Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

O‘ZBEKISTONDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN MA’MURIY ISLOHOTLAR

XALQ FAROVONLIGI VA IQTISODIYOTNI YANADA YUKSALTIRISHGA XIZMAT QILADI

Mamlakatimizda ixcham va samarali davlat boshqaruviga o‘tish yo‘lida boshlangan keng qamrovli ma’muriy islohotlar xorijda ham aks-sadosini beryapti. 

Zohiri IDRIS,

Malayziya siyosiy va iqtisodiy tadqiqotlar markazi ijrochi direktori:

— “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 dekabrda e’lon qilingan “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni juda dolzarb va katta ahamiyatga ega bo‘lgan hujjat hisoblanadi. 

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda samarali faoliyat ko‘rsatadigan boshqaruv tizimini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ma’muriy islohotlar amalga oshirildi. Zero, har qanday huquqiy davlatning farovonligi davlat boshqaruvining xalqchilligiga bog‘liq. Shu ma’noda, davlat boshqaruvi tizimi ixcham, professional, adolatli, yuqori natijador bo‘lishini ta’minlash hamisha davrning talabi bo‘lib kelgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimini joriy etish, “qo‘l boshqaruvi”dan aniq natija uchun ishlaydigan tizimli boshqaruvga o‘tish byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yaxshilash, umuman olganda, inson manfaatlari yo‘lida xizmat qilajagiga aminmiz.

Bunga raqamlashtirishning davlat boshqaruvi tizimida muhim rol o‘ynashiga imkon berish orqaligina erishish mumkin. Biz to‘rtinchi sanoat inqilobi “Industriya 4.0”ga o‘tayotganimiz sababli davlat boshqaruvi ham so‘nggi tendensiyaga — raqamlashtirishdan foydalanishga mos bo‘lishi kerak.

Davlat organlarining faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish xizmat samaradorligini oshirishi barobarida insonning xatoga yo‘l qo‘yishi hollarini minimallashtiradi.

O‘zbekiston rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan davlat boshqaruvidagi tizimli islohotlar, albatta, yaqin orada o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatadi. Shu tariqa mutasaddilarning xalq oldidagi mas’uliyati va javobgarligi yanada oshadi.

Mamlakatda 2023 yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berilgani ham bejiz emas, deb o‘ylayman. Bu joriy yilda ham hukumat insonni qadrlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash, sifatli ta’lim va tarbiya berish bo‘yicha boshlagan ishlarni izchil davom ettirish niyatida sobit ekanligini anglatadi. Ushbu jihat katta e’tiborga loyiq.

Shuningdek, ijtimoiy sohada aholi bandligini oshirish va turmush darajasini yaxshilash, hududlarda ta’lim va tibbiyot maskanlari, ichimlik suv tarmoqlari va yo‘llar qurish, iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash, biznes uchun sharoitlarni yaxshilash, transport sohasida yo‘lovchi tashish xizmatlarini takomillashtirish, barcha yo‘llarning raqamli xaritasini ishlab chiqish, turizm, madaniyat va sportni rivojlantirish bo‘yicha ulkan vazifalar belgilab olingan.

2022 yilning 3-4 noyabr kunlari Samarqand shahrida “Inson manfaati, tadbirkorlik va yashil iqtisodiyotni islohotlarning mazmuniga aylantirish” mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilgan II O‘zbek iqtisodiy forumida ishtirok etdim. Tadbir davomida O‘zbekiston vakillariga iqtisodiyotni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirishlar bo‘yicha qator takliflarimni taqdim etdim.

Aminmanki, hamma amalga oshirilayotgan va oshiriladigan ishlar O‘zbekiston xalqining farovonligi va mamlakat iqtisodiyotini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Shabir Ahmad Xon,

Peshovar universiteti huzuridagi Mintaqaviy tadqiqotlar markazi direktori (Pokiston):

— Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlari bo‘yicha ekspert sifatida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni doimiy ravishda kuzatib, tahlil qilib boraman.

2022 yil 20 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan  Murojaatnomasida 2023 yildagi ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimi shakllantirilishini ma’lum qildi.

Ko‘p o‘tmay ushbu tashabbusning hayotga tatbiq etilishiga guvoh bo‘ldik. 2022 yil 21 dekabr kuni davlatingiz rahbarining “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. Unga ko‘ra, vazirlik va idoralar soni qisqartirildi, hukumat ish uslubi bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda qayta tashkil etildi.

Shuningdek, yangi hukumatning vakolat doirasi kengaytirildi, aniq vazifalari belgilab berildi, o‘z sohasida davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha mas’uliyati yanada oshirildi.

Mazkur islohotning yana bir muhim jihati — vazirliklar faoliyatini jadallashtiradi, turli byurokratik to‘siq va ortiqcha qog‘ozbozlikdan qutulishga yordam beradi. Har bir vazirning siyosiy-ma’muriy mas’uliyati oshirilib, ular tomonidan hukumat qarorlari loyihalari bevosita ishlab chiqiladigan tizim yaratildi. Bu mamlakatdagi dolzarb muammolarga o‘z vaqtida va sifatli yechim topishni ta’minlaydi.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Prezident Shavkat Mirziyoyev hozirgi zamonning shijoatli rahbari, o‘z Vatani taraqqiyoti uchun jafokash yetakchi sifatida nafaqat mamlakatda, balki dunyo miqyosida munosib baholanmoqda.

Pravesh Gupta,

“Vivekananda xalqaro fondi” tadqiqot markazining katta ilmiy xodimi (Hindiston):

— So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida olib borilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy muhit har tomonlama barqarorlik kasb etdi. Davlat rahbari tomonidan taklif etilgan “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasi butun dunyo hamjamiyatining ko‘z o‘ngida izchillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda. Nafaqat mintaqada, shuningdek, xalqaro miqyosda ham O‘zbekistonga har doimgidan ko‘proq e’tibor qaratilmoqda, mamlakatdagi tizimli islohotlarga qiziqish ortyapti. Turli global ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha mamlakatning reytingi yil sayin yaxshilanmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti ana shu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2022 yil 20 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan  Murojaatnomasida mamlakatdagi islohotlar jarayonini davom ettirish bo‘yicha eng dolzarb yo‘nalishlarni belgilab berar ekan, davlat boshqaruvi tizimiga aniq o‘zgartirishlar kiritilishini ham ma’lum qildi.

Joriy yilning 1 yanvaridan e’tiboran kuchga kirgan Prezident farmoniga ko‘ra, vazirliklar soni 25 tadan 21 taga qisqartirildi. Bir vaqtning o‘zida qator davlat muassasalarining faoliyati tugatildi.

Yangi tizimga ko‘ra, xususiy sektorga berilgan davlat funksiyalari soni kamida uch barobar oshirilmoqda. Ish jarayoniga zamonaviy, innovatsiya texnologiyalarini joriy qilish yanada faollashtirilayotir. Ana shunday o‘zgarishlar asnosida vazirliklar o‘rtasidagi hamkorlik oson kechadi, bu esa O‘zbekiston hukumatining ish mexanizmini takomillashtirish va jadallashtirishga ko‘maklashadi.

Aminmanki, bunday chora-tadbirlar O‘zbekistonda hukumat faoliyatida shaffoflikni, hisobdorlik va samaradorlikni oshirish uchun zamin yaratadi. Eng muhimi, bularning barchasi mamlakat hukumati va aholisi o‘rtasidagi muloqot ko‘lamlarini kengaytirishga hamda o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi. Kelgusi yillarda bu o‘zgarishlar samarasi mamlakat iqtisodiyotidagi ijobiy o‘zgarishlarda ham yaqqol namoyon bo‘ladi.

O‘ylaymanki, Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi mazkur muhim hujjatning qabul qilinishi Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda samarali faoliyat yurituvchi, xalqni rozi qiladigan davlat idoralarini shakllantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarida muhim qadamdir.

Sheradil Baktigulov,

 davlat tuzilishi masalalari bo‘yicha ekspert, siyosatshunos (Qirg‘iziston):

— Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida keng qamrovli davlat boshqaruvi islohotlari haqida alohida to‘xtaldi. O‘zbekiston rahbari vazirlik va idoralar soni ikki barobarga qisqarishini bildirdi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, ushbu islohotlar davlat rahbarining farmoni bilan o‘z tasdig‘ini topdi.

Ta’kidlash joizki, bu islohot Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil dekabrda ilgari surgan siyosiy yo‘liga hamohang. O‘sha davrda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan mamlakat ichki va tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan edi. Bular qatorida qo‘shni davlatlar bilan mustahkam do‘stlik munosabatlari o‘rnatish, yaqin va uzoq xorijiy mamlakatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan aloqalarni kengaytirish, iqtisodiyotni liberallashtirish va davlat boshqaruvida bosqichma-bosqich islohotlar olib borish e’lon qilinganini eslatib o‘tish o‘rinlidir.

Ushbu islohotlarning asosiy maqsadi etib hokimiyat vakillarining xalq bilan munosabatini tubdan o‘zgartirish ko‘zda tutildi.

O‘zbekistondagi ma’muriy islohotlar mintaqa ekspertlari tomonidan mamlakatning o‘z oldiga qo‘ygan ulkan maqsadlariga erishishdagi oqilona qarori sifatida qo‘llab-quvvatlanishiga aminmiz.

“Dunyo” AA

"Xalq so‘zi" gazetasi

"Yangi O‘zbekiston" gazetasi

 

Powered by GSpeech