Ota-onasi xorijga 3 oydan ortiq ketadigan bolalarga vasiy yoki homiylar tayinlanadi

2023 yil 13 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda shu haqda so‘z bordi. Tadbirda Adliya vazirligi Axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboeva xotin-qizlar, bolalar va keksa yoshdagi ota-onalarning huquqlarini himoya qiluvchi qonun loyihasi mazmun-mohiyati yuzasidan ma’lumot berdi.

Qonun loyihasiga asosan, voyaga yetmaganlarga jinsiy tajovuz qilganlar amnistiyaga tushmaydi. Ularning ta’lim va tibbiyot muassasalarida ishlashi taqiqlanadi.

Shuningdek, birovning shaxsiy foto-video va yozishmalarini tarqatish bilan shantaj qilganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Xotin-qizlar, bolalar va keksa yoshdagi ota-onalarning huquqlarini himoya qiluvchi mazkur qonun loyihasiga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan jabrlanuvchining nomusiga tegish, unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish, fohishalikka jalb qilish, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan pornografik mahsulotni tayyorlash uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Xususan, ularga nisbatan:

  • jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qo‘llanmaydi;
  • ayolni homilasini sun’iy tushirishga majburlash, nomusga tegish yoxud jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish, shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish, 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish uchun jazo og‘irlashtirilmoqda;
  • shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik, ya’ni intim hayot daxlsizligini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda;
  • jamoat joylarida shaxsga shilqimlik qilish: uning qaddi-qomatini shahvoniy mazmunda tasvirlash, shu mazmundagi so‘zlar bilan chaqirish, izohlash, qiyoslash, shahvoniy maylni ko‘rsatuvchi harakatlar ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi;
  • shaxsning hayoti va sog‘lig‘i, erkinligi, sha’ni va qadr qimmatiga, O‘zbekiston Respublikasiga, tinchlik va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar uchun ilgari hukm qilingan shaxslar voyaga yetmaganlarga xizmat ko‘rsatiladigan ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarida ishlashi taqiqlanmoqda.

 Shu bilan birga, 18 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan ayrim jinoyatlar uchun jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari qo‘llanmasligi nazarda tutilgan.

Qonun loyihasining yanada muhim jihatlariga to‘xtalganda, birinchidan, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar toifasi aniqlashtirilib, ularning huquqlari kafolatlari va ularga nisbatan davlat himoyasi kuchaytirilayotganini ta’kidlash lozim. Shuningdek, 3 oydan ortiq muddatga ota-onasi xorijiy davlatga ketayotgan bolalarga nisbatan vasiy yoki homiy tayinlanishi tartibi joriy etilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda voyaga yetmagan, mehnatga layoqatsiz shaxslar va ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan “haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy jalb qilish” tarzidagi yangi jazo turi nazarda tutilmoqda.

Aliment bo‘yicha majburiyatlarga ega chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborilmasligi belgilanmoqda.

Mazkur loyihada AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Germaniya, Belgiya, Portugaliya, Singapur kabi xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rgangan holda, bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashining oldini olish choralari samaradorligini oshirish, oila institutini mustahkamlash, ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilashga qaratilgan bir qator yangi takliflar ilgari surilmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech