirishga doir ishlarni davom ettirish haqida tegishli qaror qabul qilindi hamda mas’ul qo‘mitalar oldidagi vazifalar belgilab berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 25.11.2022
- Ko'rishlar: 5189
- Chop etish