Yaroslavl shahrida "Peterburg muloqoti" forumining "Fuqarolik jamiyati" ishchi guruhi homiyligidagi “XXI asrda insonparvarlik: inson huquq va erkinliklarining asosi sifatida” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensaloqa shaklidagi mazkur tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov ishtirok etdi va ma’ruza qildi.
Qayd etilganidek, dunyodagi barcha sivilizatsiyalar, madaniyat va dinlar inson huquqlari to‘g‘risidagi tayanch tushunchalarning shakllanishiga asos bo‘lgan insonparvarlik g‘oyalari ta’sirida vujudga kelgan. Xususan, bundan 2700 yil muqaddam Osiyo hududida yaratilgan eng ko‘hna yozma yodgorlik —“Avesto” kitobida inson huquq va erkinliklari, millatlararo munosabatlarni o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillari negizida barpo etish g‘oyalari muhim o‘rin tutadi.
Shuningdek, Sharqning buyuk huquqshunoslaridan biri Burhoniddin Marg‘inoniy XII asrdayoq o‘zining “Hidoya” asarida har bir insonning haq-huquqini saqlash zarurligi to‘g‘risida muhim g‘oyani ilgari surgan edi. Ana shu muqaddas qadriyatlar bugun ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan va mazkur tadbir kun tartibiga hamohangdir.
Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov o‘z so‘zida bundan 74 yil avval qabul qilingan Butunjahon inson huquqlari deklaratsiyasi butun dunyoda demokratiya va insonparvarlik tamoyillarini qaror toptirish borasida yangi imkoniyatlar ochganligini qayd etdi.
Mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilganligi, parlament vakolatlari sezilarli darajada kengayib, jamoatchilik nazorati institutlari mustahkamlanganligi va fuqarolik jamiyati institutlari faol rivojlanayotganligini bildirdi.
Tadbirda shuningdek, keyingi yillarda inson huquqlari sohasidagi xalqaro tuzilmalar bilan yaqin sheriklik kengaygani, huquqni himoya qilish borasida hukumatga qarashli bo‘lmagan tashkilotlar bilan amaliy muloqot yo‘lga qo‘yilgani va bu muhim ishlar qat’iy davom ettirilayotgani alohida ta’kidlandi.
A.Saidov so‘zining yakunida tadbirning barcha ishtirokchilari va mehmonlariga samarali faoliyat olib borishini tilab, ularni joriy yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Global forumga taklif qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 30.11.2022
- Ko'rishlar: 4701
- Chop etish