O‘ZBEKISTON VA NOGIRONLAR HUQUQLARI TO‘G‘RISIDAGI KONVENSIYA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surgan milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslar keng jamoatchiligimiz hamda jahon hamjamiyati tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmokda. Bunday ijobiy munosabat, bir tomondan, O‘zbekistonning davlatimiz rahbari belgilab bergan milliy taraqqiyot yo‘lidan og‘ishmay, dadil odimlayotganini tasdiqlasa, ikkinchi tomondan, xalqaro maydonda o‘rni va nufuzi tobora mustahkamlanib borayotganiga yana bir yorqin dalildir.

 

MILLIY QONUNDAN XALQARO KONVENSIYA SARI

 

Birinchidan, 2021 yil 18 may kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taklifiga binoan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyusiya bir ovozdan qabul qilinganini ta’kidlash lozim.

Dunyoning turli mintaqalaridagi 60 ga yaqin davlat mazkur rezolyusiyada hammuallif sifatida ishtirok etgani e’tirofga sazovor.

Ikkinchidan, Oliy Majlis Senatining 29 may kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining "Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani (Nyu-York, 2006 yil 13 dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonuni loyihasi muhokama etildi va tasdiqlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoev 2021 yil 22 fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida bu haqda to‘xtalgandi. Davlatimiz rahbari yuksak minbardan turib, imkoniyati cheklangan shaxslarning o‘z qobiliyatini to‘la ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha mintaqaviy kengash tuzish taklifini xalqaro hamjamiyat e’tiboriga havola etar ekan, O‘zbekistonda alohida ehtiyojga ega bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidlagani bejiz emas.

PREZIDENTNING QONUNCHILIK TASHABBUSI: IZCHILLIK VA SAMARA

O‘zbekiston hukumati BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini 2009 yil 27 fevralda imzolagan. O‘shanda mamlakatimiz konvensiyani kelgusida ratifikatsiya qilishga ishonch bildirgan. Afsuski, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ayni ratifikatsiya masalasi cho‘zilib ketdi.

Shu ma’noda keyingi yillarda bu boradagi amaliy ishlar shiddatli tus olgani diqqatga loyiq. O‘zbekiston Respublikasining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilishiga oid masala davlat rahbarining quyidagi dasturiy hujjatlarida:

birinchidan, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida (2017 yil 1 dekabrda qabul qilingan);

ikkinchidan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturida (2018 yil 5 maydagi farmon bilan tasdiqlangan);

uchinchidan, Inson hukuqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida (2020 yil 22 iyundagi farmon bilan tasdiqlangan);

to‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2021 yil 22 fevralda bo‘lib o‘tgan 46- sessiyasidagi nutqida nazarda tutilgan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va BMT xalqaro shartnomaviy organlari — Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar qo‘mitasining, Irqiy kamsitishni tugatish bo‘yicha qo‘mitaning yakuniy tavsiya va mulohazalarida O‘zbekiston tomonidan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni takomillashtirish va targ‘ibot-tashviqot faoliyatini amalga oshirish bir necha marta tavsiya etilgan.

Bu orada 1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan va 2008 yilda yangi tahriri tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni takomillashtirish bo‘yicha ish olib borildi. O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi asosida 2017 yilda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha 2018 yil 20 iyul kuni umumxalq muhokamasi uchun yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidajoylashtirildi.

Bu qonun loyihasida. jumladan, BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining xalqaro standartlari va talablari, eng muhimi, asosiy falsafasini hisobga olish, shuningdek. “nogiron” so‘zi o‘rniga “nogironligi bo‘lgan shaxs” atamasidan foydalanishga e’tibor qaratildi.

So‘ngra 2020 yil 22 iyul kuni “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib. 2020 yil 11 sentyabr kuni Senat tomonidan ma’qullandi. Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020 yil 15 oktyabr kuni imzolangach uning 49-moddasiga muvofiq. rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach ya’ni 2021 yil 15 yanvar kuni kuchga kirdi.

Shu tariqa O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan dastavval bu borada alohida qonun qabul qilinishiga muvaffaq bo‘lindi. O‘z navbatida, davlatimiz rahbarining xalqaro tashabbusi doirasida O‘zbekiston parlamenti Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qildi.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonda ijtimoiy adolat prinsipiga amal qilish, yordam va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj, birinchi navbatda. jismoniy imkoniyati cheklangan odamlarga to‘laqonli hayot kechirish uchun sharoit yaratish masalasi davlatimiz rahbarining doimiy diqqat markazida turibdi.

KONVENSIYA - DUNYODAGI NOGIRONLIGI BO‘LGAN SHAXSLAR KONSTITUTSIYASI

Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006 yil 13 dekabrda qabul qilingan va 2008 yil 3 mayda kuchga kirgan. 2021 yil fevral holatiga ko‘ra. BMTga a’zo 192 davlatdan, 182 tasi ushbu konvensiyani ratifikatsiya qilgan.

E’tibor bering, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi inson huquqlari to‘g‘risida XXI asrda qabul qilingan birinchi shartnomadir.

Konvensiyada nogironlarning huquqlari va asosiy erkinliklari, xususan, ularning yashash, fuqarolik, huquqiy himoyalanish, ta’lim olish, salomatliklarini saqlash, boshqalar bilan teng ravishda mehnat qilish, siyosiy, ijtimoiy, ma’daniy hayotda. bo‘sh vaqtni o‘tkazish, dam olish va slort bilan shug‘ullanishda ishtirok etish, o‘zlari va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga ega bo‘lish va ijtimoiy yordam huquqlari e’tirof etilgan. Ushbu huquqlarni amalga oshirishning kafolatlari belgilangan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyo aholisining 15 foizini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil qiladi, bugungi kunda ularning soni 1 milliardga yetgan.

Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya 50 ta moddadan iborat bo‘lib, dunyodagi nogironligi bo‘lgan shaxslar holatini tahlil etish asosida qabul qilingan. Mazkur xalqaro-huquqiy hujjat insonlarning turli-tumanligi va qadr-qimmati prinsiplarini o‘zida mujassamlashtirgani juda muhimdir.

Konvensiyaning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, nogironligi bo‘lgan shaxslar barcha inson huquqlari va erkinliklaridan kamsitishlarsiz foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.

Konvensiyaning maqsadi 1-moddada bayon etilgan hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning tenglik asosida barcha inson huquqlarini to‘liq amalga oshirishlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ta’minlashdan iboratdir. U foydalanish imkoniyati, shaxsiy harakatlanish, sog‘liqni saqlash. ta’lim, bandlik. abilitatsiya va reabilitatsiya, siyosiy hayotda ishtirok etish, shuningdek, tenglik va kamsitmaslik kabi bir qator muhim masalalarni qamrab oladi.

Konvensiyaning 4-moddasida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash, rag‘batlantirish va himoya qilish bo‘yicha umumiy majburiyatlar belgilangan. Xususan, konvensiyada ishtirok etuvchi davlatlar quyidagi majburiyatlarni oladi:

  • nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini amalga oshirish uchun barcha zarur qonuniy, ma’muriy-tashkiliy va boshqa choralarni ko‘rish;
  • nogironligi bo‘lganlarga nisbatan kamsitish xususiyatiga ega mavjud qonunlar, qarorlar, urf-odatlarni o‘zgartirish yoki bekor qilish;
  • barcha strategiyalar va dasturlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishni hisobga olish, konvensiyaga to‘g‘ri kelmaydigan har qanday harakatlar yoki usullardan tiyilish;
  • har qanday shaxs, tashkilot yoki xususiy korxona tomonidan nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishni bartaraf etish uchun zarur choralarni ko‘rish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning aniq ehtiyojlari uchun moslashtirish, tovarlar, xizmatlar, jihozlar va universal dizayn ob’ektlarining ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalarini olib borish yoki rag‘batlantirish;
  • konvensiyada kafolatlangan yordam va xizmatlarni taqdim etishni takomillashtirish uchun mutaxassislar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ish olib boradigan personalni ushbu e’tirof etilgan huquqlarga o‘qitishni rag‘batlantirish.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishda ustuvor sub’ektlar sifatida nogironligi bo‘lgan ayollar (6-modda) va nogironligi bo‘lgan bolalar (7-modda) ajratib ko‘rsatilgan.

Konvensiya qoidalari bajarilishini monitoring qiluvchi, ishtirok etuvchi davlatlarning ma’ruzalarini ko‘rib chiqishga vakolatli hamda ushbu ma’ruzalar bo‘yicha takliflar va umumiy tavsiyalar beruvchi organ — BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi (18 kishidan iborat) tashkil etilgan.

A’zo davlatlar dastlabki milliy ma’ruzani konvensiya ratifikatsiya qilinganidan so‘ng 2 yil ichida, keyinchalik har 4 yilda bir marta taqdim etishi belgilangan.

NOGIRONLIGI BO‘LGAN SHAXSLAR HUQUQLARINI HIMOYA QILISHNING YURIDIK ASOSLARI

Mamlakatimizning nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri nogironligi bo‘lgan shaxslarga Konstitutsiyamizda nazarda tutilgan fuqarolik, iqtisodiy, siyosiy va boshqa huquq va erkinliklarni amalga oshirishda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari hamda prinsiplari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa fuqarolar bilan teng imkoniyatlarni ta’minlash hisoblanadi.

O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan 760 mingdan ziyod shaxs istiqomat qiladi. Ular ijtimoiy himoya va qo‘llab-quvvatlash, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya choralari bilan qamrab olingan.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 apreldagi qarori bilan Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Ushbu hujjatga asosan, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari 2021 yil 1 avgustdan boshlab ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 apreldagi qarori bilan hukumat huzurida doimiy faoliyat yurituvchi Nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlari bo‘yicha idoralararo kengash tashkil qilindi. Idoralararo kengashning asosiy vazifalari:

  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning sog‘lig‘ini tiklash, ularni reabilitatsiya qilish, ijtimoiy himoya qilish va huquqlarini ta’minlashga doir davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olishi, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, mehnat qilishi va bandligiga ko‘maklashish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida to‘la huquqli tarzda ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda ishtirok etishdan iborat.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini jamiyat hayotining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarida himoya qilish asosida qanday vaziyat bo‘lishidan qat’i nazar, insonni, shu jumladan, nogironligi borligi tufayli kamsitmaslik prinsipi yotadi. Bu borada nafaqat davlat tuzilmalari, balki fuqarolik jamiyati institutlari ham faollik ko‘rsatayotgani juda muhim.

Bugungi kunda mamlakatimizda nogironlik sohasida 600 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilot faoliyat yuritmoqda. Ular orasida O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston nogironlar jamoat fondi, O‘zbekiston Nogiron ishbilarmon ayollar milliy assotsiatsiyasi, Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi, O‘zbekistondagi falaj nogiron bolalar va o‘smirlarga yordam berish “Umr” jamoatchilik markazi, “Inklyuziv hayot” nogironlar jamoat birlashmasi, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston karlar jamiyati kabi NNTlar bor. Ushbu nodavlat notijorat tashkilotlarning vakillari konvensiyani ratifikatsiya qilishda faol ishtirok etdi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash hamda himoya qilish masalalari bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasining 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjati bilan tartibga solinmoqda. Bu o‘rinda Konstitutsiya, 40 dan ortiq qonun va 160 dan ortiq qonunosti hujjat ko‘zda tutilgan.

Jumladan, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari Konstitutsiya, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi, ‘Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonunlar va Mehnat kodeksi bilan tartibga solinadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini tartibga soluvchi milliy qonunchilik:

  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi barcha huquqlarini tartibga soluvchi O‘zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonuni, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirishga qaratilgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar;
  • sog‘liqni saqlash va tibbiy xizmat ko‘rsatish;
  • bandlik masalalari;
  • jismoniy tarbiya, sport va dam olish; ijtimoiy ob’ektlar va xizmatlar, transport, aloqa va axborot vositalaridan foydalanish;
  • odil sudlov;
  • davlat va jamoat ishlarida ishtirok etish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik kabi normalardan tashkil topgan.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning tengligi, huquqlari, ayniqsa, ayollar va bolalarning ta’lim olishi, salomatligini saqlashi, mehnat qilishi, o‘zi va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga ega bo‘lishining huquqiy kafolatparini belgilovchi xalqaro-huquqiy hujjatdir.

Konvensiyani ratifikatsiya qilishda 3 ta manba: milliy qonunchilik, xorijiy yuridik amaliyot va ushbu konvensiyaning o‘ziga tayanildi. AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveysariya, Rossiya. Belarus, Ukraina, Ozarbayjon kabi davlatlar tajribasi chuqur o‘rganildi.

Xususan, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveysariya kabi yetakchi xorijiy davlatlar Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilgan holda, tegishli milliy qonunlarini ham qabul qilgan. Bu qonunlarning barchasi mazmunan o‘xshash bo‘lib, konvensiya talablari negizida ishlab chiqilgan.

E’tiborli tomoni shundaki, GFRda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan bir qancha qonunlar mavjud. Jumladan, “Jamiyatda, ishda va kasbiy sohada nogironlarning huquqlarini ta’minlash to‘g‘risida”gi Qonun shular sirasiga kiradi.

O‘zbekistonning bu boradagi huquqiy amaliyotiga kelsak, qonun ijodkorligida ilk bor noyob tajriba qo‘llanildi. Ya’ni xalqaro-huquqiy hujjat dastlab milliy qonunchilikka implementatsiya qilinib, shundan keyin ratifikatsiya qilindi.

Eng asosiysi, konvensiyani ratifikatsiya qilish natijasida:

birinchidan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimi xalqaro norma va standartlarga muvofiqlashadi;

ikkinchidan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlarning maqsadli resurslarini jalb qilish imkoni kengayadi;

uchinchidan, aholini ijtimoiy himoya qilishdagi mamlakatimizning ijobiy xalqaro imiji yanada yaxshilanadi.

 

 

Akmal SAIDOV,

 O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

 Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, akademik

Powered by GSpeech