SINGAPUR BILAN O‘ZARO ALOQALARNING ASOSIY YO‘NALIShLARI
IKKI DAVLAT MUNOSABATLARINING SAMARALI RAVNAQIGA XIZMAT QILADI
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Singapurga davlat tashrifi va oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida erishilgan kelishuvlar xalqaro hamjamiyatda o‘z aks sadosini bermoqda.
Xususan, xalqaro ekspertlar va tahlil doiralari vakillari ushbu davlat tashrifini O‘zbekistonning yaqin va uzoqdagi xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish istagini tasdiqlashini, shuningdek, Markaziy Osiyoning dunyodagi boshqa mintaqalar bilan o‘zaro aloqalarini mustahkamlashi bo‘yicha rasmiy Toshkent yuritayotgan siyosatni to‘la aks ettirishini ta’kidlamoqda.
Hikmet EREN,
“EkoAvrasya” Yevroosiyo iqtisodiy aloqalar assotsiatsiyasi boshqaruvining raisi (Turkiya):
— Savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgan O‘zbekiston — Singapur munosabatlari rivojini katta qiziqish bilan kuzatib boraman.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning pragmatik iqtisodiy siyosati tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Singapur o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar ko‘paydi. Respublikada xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar Singapur kapitali ishtirokidagi korxonalar sonining 4 barobar oshishiga xizmat qildi. Bundan tashqari, Singapurdan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning hajmi 700 million AQSh dollaridan oshdi.
O‘zbekiston Prezidentining Singapur bilan yaqin kelajakdagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab bergani Osiyo-Tinch okeani mintaqasi iqtisodiy markazi bilan o‘zaro munosabatlarni samarali rivojlantirishga xizmat qiladi.
Singapur inson kapitalini rivojlantirish va davlat boshqaruvi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha yuksak natijalarga erishgan. Shu nuqtai nazardan, Singapur tomoni bilan menejment, shaharsozlik, infratuzilmani rivojlantirish, raqamli transformatsiya, innovatsiyalar, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida davlat xizmatchilarini tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilishi, shubhasiz, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan boshlangan ma’muriy islohotlarning natijadorligiga hissa qo‘shadi.
Ishonchim komilki, ustav kapitali 500 million AQSh dollari bo‘lgan O‘zbekiston — Singapur investitsiya kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim investitsiya va o‘zaro savdoni kengaytirishga, shuningdek, Singapurning yetakchi kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashadi.
Roy Entoni ROJERS,
Malaya universitetining xalqaro va strategik tadqiqotlar kafedrasi mudiri (Malayziya):
— Ushbu davlatga tashrif o‘z vaqtida amalga oshirilgan va katta ahamiyat kasb etgan voqea bo‘ldi.
Singapur Prezidenti Halima Yaqub va Bosh vazir Li Syan Lun bilan bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar o‘zaro hamkorlikni ustuvor yo‘nalishlarda yanada rivojlantirish va kengatirishdan tomonlarning manfaatlari mushtarak ekanini yaqqol namoyon etdi.
O‘zbekiston va Singapur o‘rtasida elektronika, kimyo sanoati, biotexnologiya, bank ishi, logistika, transport injiniringi va boshqa sohalarda hamkorlikni faollashtirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Buni statistika ma’lumotlari ham tasdiqlaydi — so‘nggi yillar davomida mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar oshdi. O‘zbekistonda Singapur kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 4 barobarga ko‘paydi.
Singapurning nafaqat Janubi-Sharqiy Osiyo yoki Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi, balki butun dunyoda tutgan o‘rnini inobatga olgan holda, O‘zbekiston tomonidan yaqin kelajakda ushbu davlat bilan hamkorlikning muhim yo‘nalishlari belgilab olinishi aniq natijalarga erishish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga egadir.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Singapurga davlat tashrifi yakunlari ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochadi.
“Dunyo” AA
- Qo'shildi: 18.01.2023
- Ko'rishlar: 4648
- Chop etish