Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

O‘zbekistonning yutuqlaridan biz ham quvonamiz

E’tirof

O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining siyosiy irodasi, yuksak ishonchi va sa’y-harakatlari bilan davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalar barcha sohada izchil rivojlanib, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari yuqori darajaga ko‘tarilib bormoqda.

Buning natijasida o‘zaro bordi-keldilar ko‘paydi, birgalikda qator loyihalar amalga oshirilib, ikki mamlakat zaminida tashkil etilayotgan madaniyat va san’at anjumanlari, turli forumlar, ko‘rgazma hamda festivallarda tomonlarning ishtiroki an’anaga aylandi. Bundan xalqlarimiz behad mamnun.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti, Millat peshvosi hurmatli Emomali Rahmon ikki mamlakat o‘rtasida yaratilgan mana shunday ishonch va do‘stlik muhiti haqida to‘xtalib, jumladan, “Ilgari to‘planib qolgan muammolar shunday qisqa muddatda hal etilishini tasavvur qilib bo‘larmidi?! Bunga xalqaro tashkilotlar ham ishonmagan edi. Bugun davlatlarimiz o‘rtasida hal bo‘lmagan masala qolmadi, o‘zaro ishonch paydo bo‘ldi. Bunday munosabatlarning tashabbuskori va arxitektori hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev”, degan edi.

Men shu o‘rinda O‘zbekiston Prezidenti, hurmatli Shavkat Mirziyoyevning ikki el do‘stligi haqidagi juda go‘zal ta’rifini ham yodga olgan bo‘lardim:

“O‘zbek va tojik xalqi bir daraxtning ikki shoxi, bir daryoning ikki irmog‘iga qiyosdir. Bizning dinimiz, yerimiz va suvimiz bir. Bir maqsad yo‘lida birlashgan holda, quvonchu shodligimizda ham, qayg‘umizda ham doimo birgamiz.

Ajdodlar an’anasiga sodiq qolgan holda, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlamog‘imiz darkor”, deya ta’kidlagan edi Shavkat Miromonovich.

Darhaqiqat, O‘zbekiston va Tojikiston ikki mustaqil mamlakat sifatida turli chegara hududiga ega bo‘lishiga qaramay, azaldan ularni bog‘lab turuvchi umumiy jihatlar ko‘p.

O‘zbekistonning so‘nggi 5-6 yil mobaynida barcha sohada erishayotgan yutuqlarini alohida e’tirof etish lozim. Albatta, eng yaqin qo‘shnilardan biri o‘laroq, qo‘lga kiritilayotgan har bir muvaffaqiyatingizdan biz ham chin dildan quvonamiz.

Erishilayotgan yuksak marralar, shu jumladan, ta’lim, madaniyat sohalarida salmoqli ekani alohida diqqatga sazovor. Biz Toshkent shahrida yuksak darajada tashkil etilgan Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumi doirasida ana shu natijalar haqida ham yanada keng ma’lumotga ega bo‘lmoqdamiz.

Shu o‘rinda e’tiborimni tortgan ayrim jihatlarga to‘xtalmoqchiman. Ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi 6 yilda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida ilmiy salohiyat 32,7 foizdan 39,3 foizga yetkazilibdi. Bu juda yaxshi ko‘rsatkich.

37 ta oliy ta’lim dargohiga akademik va moliyaviy mustaqillik berilibdi. Bu shuni anglatadiki, ushbu oliy ta’lim muassasalari moddiy-texnika bazani mustahkamlash, kontrakt asosidagi qabul parametrlarini mustaqil hal etish imkoniyatiga ega. O‘quv rejalari va dasturlarini mustaqil ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi joriy etilgani ham diqqatga sazovor.

Ehtiyojmand oilalarning farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat granti ajratish tizimi joriy qilingani aholiga ko‘rsatilayotgan katta e’tibor ifodasidir.

Men o‘zbek ijodkorlarining iqtidori, salohiyatini alohida e’tirof etgan bo‘lardim. Yurtingiz vakillari maqom, baxshichilik, opera va balet, milliy qo‘shiqchilik, ijro san’ati, tasviriy va amaliy san’at, milliy raqs va boshqa yo‘nalishlarda jahon sahnalarida barchani lol qoldirib kelmoqda. Shubhasiz, bu kabi yutuq va natijalar Prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlarining mevasidir.

Forum doirasida Toshkent shahrida MDH yosh olimlarining “Debyutlar hamdo‘stligi” xalqaro mukofotini topshirish marosimi o‘tkazilgani ham muhim ahamiyatga ega.

Zero, MDHga a’zo davlatlarda yoshlar ijodini qo‘llab-quvvatlash, MDH yoshlari o‘rtasida madaniyat, san’at, fan, ta’lim sohasida ijodiy aloqa va hamkorlikni rivojlantirish, intiluvchan mualliflar, ijrochilar, yosh olimlarning kasbiy o‘sishiga ko‘maklashish maqsadida ta’sis etilgan ushbu tanlovda O‘zbekiston doimo maqtovga arzigulik natijalar ko‘rsatib kelmoqda.

Tojikistonda O‘zbekiston madaniyatiga, o‘zbek milliy san’at turlariga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishi an’anaga aylandi. Bu tadbirlar ikki qardosh millatning o‘zaro madaniy aloqalarini mustahkamlashda katta ahamiyatga ega. Qolaversa, O‘zbekistonda ham Tojikiston madaniyati va san’ati, adabiyotiga doir anjumanlar, musiqiy dasturlar tashkil etilayotgani do‘stlik va birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Umuman aytganda, bugungi shiddatli zamonda O‘zbekiston o‘zining yangilikka intilishi, qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlashdagi tashabbuslari, madaniy-ma’rifiy sohalardagi yutuqlari bilan har qanday e’tirofga sazovor.

Dostizoda MIRALI,

Tojikiston milliy konservatoriyasi 

rektori, Tojikiston xalq artisti.

O‘zA

Powered by GSpeech