Yoshlar – Yangi O‘zbekiston tayanchi

Mamlakatimizda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik, yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga bayram tabrigida ta’kidlaganlaridek:

“Bu borada o‘tgan yili mamlakatimiz bo‘ylab “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harakatini tashkil etganimiz hamda barcha umumta’lim maktablarida mazkur harakatning 20 mingdan ziyod o‘quvchi yoshlarni qamrab olgan guruhlari tuzilgani farzandlarimiz qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotganini ta’kidlash lozim”.

         “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harakati tashkil etilishining huquqiy asoslari haqida so‘z borganda, avvalo, Prezidentimiz tomonidan 2021 yil 13 iyulda qabul qilingan “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonga alohida to‘xtalish lozim.

Ushbu hujjatga muvofiq, “O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida yoshlarga oid davlat siyosati sohasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlangan.

         Dasturning 3-qismida yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan bir qancha bandlar belgilangan. Jumladan, Mudofaa vazirligi huzurida bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatini tashkil etish masalasi ko‘zda tutilgan.

O‘z navbatida, ayni vazifalar 2021 yil 30 iyun kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida ilgari surilgan yangi tashabbus va g‘oyalarni amalga oshirish hamda «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash maqsadi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Binobarin, mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ulug‘ maqsadga erishish yo‘lida asosiy tayanchimiz bo‘lgan azmu shijoatli yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularga barcha sohalarda o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, «Eng bebaho oliy ne’mat – tinchligimiz va osoyishtaligimizning qadriga yetishimiz, oilalarimiz, farzandlarimiz, kelgusi avlodlarimizning baxtu kamoli uchun bu ulug‘ boylikni asrab-avaylashimiz lozim. Shu maqsadda yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga yanada ko‘proq ahamiyat berishimiz kerak».

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 Foto: Marifat.uz

Powered by GSpeech