Hindistonda chiqadigan jurnalning O‘zbekistondagi islohotlarga bag‘ishlangan sonida akademik Akmal Saidov maqolasi chop etildi

DEHLI, 7-yanvar. /“Dunyo” AA/. Hindistondagi yetakchi bosma nashrlardan biri - «Business Central Asia» jurnalining O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus soni chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi saʼy-harakatlari bilan  amalga oshirilgan ushbu media-loyihada mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy-maʼrifiy va sayyohlik sohalarida olib borayotgan islohotlari va ularning samalari,  shuningdek, o‘zbek-hind munosabatlariga oid xabar-maqolalar o‘z ifodasini topgan.

Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Hindiston – Markaziy Osiyo» birinchi sammitidagi nutqining to‘liq matni maxsus sonning dastlabki sahifalaridan joy olgan. Unda davlatlarimiz va mintaqalarimiz o‘rtasidagi aloqalarning eng ustuvor yo‘nalishlari va ularni mustahkamlash bo‘yicha amaliy takliflar bayon etilgan.

«Prezident Murojaatnomasi – 2023 yilning harakatlar trayektoriyasi sifatida» sarlavha ostida bosilgan tahliliy maqolada davlatimiz rahbarining  2022 yil 20 dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan Murojaatnomasining asosiy jihatlari o‘z aksini topgan. «2022 yil yakunlari sarhisob qilingan Murojaatnomada 2023 yilda olib boriladigan siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berildi. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda  2023 yilni «Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili», deb eʼlon qildi», deb yozadi muallif.

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akromjon Neʼmatov va Hindistonning «Vivekananda xalqaro fondi» tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi Pravesh Gupta muallifligida tayyorlangan navbatdagi tahliliy maqolada O‘zbekistonning 2022 yilda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga raisligi davri yakunlari hamda sentyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT davlat rahbarlari sammitining tarixiy ahamiyati haqidagi fikr-mulohazalar qalamga olingan.

O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatovning «O‘zbekiston va Hindiston: yaqin do‘stlik va mustahkam sheriklik» sarlavhali maqolasida ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning yangi tarixi, ustuvor yo‘nalishlari, joriy holati va istiqbollari xususida fikr yuritilgan.  

Shuningdek, ushbu maxsus sonda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan maqola ham chop etilgan.  Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov qalamiga mansub mazkur materialda ushbu muhim siyosiy jarayonlarda jamoatchilik ishtiroki bo‘yicha milliy va xalqaro tajriba xususidagi maʼlumotlar o‘rin olgan.

Bundan tashqari, «Business Central Asia» jurnalining O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus soni sahifalarida mamlakatimizning boy madaniy merosi va turizm salohiyati haqidagi qiziqarli maqolalar ham o‘quvchilarga havola etilgan.

Xususan, Parijdagi Luvr muzeyida 2022 yilning 23 noyabrida ochilgan O‘zbekistonning boy madaniy merosiga doir «O‘zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida» ko‘rgazmasi haqidagi maʼlumotlar ham jurnal sahifalaridan o‘rin olgan.  Shuningdek, O‘zbekistonning turizm sohasidagi imkoniyatlari, xususan, Samarqand shahridagi mavjud salohiyat, respublikamiz hududidagi buddaviylikka oid tarixiy obidalar haqidagi qiziqarli xabar-maqolalar ham jurnalxonlarning eʼtiboriga havola qilingan.

O‘quvchilar O‘zbekiston Prezidentining maxsus qarori bilan joriy yilda tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlanishi rejalashtirilgan buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosi to‘g‘risidagi batafsil maʼlumotlar bilan ham tanishishlari mumkin.

Hindistonning yetakchi oliy taʼlim dargohlaridan biri bo‘lgan Javoharlal Neru universiteti olimlari tomonidan tayyorlangan ilmiy maqolalarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi umumiy tarix va madaniy meros, xususan, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarining Hindiston o‘lkashunosligidagi amaliy ahamiyati haqida fikr yuritiladi.

Maxsus sonda Hindiston davlat arboblari, ilm-fan, taʼlim sohalari yetakchi vakillari tomonidan O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida diplomatiya aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan yo‘llangan qutlovnomalar ham chop etilgan.

Maʼlumot uchun: «Business Central Asia» jurnali Hindistondagi iqtisodiy mavzudagi xabar-maqolalarni chop etishga ixtisoslashgan yetakchi oylik nashr hisoblanadi. Hindistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarini yoritadigan ushbu jurnal davlat muassasalari, Dehli shahridagi xalqaro tashkilotlar va elchixonalar, Hindistonning ilm-fan va ishbilarmon doiralari vakillari orasida tarqatiladi.      

Powered by GSpeech