Qonun ustuvorligi va odil sudlov: ularni samarali ta’minlash masalalari

So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, eng avvalo, xalqimiz hayot darajasining yuksalishiga, xorijiy investitsiyalarning keng jalb etilishiga va ilg‘or texnologiyalar hamda yangi g‘oyalarning kirib kelishiga xizmat qilib, mamlakatimizning xalqaro maydondagi imijining oshishiga olib keladi.

Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan joriy yilning 29 noyabr kuni 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning 16.3-vazifasi (Qonun ustuvorligiga ko‘maklashish hamda barcha uchun odil sudlovdan foydalanish bo‘yicha teng imkoniyatlarni ta’minlash) ijrosi doirasida «Odil sudlovni samarali ta’minlash» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Ta’kidlanganidek, davra suhbatidan ko‘zlangan asosiy maqsad ham mazkur yo‘nalishda mas’ullar tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan jamoatchilikni yaqindan tanishtirish, birgalikda ochiq muhokama qilish, mavjud fikrlarni o‘rtaga tashlash, shuningdek, oldinda turgan muhim vazifalarni belgilab olish, eng asosiysi, yuzaga kelayotgan muammolarni birgalikda bartaraf etishdan iborat.

Mavzu yuzasidan so‘zga chiqqan Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya, Ichki ishlar, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirliklari hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berib o‘tishdi.

Qayd etilishicha, barqaror rivojlanish maqsadlari xalqimizning farovonligi, davlatimizning rivojlanishi uchun harakat rejasi bo‘lib, u dunyo tinchligini mustahkamlash, qashshoqlikni barcha shakl va ko‘rinishlariga barham berishga qaratilgan.

Shu bois dunyoning boshqa davlatlari kabi O‘zbekiston ham ushbu kun tartibiga qo‘shilgan va Barqaror rivojlanish maqsadlarini milliy miqyosda amalga oshirish majburiyatini olgan. Bu borada Parlament komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, parlament nazorati o‘rnatilgan.

Tadbirda bildirilgan fikrlardan kelib chiqib, mas’ul vazirlik va idoralar asosiy e’tiborini ushbu ko‘rsatkichlarga erishishga qaratishi alohida aytib o‘tildi.

Tadbir yakunida mazkur yo‘nalishdagi ishlarning izchilligini ta’minlash hamda samaradorligini oshirish maqsadida bir qator tavsiyalar ham berib o‘tildi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

 

Powered by GSpeech