Hozirgi murakkab sharoitda jinoyatchilik masalasi ko‘p qirrali hamkorlikni taqozo etadigan dolzarb muammoga aylandi. Shu ma’noda, keyingi yillarda mamlakatimiz milliy tajribasida jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha samarali tizim yaratilgani muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 2022 yil 25 noyabr kuni Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida “Jinoyatchilikka qarshi kurashishning dolzarb muammolari: nazariya va amaliyot” mavzuida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada so‘zlagan nutqida shunday deb ta’kidladi.
– Ayniqsa, O‘zbekistonning global barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan qat’iy tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan ham alohida e’tirof etilmoqda, – A.Saidov. – Bugungi ilmiy-amaliy konferensiya shunisi bilan ahamiyatliki, unda jinoyatchilikka qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish, ayni jarayonda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirish orqali jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida muhim tavsiyalar bildirildi.
Ilmiy-amaliy konferensiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati vakillari, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining (UNODC) Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi ekspertlari, qator vazirlik va idoralar mutasaddilari, shuningdek, onlayn formatda Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Belarus, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston yetakchi ta’lim muassasalaridan mutaxassislar ishtirok etdi.
Konferensiya ishini IIV Akademiyasi rahbari Rustam Xatamov ochib, global va mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgan xavf-xatarlar, barqaror rivojlanish va jinoyatchilikka qarshi kurashishda ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash masalalari, bu borada O‘zbekiston milliy strategiyasining ustuvor jihatlariga atroflicha to‘xtaldi.
Konferensiyada BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyoda odam savdosi va migrantlar kontrabandasiga qarshi kurashish bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi Reda Sirgediene, Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov va boshqalar so‘z olib, anjumanning muhim yo‘nalishlariga e’tibor qaratdi.
Shundan so‘ng mahalliy va xalqaro ekspertlarning “Zamonaviy O‘zbekiston jinoyat qonunchiligini takomillashtirishning dolzarb yo‘nalishlari”, “BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining odam savdosi va migrantlar kontrabandasiga qarshi kurashish bo‘yicha tashabbuslari”, “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashishning muammo va yechimlari”, “Kiberjinoyatlarni tergov qilish metodikasini takomillashtirish masalalari”, “Jinoyatchilikka qarshi kurashishning yangi vektorlari”, “Raqamlashtirish davrida jinoiy siyosatning asosiy tendensiyalari” mavzuidagi ma’ruzalari tinglandi.
Kunning ikkinchi yarmida konferensiya ishi belgilangan mavzular bo‘yicha alohida sho‘balar ko‘rinishida davom ettirildi. Munozaralar jarayonida jinoyatchilikka qarshi kurashishning nazariy va amaliy jihatlari, xususan, yangi ko‘rinishdagi tahdidlarning oldini olishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish, sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirish, bu borada ayrim davlatlar milliy qonunchiligining o‘ziga xos xususiyatlari, ta’lim sohasida tajriba almashinuvini kengaytirishda istiqboldagi asosiy yo‘nalishlar yuzasidan batafsil fikr almashildi.
Mazkur sohadagi muammolarning ilmiy-amaliy yechimlariga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqildi. Ishtirokchilar konferensiya yakunlariga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar to‘plamini chop etishga kelishib oldilar.
Xalqaro konferensiya doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 28.11.2022
- Ko'rishlar: 5862
- Chop etish