“Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik” Xalqaro forumi o'z ishini yakunladi

2021 yil 24 iyun kuni “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik” Xalqaro forumida Buxoro deklaratsiyasi qabul qilindi.

Ikki kun davomida to'plangan va erishilgan natijalar, mavjud muammolar va ularni hal qilishning samarali yechimlari, istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi.

Yakunlovchi sessiyada O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T. Narbaeva ishtirok etib, bugun Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik nihoyatda muhimligini qayd etdi.

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning rolini yanada oshirish, parlament nazorati samaradorligini mustahkamlash hamda inson huquqlarini ta'minlashga qaratilgan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi parlament a'zolari va xorijiy ekspertlar tomonidan qo'llab-quvvatlangani ta'kidlandi.

Tadbirda global forumni har ikki yilda o'tkazish, ushbu davrda hamkorlikda amalga oshirgan ishlar, erishgan yutuqlar, shuningdek mintaqaviy va global miqyosda yuzaga kelayotgan muammolarni muhokama qilib borish hamda aniq natijalarga yo'naltirilgan hamkorlikdagi dasturlarni qabul qilish taklif etildi.

Yakunlovchi sessiyada BMT Bolalar jamg'armasining (YUNISEF) O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamatzade ham so'zga chiqib, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlikka ilk qadam qo'yilganini qayd etdi va forum natijalariga to'xtalib o'tdi.

Shu bilan Buxoro shahrida o'tkazilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik” Xalqaro forumi o'z ishini yakunladi.

Manba: senat.uz

Powered by GSpeech