Asosiy maqsad – insonni qadrlash va inson huquqlarini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida: inson qadri, insonni e’zozlash – e’tiborimizdagi eng asosiy masala”, deb alohida ta’kidlandi. Binobarin, fuqarolarning murojaat qilish huquqi inson huquqlarini ta’minlash orqali insonni qadrlash va e’zozlashning muhim omillaridan biridir.

O‘tgan yili dunyoning 1.2 mlrd. aholi yashaydigan 74 ta rivojlanayotgan mamlakatidagi inqiroz  oqibatida inson huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq ahvol keskin yomonlashdi. Shunday murakkab va sinovli davrda bu borada O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan qator tadbirlar amalga oshirilgani va ular o‘z samarasini bergani diqqatga loyiqdir.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 2022 yil yakunlari yuzasidan yaqinda matbuot sahifalarida e’lon qilingan intervyusida ana shu amaliy tadbirlarning mohiyati va ahamiyatiga atroflicha to‘xtaldi. Xususan, aholi murojaatlari bilan ishlash jarayoniga yangi mexanizmlar tatbiq etilgani – eng asosiy ta’sirchan choralardan biri sifatida e’tirof etildi.

Haqiqatan ham, bugungi kunda mamlakatimizda aholi murojaatlari bilan ishlash jarayoniga yangi va ilg‘or mexanizmlar izchil tatbiq etilmoqda. Natijada qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarimizni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish, qiynoqlarning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, so‘z erkinligini mustahkamlash kabi turli yo‘nalishlarda ijobiy samaralarga erishilmoqda.

Konstitutsiyamizning 35-moddasida: “Har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga egadir”, degan qoida belgilab qo‘yilgan. Ushbu konstitutsiyaviy norma asosida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash samarali yo‘lga qo‘yilgan.

Bunda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, murojaatlarda ko‘tarilgan muammolarni qonun doirasida hal etish choralari ta’minlanishiga  alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ayrim hayotiy misollarga to‘xtalamiz.

Birinchi misol: Fuqaro Aziza Po‘latova 2022 yil 5 sentyabr kuni Milliy markazga ariza bilan murojaat qilib:

  • turmush o‘rtog‘i bilan tuzilgan qonuniy nikoh bekor qilinganini;
  • qaramog‘ida bir nafar voyaga yetmagan farzandi borligini;
  • 2021 yilda I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetini imtiyozli ravishda tamomlaganini;
  • ish bilan ta’minlanish maqsadida mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga bir necha marotaba murojaat etganini;
  • Bekobod tumani Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan murojaatchiga ishsizlik nafaqasi tayinlanganini;
  • biroq xozirda ushbu nafaqa to‘xtatib qo‘yilganini bildirib, ishga joylashish masalasida amaliy yordam so‘ragan.

Muallifning murojaati ko‘rib chiqish uchun 2022 yil 7 sentyabr kuni  O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga yuborilgan.

O‘rganishlar natijalariga ko‘ra, Toshkent viloyati, Bekobod tumani Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan fuqaro A.Po‘latovaga Yoshlar ishlar agentligi Bekobod tumani bo‘limi yoshlar yetakchisi vazifasi tavsiya qilingan va barcha kerakli bo‘lgan hujjatlar rasmiylashtirilishi  tushuntirilgan.

Murojaat ijobiy hal qilingan.

Ikkinchi misol: 2022 yil 31 oktyabr kuni fuqaro Shavkat Bekmirzayev ariza orqali murojaat qilib, Zangiota tumani hududida joylashgan “Tariq-Teshar” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi I.Xalilov va boshqalarning harakatlaridan norozilik bildirgan.

Ushbu murojaat joriy yilning 1 noyabr kuni Toshkent viloyati prokuraturasiga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan. Tekshirish davomida 2022 yil 23 iyul kuni “Tariq-Teshar” mahala fuqarolar yig‘ini raisi I.Xalilov va ikki nafar kadastr xodimi fuqaro Sh.Bekmirzayevning o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonidagi  noqonuniy qurilmani buzishni aytgan vaqtida fuqaro Sh.Bekmirzayev ular bilan janjallashib qolgani, o‘sha kuni I.Xalilov qarindoshlari bilan murojaatchining uyiga kelib, unga tan jarohat yetkazgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Zangiota tumani IIB HPB profilaktika inspektori tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Shu asosda 2022 yil 23 avgust kuni Jinoyat protsessual kodeksining 84-moddasi 1-qismi  6-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.

Mazkur qaror asossiz bo‘lgani sababli 2022 yil 12 oktyabr kuni bekor qilinib, 2022 yil 11 noyabrda ayni holat yuzasidan Zangiota tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va dastlabki tergovga kirishilgan.

        Shu tariqa fuqaro Sh.Bekmirzayevning murojaati qanoatlantirilgan.

Uchinchi misol: Qashqadaryo viloyati, Ko‘kdala tumanida yashovchi fuqaro Sarvinoz Qurbonovaning 2022 yil 6 dekabrdagi sud qarori bo‘yicha aliment pullari undirilmayotgani haqidagi murojaati atroflicha ko‘rib chiqish uchun 2022 yil 7 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyat boshqarmasiga yuborilgan.

 Aniqlanishicha, sudning ayni nizo bilan bog‘liq ikkita ijro hujjati  Majburiy ijro byurosi Ko‘kdala tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.

Bulardan biri – fuqarolik ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudining 2022 yil 9 iyundagi qarzdor A.Normurodov hisobidan undiruvchi S.Qurbonova foydasiga to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun ½ qism miqdorida  aliment undirish haqidagi qarori;

ikkinchisi – shu sudning 2022 yil 1 iyuldagi qarzdor A.Normurodovdan undiruvchi S.Qurbonova foydasiga 2021 yil 21 may kuni tug‘ilgan Sh.Normurodovaning uch yoshga to‘lgunga qadar 2022 yil 31 maydan boshlab har oyda mehnatga haq to‘lashni eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda ta’minot undirish haqidagi qaroridir. 

Shu asosda qarzdorning O‘zbekiston Respublikasidan chetga chiqish huquqlari vaqtincha cheklangan.

Milliy markaz rahbariyati aralashuvi bilan murojaatni o‘rganish davomida qarzdor A.Normurodovning alimentdan bo‘lgan 4 mln. 678 so‘m miqdoridagi qarzdorligi 2022 yil 21 dekabr kuni davlat ijrochilari tomonidan to‘liq undirilishi ta’minlangan.

Xulosa qilib aytganda, inson, uning qadri, huquqlari va erkinliklari – oliy qadriyatdir. Bu tamoyil har bir korxona, tashkilot, muassasa o‘z faoliyatini inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga yo‘naltirishi zarurligini anglatadi.

Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, davlat organlarining kundalik faoliyatida inson huquq va erkinliklari ustuvorligiga oid konstitutsiyaviy tamoyil so‘zsiz ta’minlanishi kerak.

 

Farida XAKBERDIYEVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi

bosh mutaxassisi

«Ishonch» gazetasining 2023 yil 26 yanvar kungi 12-son

Powered by GSpeech