«Vatan tayanchi»: Jamg‘arma faoliyati va Harakat a’zolari uchun imtiyozlar

Prezidentimizning 2022 yil 2 martdagi Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash borasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2022 yil 23 iyunda «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qaror qabul qilindi.

Bu o‘rinda, avvalambor, «Vatan tayanchi» harakatining faoliyatini samarali tashkil etish uchun yuridik shaxs bo‘lmagan «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilganini ta’kidlash maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari va sarflash maqsadlari belgilandi.

Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanmaydi. Uning mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatining alohida byudjetdan tashqari mablag‘larini saqlash uchun «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasi moliya xizmatida alohida depozit hisobvarag‘ida jamlanadi hamda Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan Nizomda belgilangan maqsadlarga sarflanadi.

Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish «Vatan tayanchi» harakatining rahbari tomonidan tasdiqlangan va Toshkent harbiy okrugi moliya xizmatida belgilangan tartibda ro‘yxatga olinadigan yillik daromadlar va xarajatlar smetasi asosida amalga oshiriladi. Jamg‘arma faoliyatini boshqarish va nazorat qilishga «Vatan tayanchi» harakati rahbari mas’uldir.

Jamg‘arma mablag‘lari:

  • davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha dasturlar, «yo‘l xaritalari» doirasida belgilangan tartibda ajratiladigan mablag‘lar;
  • «Vatan tayanchi» harakatining vaqtincha bo‘sh mablag‘larini davlat ulushi bo‘lgan tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan tushadigan tushumlar;
  • yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
  • xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, shuningdek, boshqa xorijiy donorlarning grantlari;
  • qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga shakllantiriladi.

«Vatan tayanchi» otryadlariga ixtiyoriylik asosida a’zo bo‘lgan davlat umumta’lim maktablari o‘quvchilariga muayyan imtiyozlar berilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, «Vatan tayanchi» otryadlarining a’zolari:

– davra suhbatlari, konferensiyalar, amaliy mashg‘ulotlar, treninglar hamda madaniy-ma’rifiy, ommaviy-madaniy va boshqa tadbirlarda qatnashish uchun bir hududdan boshqa hududga, shuningdek, Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy qism, muassasalar va harbiy poligonlarga yuborilganda, Jamg‘arma hisobidan oziq-ovqat bilan «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseylarining o‘quvchilari uchun belgilangan me’yorlarga muvofiq ta’minlanadi;

– 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab «Vatan tayanchi» harakatining faoliyatida faol ishtirok etgan hamda davlat umumta’lim maktabini a’lo baholar bilan tamomlagan har bir «Vatan tayanchi» otryadining bir nafar a’zosiga Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tanlab olish tartibiga muvofiq oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi;

– «Vatan tayanchi» harakatining tegishli tavsiyanomalariga ega bo‘lgan «Vatan tayanchi» otryadi a’zolari respublika oliy harbiy ta’lim muassasalarining tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklida imtiyozga ega bo‘ladilar;

– «Vatan tayanchi» harakati tomonidan respublika oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun berilgan tavsiyanomalar berilgan sanadan boshlab uch yil mobaynida amal qiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech