“Sudyalar kengashi faoliyatining rahbariy tamoyillari” loyihasi bo‘yicha xalqaro maslahatlashuv o‘tkazildi

2022 yil 16 dekabr kuni Toshkent shahrida “Sudyalar kengashi faoliyatining rahbariy tamoyillari” loyihasi va konsepsiyasining muhokamasiga bag‘ishlangan xalqaro maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, shuningdek, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi hamda YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Xalqaro maslahatlashuvning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi Direktori Matteo Mekachchi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov so‘zga chiqdi.

A.Saidov “Sudyalar kengashi faoliyatining rahbariy tamoyillari”ni ishlab chiqish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surilganini ta’kidladi. O‘tgan davrda shu asosda O‘zbekiston tomonidan “Sudyalar kengashi faoliyatining rahbariy tamoyillari” loyihasi va konsepsiyasi ishlab chiqildi.

Ushbu rahbariy tamoyillarning asosiy maqsadi sud kadrlarini tanlash, qayta tayyorlash, ularni tayinlash va martabasini oshirish, sud organlari va sudyalar faoliyatini moddiy-moliyaviy jihatdan ta’minlash bilan shug‘ullanadigan ixtisoslashtirilgan milliy organlar faoliyati yagona huquqiy asoslarini yaratishdir. Bu, o‘z navbatida, sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, mazkur tamoyillar odil sudlov samaradorligini yuksaltirishda muhim o‘rin tutadi. Qolaversa, sud tizimining qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish borasidagi rolini oshirishga yordam beradi.

 “Sudyalar kengashi faoliyatining rahbariy tamoyillari” loyihasi va konsepsiyasini ishlab chiqishda tegishli davlat organlarining fikr-mulohazalari inobatga olindi. Bundan tashqari, bir qancha xalqaro tashkilotlar va xorijiy ekspertlarning ushbu hujjat loyihasi yuzasidan bildirgan taklif-tavsiyalari asosida loyiha yanada takomillashtirildi.

Ayniqsa, BMT Inson huquqlari kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha sobiq maxsus ma’ruzachisi, xalqaro ekspert Diego Garsiya-Sayan tomonidan joriy yil sentyabr oyida berilgan taklif hamda xulosalar ushbu rahbariy tamoyillar matnida o‘z aksini topdi. YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining shu yil mart oyida taqdim etgan tavsiya va xulosalari ham mazkur hujjatni maromiga yetkazishda alohida ahamiyat kasb etdi.

Xalqaro maslahatlashuvda “Sudyalar kengashi faoliyatining rahbariy tamoyillari” loyihasi va konsepsiyasi YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi taqdim etgan tavsiyalar doirasida atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir tashkilotchilari tomonidan ushbu loyiha va konsepiyani ishlab chiqish jarayonlarida amaliy taklif va tavsiyalari bilan faol ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar, xorijiy hamda milliy ekspertlarga minnatdorchilik bildirildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI SUDYALAR OLIY KENGASHI

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

Powered by GSpeech