Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi T.Xatori bilan uchrashdi.
Muloqot avvalida A.Saidov T.Xatorini mamlakatimizga elchi etib tayinlangani bilan samimiy qutlab, mas’uliyatli va sharafli diplomatik missiyani amalga oshirishida unga muvaffaqiyatlar tiladi.
Uchrashuvda yuqori martabali mehmonga Qonunchilik palatasining tarkibiy tuzilishi, uning asosiy vazifalari hamda Konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi. Jumladan, Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, halqparvar davlatni barpo etish, inson qadr-qimmati, huquqlari va manfaatlarini yanada samarali ta’minlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zarurati haqida to‘xtaldi.
O‘z navbatida, T.Xatori Qonunchilik palatasining rahbariyatiga uchrashuv uchun o‘z minnatdorligini bildirgan holda davlatning ichki va tashqi siyosati, uning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va boshqa sohalardagi barqaror rivojlanishida parlamentning faoliyati katta ahamiyatga egaligini ta’kidladi.
So‘zining davomida T.Xatori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning siyosiy irodasi va tashabbuslari natijasida mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar bilan bir qatorda, O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzi yanada yuqori darajaga ko‘tarilishiga xizmat qilayotganligini yuksak baholadi.
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning yanada rivojlanishiga katta poydevor yaratdi. O‘ylaymanki, bu an’anaviy va barqaror hamkorlik yanada bardavom bo‘ladi va men, elchi sifatida bu uchun barcha sa’y-xarakatlarimni amalga oshiraman, — dedi T.Xatori.
Suhbat yakunida tomonlar ikki mamlakatning nafaqat parlamentlararo, balki boshqa soha va yo‘nalishlarning rivojlanishi borasida o‘zaro fikr almashinuvlari orqali tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib oldilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 07.01.2023
- Ko'rishlar: 4848
- Chop etish