Qutlugʻ toʻyga “Akademnashr” nashriyoti tomonidan ham munosib toʻyona hozirlandi.
Mamlakatimizda oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan atoqli shoir, taniqli jamoat arbobi, Oʻzbekiston Respublikasi davlat madhiyasi muallifi, Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning betakror ijodiy merosi nihoyatda qadrlanadi. Ardoqli shoirimizning Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuygʻusini, olijanob insoniy fazilatlarni madh etgan yetuk badiiy asarlari, sermazmun hayoti va ijtimoiy faoliyatining xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirish, yosh avlod tarbiyasidagi oʻrni beqiyosdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 2-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori asosida yurtimizda ulugʻ shoir tavalludining 80 yilligini munosib nishonlash va xotirasini abadiylashtirish borasida koʻplab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Qutlugʻ toʻyga “Akademnashr” nashriyoti tomonidan ham munosib toʻyona hozirlandi. Ushbu nashriyot tomonidan Ustoz Abdulla Oripov haqidagi xotiralarni oʻzida jamlagan “Oʻzbekiston – dilbar vatanim” deb nomlangan kitob nashr etildi. Mazkur kitob Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, yuridik fanlar doktori, professor Akmal Saidov, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, taniqli olim, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, badiiy adabiyot va sheʼriyat muxlisi Qalandar Abdurahmonov hamda taniqli ijodkor Gʻulom Mirzolar muallifligida chop etilgan.
“Keyingi yillarda biz Qarshi shahrida bunyod etilgan Abdulla Oripov muzeyini bir necha bor ziyorat qildik, – deydi mualliflar. – Sevimli shoirimiz nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatdagi uchrashuvlarda ishtirok etdik. Ushbu maktabda, avvalo, badiiy ijod bilan shugʻullanadigan – koʻzlari yoniq, istiqboli yorugʻ yosh isteʼdod sohiblari bilim olayotganiga bevosita amin boʻldik. Eng muhimi, ana shu navqiron yigit-qizlarning barchasi ustoz Abdulla Oripovning ijodini nafaqat sevib oʻrganmoqda, balki targʻib qilish bilan ham shugʻullanmoqda. Ayniqsa, taʼlim maskanining ingliz tili oʻqituvchilari Dilnavoz Murodova bilan Gulnoza Hamidova atoqli shoirimiz sheʼrlarini ingliz tiliga tarjima qilish borasida astoydil ish olib borayotganidan nihoyatda quvondik. Ushbu taʼlim dargohidagi uchrashuvlarda bildirilgan taklif va istaklarni inobatga olib Abdulla aka haqidagi turli yillarda nashr etilgan kitoblarimiz, matbuotda eʼlon qilingan maqola, esse taqrizlarimizni yagona muqova ostida jamlashga jazm etdik”.
Kitobning birinchi qismi “Abdulla Oripov siyrati” deb nomlanadi. Ushbu qismdan uzoq yillar Oliy Majlis deputatlari sifatida ardoqli shoirimiz bilan faoliyat yuritgan, olis va yaqin yurtlar safarlarida hamrohlik qilib, hayotda doimo oʻzaro doʻst va dilkash hamsuhbat boʻlgan inson – Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, yuridik fanlar doktori, professor Akmal Saidovning sevimli shoirimiz bilan qariyb 30 yillik muloqotlari asnosida qogʻozga tushirilgan esse, maqola va xotiralari joy olgan.
Ikkinchi qismi «Buyuklar kahkashonida» deb nomlangan. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, taniqli olim, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, badiiy adabiyot va sheʼriyat muxlisi Qalandar Abdurahmonovning ushbu boʻlimdan joy olgan xotira-essesi zamonaviy oʻzbek adabiyotining yorqin vakili Abdulla Oripov xotirasiga bagʻishlangan.
Kitobning uchinchi qismi “Jondek aziz xotira” deb nomlangan. Binobarin, Abdulla Oripov hayotining keyingi yillarida Ustozni ziyorat qilib, suhbatlarini olish uchun borgan shogirdlarning samimiy gurunglari nafasi ufurib turgan yodnomalar ana shu qismga kiradi.
Toʻrtinchi qism “Yurt tanho, Vatan tanho: Abdulla Oripov yodi matbuot koʻzgusida” deb nomlangan. Ushbu ardoqli qism shoirimiz vafotidan keyin ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan xotira, yodnoma va xabarlarni oʻzida mujassam etgan.
Kitobga “Oʻzbekiston – dilbar Vatanim” degan jarangli nomni tanlashda ham atoqli shoirimizning mashhur “Bahor” sheʼridagi:
«Bahoring muborak boʻlsin ushbu dam, Mening Oʻzbekiston – dilbar Vatanim», – degan misralarga asoslanganimiz bejiz emas. Chunki Abdulla Oripov butun umr Vatanimiz tabiati va insonlarini, el-yurtimiz tarixi, bugungi kuni hamda kelajagini hassos ruh va yuksak daholik bilan tarannum etgan.
Abdulla Oripov nafaqat atoqli shoir va tarjimon, ayni chogʻda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining muallifi, taniqli davlat va jamoat arbobi, dilkash va oqibatli inson sifatida ham xalqimiz xotirasida abadiy saqlanib qolajak.
Muxtasar TOJIMAMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
- Qo'shildi: 25.02.2021
- Ko'rishlar: 5209
- Chop etish