Yangi qonun inson huquqlari himoyasi tizimida Konstitutsiyaviy sudning rolini yanada oshiradi

30 aprel kuni O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlisi bo'lib o'tdi. Unda   2021 yil 28 aprelda e'lon qilingan va kuchga kirgan “O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to'g'risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishidan kelib chiqadigan vazifalar ko'rib chiqildi.

Majlisda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari hamda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman), O'zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashi raisi, O'zbekiston
Respublikasi Oliy sudi raisi, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, shuningdek Konstitutsiyaviy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a'zolari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.   

Konstitutsiyaviy sud raisi M.Abdusalomov majlisni kirish so'zi bilan ochib, “O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to'g'risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi – mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli demokratik islohotlar, inson huquqlari va qonunchilikni liberallashtirish g'oyalariga muvofiqligini ta'kidladi. Binobarin, yangi qonun bilan Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishni rivojlantirishga xizmat qiladigan bir qator printsipial yangiliklar kiritilmoqda.

Konstitutsiyaviy sud doimiy faoliyat yurituvchi sud hokimiyati organi sifatida qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to'g'risidagi ishlarni ko'radi. Yangi qonunning qabul qilinishi Konstitutsiyaviy sudga yangi vakolatlar berilishi bilan birga vazifalar ham yuklaydi.

Mazkur qonunning qabul qilinishi inson huquqlarini himoya qilish tizimida Konstitutsiyaviy sudning rolini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Qonun bilan Konstitutsiyaviy sudga masalalar kiritish huquqiga ega bo'lgan sub'ektlar doirasi kengaytirildi. Mazkur sub'ektlarga – O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) o'rinbosari – Bola huquqlari bo'yicha vakil, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil hamda fuqarolar va yuridik shaxslar kiradi.

Qonunning asosiy yangiliklaridan biri – fuqarolar va yuridik shaxslarga muayyan ishda qo'llangan qonun bilan ularning konstitutsiyaviy huquqlari buzilganligi yuzasidan shikoyat bilan
Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berilmoqda.

Agar qonun fuqaro yoki yuridik shaxsning konstitutsiyaviy huquqlarini buzayotgan bo'lsa, muayyan ishda qo'llanilgan va ishning sudda ko'rib chiqilishi tugallangan bo'lsa, fuqarolar va yuridik shaxslar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishlari mumkin bo'ladi. Ya'ni, mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilishning yangi instrumenti sifatida konstitutsiyaviy  shikoyat instituti joriy etilmoqda.

Ushbu mexanizmni joriy etish Konstitutsiyaning 44-moddasida mustahkamlangan har bir shaxsga o'z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishni yanada ishonchli kafolatlanishiga olib keladi.

“O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to'g'risida”gi Konstitutsiyaviy qonunni tatbiq etish vazifalari yuzasidan majlis ishtirokchilari fikr va mulohazalar bilan ishtirok etdilar.  

Konstitutsiyaviy sud majlisi tanqidiy ruhda o'tib, unda so'nggi yillarda sud tomonidan olib borilgan ishlar bugungi kun talablariga to'liq javob bermasligi, yangi O'zbekiston va shiddatli islohotlarga  mutanosib ravishda Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta'minlash, inson huquqlarini himoya qilish samaradorligini oshirish lozimligi ta'kidlandi.

Majlis doirasida “O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to'g'risida”gi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilinishi munosabati bilan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi belgilab olindi. 

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech