Mamlakatimizda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik, yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga bayram tabrigida ta’kidlaganlaridek:
“Bu borada o‘tgan yili mamlakatimiz bo‘ylab “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harakatini tashkil etganimiz hamda barcha umumta’lim maktablarida mazkur harakatning 20 mingdan ziyod o‘quvchi yoshlarni qamrab olgan guruhlari tuzilgani farzandlarimiz qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotganini ta’kidlash lozim”.
Yoshlar – Yangi O‘zbekiston tayanchi
“Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harakati tashkil etilishining huquqiy asoslari haqida so‘z borganda, avvalo, Prezidentimiz tomonidan 2021 yil 13 iyulda qabul qilingan “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonga alohida to‘xtalish lozim. Chunki xuddi shu hujjatga muvofiq, “O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida yoshlarga oid davlat siyosati sohasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlangan.
Dasturning 3-qismida yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan bir qancha bandlar belgilangan. Jumladan, Mudofaa vazirligi huzurida bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatini tashkil etish masalasi ko‘zda tutilgan.
O‘z navbatida, ayni vazifalar 2021 yil 30 iyun kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida ilgari surilgan yangi tashabbus va g‘oyalarni amalga oshirish hamda «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash maqsadi bilan chambarchas bog‘liqdir.
Binobarin, mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ulug‘ maqsadga erishish yo‘lida asosiy tayanchimiz bo‘lgan azmu shijoatli yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularga barcha sohalarda o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, «Eng bebaho oliy ne’mat – tinchligimiz va osoyishtaligimizning qadriga yetishimiz, oilalarimiz, farzandlarimiz, kelgusi avlodlarimizning baxtu kamoli uchun bu ulug‘ boylikni asrab-avaylashimiz lozim. Shu maqsadda yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga yanada ko‘proq ahamiyat berishimiz kerak».
Tashabbusga keng yo‘l ochgan Qaror
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ushbu Farmoni ijrosi doirasida 2022 yil 2 martda «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorini imzoladi. Qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad – yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy yetuk va jismonan sog‘lom barkamol avlodni voyaga yetkazishdir.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining ikkita taklifi ma’qullandi. Ya’ni:
birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzurida «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatini tashkil etish;
ikkinchidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalarida boshqarma boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlarida bo‘lim boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarini joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.
Prezident qaroriga muvofiq, «Vatan tayanchi» harakatining tashkiliy tuzilmasi ham tasdiqlandi.
Harakatning huquqiy maqomi va tuzilishi
«Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati – davlat muassasasidir. Uning asosiy ta’sischisi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hisoblanadi.
«Vatan tayanchi» harakatining maqomi, Qurolli Kuchlar xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash shartlariga ko‘ra, davlat boshqaruvi organi – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi markaziy apparatining mustaqil bo‘limiga tenglashtirilgan.
«Vatan tayanchi» harakati xodimlarining asosiy tarkibi Mudofaa vazirligi qo‘shinlari umumiy cheklangan shtat birliklari doirasida tashkil etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari «Vatan tayanchi» harakati faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari, tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlari boshliqlarining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida tegishlicha «Vatan tayanchi» harakatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlari hamda tuman (shahar) bo‘linmalari boshliqlari hisoblanadi.
Davlat umumta’lim maktablarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi rahbarligida tarkibi 20 nafar 10-11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘lgan «Vatan tayanchi» otryadlari tuziladi. Ularning faoliyati «Vatan tayanchi» harakati tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
«Vatan tayanchi» otryadlariga davlat umumta’lim maktablari o‘quvchilari ixtiyoriylik asosida a’zo bo‘ladi.
«Vatan tayanchi» harakati huzurida Vasiylik kengashi, uning hududiy bo‘limlari va bo‘linmalari huzurida esa muvofiqlashtiruvchi kengashlar tuziladi. Ularning tarkibiga Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkilotining vakillari kiritiladi.
«Vatan tayanchi» qanday vazifalarni bajaradi?
O‘zbekiston Prezidentining 2022 yil 2 martdagi Qaroriga asosan:
- o‘sib kelayotgan yosh avlodni Vatan taqdiriga daxldorlik, ma’naviy-axloqiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda qonunlarimizga nisbatan yuksak hurmat ruhida tarbiyalash;
- erkin fikrlaydigan, mustahkam bilimli, jamiyatda munosib mavqeini egallash qobiliyatiga ega, mustaqil qaror qabul qilishga qodir, mamlakatining, xalqi va o‘z oilasining farovonligi va yanada rivojlanishi orzusida bo‘lgan vatanparvar yoshlarni tarbiyalash;
- o‘quvchi-yoshlarni tuzilayotgan otryad atrofida birlashtirish va jipslashtirish, ular orasida harbiy-vatanparvarlik, o‘quv-tarbiyaviy tadbirlarni amalga oshirishda asosiy tashkilotchi sifatida faoliyat yuritish, o‘quvchilarda o‘qish va intizom bo‘yicha yuqori natijalarga erishishga ishtiyoqni uyg‘otish hamda ularga o‘rnak bo‘lish uchun faol harakat qilish;
- davlat umumta’lim maktablar o‘quvchilarini odob-axloq, Vatanga sadoqat va o‘ziga qat’iy ishonch ruhida tarbiyalash, o‘qishi, intizomi va jismoniy ko‘rsatkichlari past o‘quvchilarga yuqori natijalarga erishishda ko‘maklashish;
- davlat umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish;
- o‘quvchilarni turli xavfli g‘oyalar va tashqaridan «ommaviy madaniyat» niqobi ostida kirib kelayotgan salbiy ta’sirlardan himoya qilish – «Vatan tayanchi» harakatining asosiy vazifalari etib belgilangan.
«Vatan tayanchi» harakatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi
Prezidentimizning 2022 yil 2 martdagi Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash borasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2022 yil 23 iyunda «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qaror qabul qilindi.
Bu o‘rinda, avvalambor, «Vatan tayanchi» harakatining faoliyatini samarali tashkil etish uchun yuridik shaxs bo‘lmagan «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilganini ta’kidlash maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari va sarflash maqsadlari belgilandi.
Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanmaydi. Uning mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatining alohida byudjetdan tashqari mablag‘larini saqlash uchun «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasi moliya xizmatida alohida depozit hisobvarag‘ida jamlanadi hamda Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan Nizomda belgilangan maqsadlarga sarflanadi.
Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish «Vatan tayanchi» harakatining rahbari tomonidan tasdiqlangan va Toshkent harbiy okrugi moliya xizmatida belgilangan tartibda ro‘yxatga olinadigan yillik daromadlar va xarajatlar smetasi asosida amalga oshiriladi. Jamg‘arma faoliyatini boshqarish va nazorat qilishga «Vatan tayanchi» harakati rahbari mas’uldir.
Jamg‘arma mablag‘lari:
- davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha dasturlar, «yo‘l xaritalari» doirasida belgilangan tartibda ajratiladigan mablag‘lar;
- «Vatan tayanchi» harakatining vaqtincha bo‘sh mablag‘larini davlat ulushi bo‘lgan tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan tushadigan tushumlar;
- yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
- xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, shuningdek, boshqa xorijiy donorlarning grantlari;
- qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga shakllantiriladi.
«Vatan tayanchi» otryadlari a’zolari uchun imtiyozlar
«Vatan tayanchi» otryadlariga ixtiyoriylik asosida a’zo bo‘lgan davlat umumta’lim maktablari o‘quvchilariga muayyan imtiyozlar berilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, «Vatan tayanchi» otryadlarining a’zolari:
– davra suhbatlari, konferensiyalar, amaliy mashg‘ulotlar, treninglar hamda madaniy-ma’rifiy, ommaviy-madaniy va boshqa tadbirlarda qatnashish uchun bir hududdan boshqa hududga, shuningdek, Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy qism, muassasalar va harbiy poligonlarga yuborilganda, Jamg‘arma hisobidan oziq-ovqat bilan «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseylarining o‘quvchilari uchun belgilangan me’yorlarga muvofiq ta’minlanadi;
– 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab «Vatan tayanchi» harakatining faoliyatida faol ishtirok etgan hamda davlat umumta’lim maktabini a’lo baholar bilan tamomlagan har bir «Vatan tayanchi» otryadining bir nafar a’zosiga Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tanlab olish tartibiga muvofiq oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi;
– «Vatan tayanchi» harakatining tegishli tavsiyanomalariga ega bo‘lgan «Vatan tayanchi» otryadi a’zolari respublika oliy harbiy ta’lim muassasalarining tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklida imtiyozga ega bo‘ladilar;
– «Vatan tayanchi» harakati tomonidan respublika oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun berilgan tavsiyanomalar berilgan sanadan boshlab uch yil mobaynida amal qiladi.
Muxtasar aytganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida, jumladan, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlagani bejiz emas. Zero, bugungi globallashuv va keskin raqobat davri bilan bog‘liq yangi tahdid va xatarlar bizdan doim ogoh va hushyor bo‘lishni taqozo etmoqda.
Binobarin, yoshlarimizning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga yanada ko‘proq ahamiyat berish oldimizdagi kechiktirib bo‘lmaydigan muhim vazifalardandir. Shu ma’noda, “Vatan tayanchi” otryadlari bo‘lg‘usi Vatan himoyachilarini birlashtirmoqda.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 09.02.2023
- Ko'rishlar: 9388
- Chop etish