ODIL SUDLOV fuqarolar konstitutsiyaviy huquq, va erkinliklarining ishonchli himoyasiga xizmat qiladi

Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida inson huquq hamda erkinliklarini ishonchli ximoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi lozimligini qayd etdi. Ushbu tashabbus zamirida fuqarolar huquqlarini himoyalash bo‘yicha amaldagi tizim samarasini oshirish maqsadi mujassam.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida mamlakatimizda mazkur yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Albatta, inson huquqlarini himoya qilishda fuqarolarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish huquqining samaradorligini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

2021 yil 27 aprelda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi yangi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilingani bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirdi, desak, mubolag‘a emas. Ushbu qonunda Konstitutsiyaviy sudning inson huquqlarini himoya qilishdagi roli oshirildi, fuqarolarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish huquqini ta’minlash maqsadida ularning Konstitutsiyaviy sud muhokamasiga bevosita masala kiritish huquqi qonunda mustahkamlab qo‘yildi.

Konstitutsiyaviy sudning o‘tgan yildagi ish faoliyati yakunlariga ko‘ra, aytish mumkinki, asosiy e’tibor qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga mosligini o‘rganish hamda tahlildan o‘tkazish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ish rejasida belgilangan tashkiliy-ma’rifiy tadbirlarni bajarishga qaratildi. Chunonchi, hisobot davrida Konstitutsiyaviy sud tomonidan jami 979 ta normativ-huquqiy hujjatlarning mamlakatimiz Bosh qomusiga mosligi o‘rganib chiqildi.

Konstitutsiyaviy sudga o‘tgan yili jami 1 ming 376 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ular Konstitutsiyaviy sud sudyalari tomonidan o‘rganib chiqilib, mualliflarga asoslantirilgan tushuntirishlar berildi. Shuningdek, fuqarolarning murojaatlarini bevosita qabul qilish maqsadida “Fuqarolarning onlayn qabuli” portali ishga tushirilgani ayni muddao bo‘ldi.

O‘tgan yili aholidan kelib tushgan 12 ta murojaat Konstitutsiyaviy sud majlisida ko‘rib chiqilgan. Sud jarayonida tegishli qonun normalari Konstitutsiyaga muvofiq, deb topilgan bo‘lsada, huquqni qo‘llash amaliyotida ayrim muammolar va kamchiliklar aniqlandi. Mazkur masala yuzasidan qabul qilingan Konstitutsiyaviy sudning qarorida tegishli davlat organlariga qonunni qo‘llash hamda sud amaliyotida yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklarga e’tibor qaratib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy sud vakillari aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda sud faoliyatiga oid axborotlarni keng ommaga yetkazish maqsadida muntazam ravishda huquqiy targ‘ibot ishlarini olib bordi.

Albatta, erishilgan yutuqlar ko‘p, ammo kelgusida qilinishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlarimiz ham kam emas. Shu bois Murojaatnomada belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, amalga oshiriladigan tadbirlar belgilab olindi. Bunda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirish, sudning ochiqligi hamda Konstitutsiyaning ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda. Konstitutsiyaviy qonun mazmun-mohiyati hamda ahamiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish ishlarini davom ettirish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash amaliyotini tahlil etish hamda xorijiy tajriba asosida murojaatlar bilan ishlash yanada takomillashtiriladi.

Shuningdek, axborot vositalari bilan hamkorlikda Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish tartiblarini aholiga tushuntirish bilan birga Advokatlar palatasi ko‘magida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning mazmun-mohiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan seminar hamda davra suhbatlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining faoliyatini takomillashtirish mamlakatimizda konstitutsiyaviy odil sudlovning samaradorligini oshirish, Konstitutsiya va qonun ustuvorligi prinsipini ta’minlashga va pirovardida Taraqqiyot strategiyasining ustuvor maqsadlaridan biri — odil sudlovga erishish fuqarolar konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasiga xizmat qiladi.

Asqar G‘AFUROV,

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisining o‘rinbosari.

Powered by GSpeech