Milliy markazda BMT Xavfsizlik kengashi Aksilterror qo‘mitasi ekspertlari bilan uchrashuv bo‘ldi

2022 yil 30 noyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov BMT Xavfsizlik kengashi Aksilterror qo‘mitasining Yevropa, Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i Ahmed Essmat Seyf El-Davla Abbos boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Uchrashuvda delegatsiya a’zolari – BMT Xavfsizlik kengashi Aksilterror qo‘mitasining huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Endryu Begg, MDH Aksilterror markazi Departamenti rahbarining o‘rinbosari Anton Arefev, YeXHTning terrorizmga qarshi kurash masalalari bo‘yicha katta huquqiy maslahatchisi Manuel Ayzing, BMT Aksilterror boshqarmasining siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Diana Digol, BMT Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi jinoyatchilikning oldini olish va odil sudlov masalalari bo‘yicha maslahatchisi Madina Sarieva ishtirok etdi.

A.Saidov mamlakatimizda inson huquqlari masalalariga katta e’tibor berilayotgani Prezident Shavkat Mirziyoevning Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida ilgari surgan “Inson qadri uchun” tamoyili bilan o‘zaro uyg‘un va hamohang ekaniga e’tiborni qaratdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida bugungi kunda Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlash sohasida ham samarali hamkorlik olib borilayotgani haqida so‘z yuritar ekan, BMTning Global aksilterror strategiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini e’tirof etgani bejiz emas.

O‘zbekiston BMTning Global aksilterror strategiyasini qo‘llab-quvvatlagan holda, terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha 14 ta xalqaro konvensiya hamda protokolni ratifikatsiya qilgan. Bundan tashqari, mamlakatimizda “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”, “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Eng asosiysi, “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”dagi oltinchi ustuvor yo‘nalish “Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish” deb nomlangan. Ushbu ustuvor yo‘nalishning “Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini shakllantirish” sarlavhali 82-maqsadida belgilangan amaliy chora-tadbirlar bu borada kelgusida yangi natijalarga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘z navbatida,  BMT Xavfsizlik kengashi Aksilterror qo‘mitasi ekspertlari delegatsiyasining rahbari samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, terrorizm kabi umumbashariy muammolarga qarshi kurashishda milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yondashuvning aslida ham juda muhimligini tasdiqladi. Jumladan,  “Milliy xavfsizlik va inson huquqlari – uyg‘un tushunchalardir”, deb ta’kidladi Ahmed Essmat Seyf El-Davla Abbos.

Samimiy va ishonchli muloqotlar davomida O‘zbekistonning terrorizmga qarshi kurashga oid navbatdagi xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilishi, “terrorizm” tushunchasiga har tomonlama asosli huquqiy ta’rif berish, milliy qonunchilikni sohaga oid xalqaro huquq normalari bilan uyg‘unlashtirish, terrorizmga qarshi kurashning milliy institutsional asoslarini mustahamlash, sohadagi faoliyat yuzasidan ta’limni rivojlantirish va monitoring ishlarini takomillashtirish,  terrorizmga qarshi kurash borasida davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech