O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan islohotlar yuqori baholandi

Joriy yilning 26 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori v.b. Rita Konsuelo Fatima Vidal Bryusni qabul qildi.

Suhbat avvalida A.Saidov Konsuelo Vidal Bryusni sharafli va mas’uliyatli lavozimga tayinlangani munosabati bilan tabrikladi.

Muloqot davomida mehmonga Qonunchilik palatasining tarkibiy tuzilishi, uning qonun ijodkorligi yo‘nalishidagi faoliyati, qo‘mitalar, komissiyalar va deputatlarning asosiy vazifalari, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berildi.

O‘z navbatida, Doimiy koordinator v.b. uchrashuv uchun o‘z minnatdorligini bildirgan holda davlat ichki va tashqi siyosati, uning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va boshqa sohalardagi barqaror rivojlanishida parlament faoliyati katta ahamiyatga egaligini ta’kidladi.

Uning fikricha, O‘zbekiston va BMT bilan hamkorligi so‘nggi yillarda mutlaqo yangi darajaga ko‘tarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida, 2020 yil 25 sentyabrda videokonferensiya shaklida tashkil etilgan 75-yubiley sessiyasida, shuningdek, 2021 yilda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida onlayn formatda va Bosh Assambleyaning 76-sessiyasida ma’ruza qildi. Ularda O‘zbekistonning xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, ta’lim, ma’naviyat, ekologiya, turizmni yanada rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish va boshqa sohalarga taalluqli tashabbuslar bilan chiqdi.

O‘zbekistonning keyingi yillardagi sa’y-harakatlarining xalqaro e’tirofi BMT Bosh Assambleyasida qator rezolyutsiyalar qabul qilinishida yaqqol namoyon bo‘ldi. Jumladan, 2022 yilning 14 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi.

Konsuelo Vidal Bryus BMT davlatlarni parlamentlarni qo‘llab-quvvatlashga, ularni BRMga erishish bo‘yicha kelgusi faoliyat va ularning erishilishini kuzatish jarayonlariga, ayniqsa, ixtiyoriy milliy ma’ruzalarni tayyorlashga jalb qilish, shuningdek, milliy mas’uliyat va hisobdorlikni ta’minlash va kuchaytirish uchun ularga yordam berishga chaqirganini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston barqaror rivojlanish sohasida BMT bilan yaqin hamkorlik qilmoqda. Jumladan, BMTning 2030 yilgacha kun tartibida bo‘lgan masalalarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston hukumati tomonidan 2030 yilgacha davrni qamrab olgan barqaror taraqqiyot sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar qabul qilingani, ushbu maqsad va vazifalarning implementatsiyasi bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilingani hamda Parlament komissiyasi tuzilgani e’tirof etildi.

Uchrashuvda mehmon BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari sari 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston uchun dasturi asosida yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan holda, yurtimizda inson huquqlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish borasida tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib oldilar.

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech