Akmal Saidov mintaqaviy xalqaro-huquqiy forumda ishtirok etdi

2023 yil 26 yanvar kuni Moskva shahrida o‘z ishini boshlagan Birinchi Markaziy Osiyo xalqaro-huquqiy forumida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Cpikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov onlayn ishtirok etdi.

Forum arafasida, 25 yanvar kuni Parlamentlararo Ittifoq vitse-prezidenti, akademik A.Saidov o‘zining ochiq ma’ruzasini taqdim etdi. Ushbu ma’ruza “Xalqaro parlament huquqi – hozirgi zamon xalqaro huquqining shakllanayotgan sohasi” mavzusiga bag‘ishlandi.

Birinchi Markaziy Osiyo xalqaro-huquqiy forumi Rossiyaning ikkita yetakchi oliy o‘quv yurti tomonidan tashkil etildi. Bular – O.E.Kutafin nomidagi Moskva davlat yuridik universiteti va Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (universiteti) hisoblanadi.

Xalqaro-huquqiy anjumanning 26 yanvardagi yalpi majlisi dastlabki sessiyasida Markaziy Osiyoda xalqaro-huquqiy siyosat masalalari muhokama qilindi. Jumladan, A.Saidovning “O‘zbekistonning xalqaro-huquqiy siyosati” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi.

Ikki kunlik Forum doirasida, shuningdek, “Markaziy Osiyodagi xalqaro-huquqiy hamkorlik”, “Mintaqa davlatlarining huquqiy tizimlari: an’ana va islohotlar” mavzularida ma’ruzalar taqdim etiladi.

Bundan tashqari, Kaspiy dengizining xalqaro-huquqiy rejimi va transchegaraviy suv resurslari, Markaziy Osiyodagi davlatlar chegaralari, mintaqaviy va global xavfsizlik tizimi, mintaqa mamlakatlarining konstitutsiyaviy-huquqiy tizimlari, iqtisodiy sohadagi mintaqaviy hamkorlikning huquqiy jihatlari, mintaqa mamlakatlarida tadbirkorlik huquqi va jinoyat huquqini rivojlantirish istiqbollari, migratsiya sohasidagi huquqiy muammolar kabi mavzular ham ko‘rib chiqiladi.

Ilmiy munozaralarda O‘zbekistondan Abdumannop To‘laganov, Laviza Isxakova, Luqmonjon Is’hoqov kabi o‘ndan ortiq huquqshunos olim ishtirok etadi. Xalqaro-huquqiy anjuman ishida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Rossiya, Xitoy, Ozarbayjon ilmiy doiralari vakillari ham qatnashmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech