INSON QADRI ULUG‘, XALQ MANFAATLARI USTUVOR

O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida 2017 yilda boshlangan, insonparvar va demokratik huquqiy davlat – Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar bugungi kunda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi asosida izchil davom ettirilmoqda. Islohotlar markazida, eng avvalo, inson qadrini yuksaltirish, aholining turmush farovonligini oshirish, xalqimizni rozi qilishdek oliy maqsad mujassam.

2022 yil 20 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan Murojaatnomada ushbu ustuvor maqsad yana bir bor ta’kidlandi. Joriy 2023 yilga yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deya nom berildi.

“Biz O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlashni ustuvor vazifa etib belgiladik. Bu siyosat bir yil bilan cheklanib qolmasligi, doimo bardavom bo‘lishi barchamizga ayon. Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sog‘lig‘i joyida bo‘lishi, yaxshi ta’lim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak bo‘lsa, hammasini yaratib berishga harakat qilyapmiz va bu yo‘ldan aslo to‘xtamaymiz”, deb ta’kidladi davlatimiz rahbari.

Xalq – davlat mavjudligining birdan-bir manbai. O‘z fuqarolari xohish-istaklarini amalga oshirish va ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiluvchi davlat qudratli bo‘ladi hamda jahon miqyosida hurmat qozonadi.

Mamlakatimiz o‘tgan yilda 2021 yilga nisbatan o‘z o‘rnini Qonun ustuvorligi indeksida – 7 pog‘ona, Inson taraqqiyoti indeksida – 5 pog‘ona yaxshiladi. Bu ijobiy ko‘rsatkichlar davlatimizning xalqaro obro‘-e’tibori izchil yuksalib borayotganidan dalolat beradi.

Eng muhimi, amalga oshirilayotgan insonparvar islohotlarning samarasi va ijobiy ta’sirini diyorimizdagi har bir inson avvalo o‘z hayotida yaqindan his etmoqda.

Murojaatnomada ta’kidlanganidek, 2022 yilda 2 milliondan ortiq oilaga ijtimoiy yordam ko‘rsatilib, buning uchun 11 trillion so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, oxirgi olti yilda mamlakatimiz bo‘yicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p uy-joylar qurilgan.

Bu davrda zamonaviy shart-sharoitlarga ega ta’lim muassasalari, xususan, maktablar bunyod etishga katta e’tibor qaratilib, qo‘shimcha 500 ming o‘quvchi o‘rni yaratilgan. Hozirgi kunda yana 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rni yaratish bo‘yicha ishlar jadal davom ettirilmoqda.

Albatta, bu raqamlar ortida millionlab yurtdoshlarimizning yechimini topgan muammolari, ushalgan orzulariyu samimiy quvonchlari turibdi. Zero, ulug‘ shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy “Hayrat ul-abror” dostoni muqaddimasida quyidagi misralarni bitganlari bejiz emas:

Koniyu hayvoni, agar xud nabot,

Har biri bir gavhari oliy sifot.

Borchasini garchi latif aylading,

Borchadin insonni sharif aylading.

Navoiy hazratlari tomonidan jamiki mavjudotlarning sharifi deya ulug‘langan Inson qadri bugun Yangi O‘zbekistonda tobora yuksalib bormoqda.

Mamlakatimizdagi insonparvar islohotlarga hamohang tarzda inson huquqlari sohasiga oid ilmiy tadqiqotlar salmog‘i va qamrovi ham ortmoqda. Buni “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyatiga taqdim etilayotgan ilmiy-huquqiy maqolalar ham yaqqol tasdiqlaydi.

2022 yilda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalida jami 111 ta ilmiy maqola nashr etilgan. Shundan 42 ta maqola o‘zbek, 32 tasi ingliz va 37 tasi rus tilida taqdim etildi.

Mamlakatimizdagi yetakchi olimlar va tadqiqotchilar bilan bir qatorda, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus kabi xorijiy davlatlarning huquqshunos olimlari ham inson huquqlari sohasiga oid dolzarb mavzulardagi ilmiy maqolalari bilan jurnal sahifalarini boyitdilar.

Mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini ilmiy asosda yorituvchi tahliliy maqolalarni keng jamoatchilikka yetkazish, inson huquqlari sohasida mavjud muammolarni ilmiy asosda o‘rganish va ularga nazariy hamda amaliy yechimlar taklif etilishini qo‘llab-quvvatlash, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, inson huquqlari sohasida ilmiy izlanish olib borayotgan tadqiqotchilarni rag‘batlantirish maqsadida  “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati tomonidan “Eng dolzarb ilmiy maqolalar” tanlovi o‘tkazildi. Tanlov g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shuningdek, xalqaro identifikatsiya raqamini olish va yaqin istiqbolda “Web of science”, “Scopus” kabi nufuzli xalqaro ilmiy adabiyotlar bazalariga a’zo bo‘lish maqsadida jurnal veb-sayti www.dhrjournal.uz faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati jamoasi erishgan bu kabi muvaffaqiyatlar yurtimizda ilm-fan va ta’limni, ayniqsa, inson huquqlari sohasidagi ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan katta e’tibor samarasidir.

Prezidentimiz Murojaatnomasida e’tirof etilganidek, yurtimizda inson qadrini yuksaltirish, inson huquqlari va xalq manfaatlarini ta’minlash, har bir sohada adolat va qonun ustuvorligiga erishish, inson huquqlari sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish 2023 yilda ham davlat siyosati va demokratik islohotlarning asosiy maqsadi bo‘lib qoladi.

 

Azizbek RAMAZONOV,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali

bosh muharririning o‘rinbosari

Powered by GSpeech