Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

MUROJAATNOMA MAMLAKATNI ISTIQBOLDA YANADA RIVOJLANTIRISHNING AMALIY DASTURIDIR

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim voqea bo‘ldi. An’anaga aylangan ushbu tadbirda poyoniga yetayotgan yildagi asosiy ko‘rsatkichlar, 2023 yilga mo‘ljallangan maqsad va vazifalar bayon etildi.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan taqdim qilingan dasturulamal hujjat nafaqat mamlakatimiz keng jamoatchiligi, balki xorijiy davlatlar akademik-ekspert doiralari, diplomatik korpus vakillari orasida ham o‘z aks-sadosini berdi.

Husayn GULIEV,

Ozarbayjon elchisi:

— Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnoma chuqur tahlil xususiyatiga ega ekani bilan ajralib turdi. O‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va istiqboldagi rejalar atroflicha bayon etildi.

Davlat rahbari aniq va tushunarli harakatlar algoritmini e’lon qildi. O‘zbekiston Prezidentining Murojaatnomasini tinglab menda hech qanday savol qolmadi. Chunki unda mamlakat hayotining barcha jabhalari qamrab olingan, mavjud vaziyatga oqilona baho berilgan.

Shuningdek, Murojaatnoma xalqni rozi qilishga bo‘lgan azmi qaror mujassamligi bilan ham yuksak e’tiborga molikdir.

Abdujabbor RAHMONZODA,

Tojikiston elchisi:

—Davlat rahbarining Murojaat nomasi dasturiy nutq bo‘ldi. U Yangi O‘zbekistonni yanada rivojlantirishga juda e’tibor qaratdi va bu bo‘yicha aniq takliflarni ilgari surdi.

2023 yil “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb e’lon qilindi. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Prezidenti va hukumati so‘nggi yillarda mamlakatda ta’lim sifatini oshirishga jiddiy e’tibor qaratmoqda. O‘ylaymanki, kelgusi yilda ta’lim tizimida yanada jiddiy islohotlar hayotga tatbiq etiladi.

O‘zbekiston yetakchisi maktabgacha ta’limni rivojlantirish maqsadida alohida vazirlik tashkil qildi, jajji bolajonlarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olish darajasini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdi. O‘zbekiston bu yo‘nalishdagi mavjud muammolarga yechim topdi. Bugungi kunda 74 foizdan ortiq bola maktabgacha ta’lim muassasalariga borish imkoniyatiga ega. Bu yo‘nalishda mamlakatingiz Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi o‘rinni egallamoqda.

Murojaatnomada yangi maktablar qurish, ta’lim tizimi islohotlarini davom ettirish va o‘qituvchilar mavqeini hamda rolini oshirish bo‘yicha ham muhim tashabbuslar bildirildi. Prezident o‘qituvchilar obro‘sini yuksaltirish bo‘yicha mamlakat qonunchiligiga o‘zgartishlar kiritish maqsadlarini ham ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasini tubdan isloh qilish orqali keyingi ikki, uch yil davomida ushbu jabhani o‘ta rivojlangan va aholiga yuqori darajada xizmat ko‘rsatadigan tizimga aylantirish vazifalarini sanab o‘tdi. Murojaatnomada, shuningdek, sanoat, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, kimyo sohalariga  alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston yetakchisi energetika sohasini yanada rivojlantirish, yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalarni sanab o‘tdi. Tarmoqdagi mavjud muammolarning oldini olish uchun tizimli tahlil taqdim etilgani barobarida mamlakat hukumati oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.

Murojaatnomada qishloq xo‘jaligi sohasiga ham katta e’tibor qaratildi, amalga oshirilishi kerak bo‘lgan o‘zgarishlar yuzasidan aniq takliflar bildirildi. O‘ylaymanki, ushbu takliflar va sohada amalga oshiriladigan o‘zgarishlar dehqonlarga katta imkoniyatlar yaratib, ularning faoliyatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Eng muhim jihati shundaki, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekanini aytdi, ijtimoiy muammolarni hal etish choralari bo‘yicha bir necha muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Murojaatnomada bildirilgan barcha muhim tashabbuslar O‘zbekiston xalqining hayotini yanada yaxshilashga va mamlakatning rivojlangan davlatlar safiga qo‘shilishiga xizmat qiladi, deb hisoblayman.

Daniel Kristian CHOBANU,

 Ruminiya elchisi:  

— Ushbu muhim tadbirda ishtirok etganimdan juda xursandman. O‘zbekiston Prezidentining yangi tashabbuslarini eshitish biz uchun katta sharaf bo‘ldi.

O‘zbekistonda islohotlar davom etayotgani va faollashayotganini alohida ta’kidlashni istar edim. Ruminiya davlatingiz rahbari yetakchiligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar jarayonini yuksak qadrlaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’muriy hokimiyatni isloh qilish masalalariga katta e’tibor qaratdi. Bu juda muhim jihat. Davlat rahbari, shuningdek, ta’lim sohasini rivojlantirish rejalari bilan ham o‘rtoqlashdi.

Ruminiya bu tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab­quvvatlashga tayyor. Biz iqtisodiy sohada ham aloqalarni rivojlantirishga hozirmiz.

O‘zbekiston Prezidenti xorijiy sarmoyalarni jalb etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Shuni ta’kidlashni istardimki, joriy yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan beri eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi.

Rahel BYOSh,

Shveysariyaning O‘zbekistondagi diplomatiya missiyasi rahbarining o‘rinbosari:

— O‘zbekiston Prezidenti Murojaatnomasida davlat va xalq hayotini yanada yaxshilash bo‘yicha juda dolzarb taklif va maqsadlar o‘z ifodasini topdi. Xususan, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul tushlik bilan ta’minlash vazifalariga e’tibor qaratilgani menga juda maqbul bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish, ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ularning ta’lim olishi, bandligini ta’minlash bo‘yicha istiqboldagi chora­tadbirlar ham alohida ta’kid landi.

Nurlan JUMALIEV,

Qirg‘iziston elchixonasi maslahatchisi:

Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan Murojaatnoma sermazmun va qizg‘in fikr­mulohazalarga boy bo‘ldi. Murojaatnoma 2023 yilda O‘zbekistonda hayotga tatbiq etilayotgan islohotlarning navbatdagi bosqichi uchun mukammal dastur bo‘lib xizmat qiladi. Unda davlat rahbari kelgusi yilda amalga oshiriladigan maqsad va vazifalarni aniq­ravshan belgilab berdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyat, mintaqa davlatlari bilan yaqin qo‘shnichilik, birodarlik aloqalarini yanada mustahkamlash va kengaytirish bo‘yicha muhim takliflarni ilgari surdi. Bu, o‘z navbatida, mintaqada tinchlik va aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi, deb hisoblayman. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tashqi siyosati juda muhim ahamiyatga ega. Chunki davlatlarimizning bir­biri bilan o‘zaro bog‘liqligi mintaqa barqarorligini ta’minlaydi.

Murojaatnomada, shuningdek, davlat tashkilotlari oddiy odamlarga yanada katta e’tibor qaratishi kerakligiga alohida urg‘u berildi. Ma’muriy islohotlarni amalga oshirish va vazirliklarning o‘z faoliyatini aholi orasiga kirib, oddiy odamlarning manfaatlaridan kelib chiqib tashkil etishi zarurligi singari qator tashabbuslar ham katta taassurot uyg‘otdi.

Nina LINDE,

Latviya Fanlar akademiyasi Iqtisodiyot instituti direktori:

— Murojaatnoma O‘zbekistonda 2022 yildagi asosiy siyosiy voqealardan biri bo‘ldi. Davlat rahbari o‘zining dasturulamal ma’ruzasida o‘tayotgan yil yakunlarini sarhisob qilib, davlatni yanada barqaror rivojlantirish, xalq farovonligini yuksaltirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi o‘ta dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

O‘zbekiston tarixiy ahamiyatga molik keng ko‘lamli islohotlarni ishonch bilan davom ettirmoqda. 2023 yilning “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilinishi olti yil avval O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan boshlangan davlat va jamiyatni har tomonlama yangilash bo‘yicha hayotga tatbiq etilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Yangilanishlar jarayo­ nining pirovard maqsadi O‘zbekistonning jahon miqyosidagi mavqeini yanada yuksaltirishga qaratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar izchilligini, jamiyatda har bir inson manfaatlari himoyasini ta’minlashning beqiyos ahamiyatini yana bir bor ifoda etdi.

Antuan KOLONNA,

“Spectacle du Monde” jurnali bosh muharriri (Fransiya):

— An’anaga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev har yili mamlakat parlamenti va xalqiga Murojaatnoma yo‘llab, ushbu dasturulamal hujjatda o‘tgan yil yakunlarini sarhisob qildi, yaqin istiqboldagi taraqqiyotning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Navbatdagi Murojaatnomada ilgari surilgan quyidagi asosiy fikrlar e’tiborimni tortdi.

Birinchidan, 2023 yilni “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilish taklif etildi. Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini mustahkamlash borasida izchil ishlar amalga oshirildi. Mamlakatda inson sha’ni va qadr­qimmati hamma narsadan ustun ko‘rilmoqda. Xalq bilan bevosita muloqot yo‘lga qo‘yildi. Bularning barchasi Yangi O‘zbekistonda inson omiliga ustuvor ahamiyat qaratilayotganidan dalolat beradi.

Ikkinchidan, davlat rahbari pandemiya va global siyosiy­iqtisodiy mavhumlik sharoitiga qaramasdan, O‘zbekistonda erishilayotgan barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’kidladi. Respublika yalpi ichki mahsuloti hajmi birinchi marta 80 milliard dollardan oshdi va 2018 yilga nisbatan 1,5 barobardan ortiq miqdorda o‘sdi. Joriy yil boshidan buyon to‘g‘ridan­to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 8 milliard dollarga yetdi. Uchinchidan, rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, yirik shaharlar iqtisodiy taraqqiyotning lokomotivi va “o‘sish nuqtalari”dir. Mamlakatda nafaqat mintaqa, balki jahon miqyosida mashhur va tarixiy shaharlar mavjud. Xususan, eng qadimiy shaharlardan biri, Temuriylar davlati poytaxti Samarqand bugun xalqaro sayyohlik va ishbilarmonlik markazi maqomini oldi. Davlat rahbari sayyohlik salohiyatini uch million turistga yetkazish rejalashtirilayotgan shaharni respublika miqyosidagi ma’muriy birlikka aylantirishni taklif qildi.

Umuman olganda, yangi Murojaatnomaning taqdim qilingani mamlakatni modernizatsiya qilishning muhim bosqichini anglatadi. Zero, Markaziy Osiyoning asosiy davlati bo‘lgan O‘zbekistonda so‘nggi yillarda siyosat, iqtisodiyot, madaniyat va boshqa sohalarda ulkan o‘zgarishlar, tub islohotlar amalga oshirildi.

Mehmet Seyfitdin EROL,

 Anqara Inqiroz va siyosiy tadqiqotlar markazi — “ANKASAM” direktori, professor (Turkiya):

— O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakat Oliy Majlisi va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi menda katta taassurot qoldirdi. Shu o‘rinda qo‘l boshqaruvidan tizimli boshqaruvga o‘tish vaqti kelgani haqidagi fikrlarni alohida ta’kidlamoqchiman. Avvalgi sinovlarga boy, global pandemiya davrida o‘z­o‘zidan “qo‘l boshqaruvi” o‘rnatilgan edi va bu ham o‘z samarasini berdi. Endi esa O‘zbekiston o‘z taraqqiyotini davom ettirish yo‘lida yangi bosqichga kirar ekan, tizimli boshqaruvni kuchaytirish ayni muddaodir.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 tagacha kamaytirilishi, davlat xizmatchilari soni ham bosqichma­bosqich 25­30 foizgacha qisqartirilishi haqidagi takliflarini quyidagicha baholash mumkin: islohotlarning ilk yillarida haqiqatan ham har bir sohaga yo‘l ko‘rsatish, poydevorni qo‘yib olish uchun alohida idoralar tajribasi ish berdi, endi esa ixcham tizimga o‘tish vaqti keldi. Bu jarayon O‘zbekiston davlat qurilishini takomillashtirishda ijobiy natijalarga olib keladi.

Murojaatnomaning yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, u davlat tizimida mavjud kamchiliklarni tanqidiy tahlil qilish va ularni bartaraf etishning aniq­ravshan yo‘llarini ishlab chiqishga asoslangandir.

Murojaatnomada oldingi yillarda bo‘lgani kabi bu gal ham tashqi siyosat masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. O‘zbekiston rahbari tomonidan pragmatik va muvozanatli tashqi siyosat yuritish, shuningdek, o‘zaro yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikni yanada mustahkamlash hamda dunyoning barcha mintaqalaridagi sheriklar bilan o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali aloqalarni kengaytirish bo‘yicha tanlangan yo‘nalish o‘zgarmasligi yana bir bor ta’kidlandi.

Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomani uning mazmuni va mohiyatidan kelib chiqqan holda kelgusi davrda mamlakatni yanada rivojlantirishning “amaliy dasturidir” deb baholash mumkin.

“Dunyo” AA

Powered by GSpeech