O'zbekiston YeXHT bilan sermahsul muloqotni davom ettirishdan manfaatdor

Shu kunlarda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi (DIIHB) direktori Matteo Mekachchi boshchiligidagi delegatsiyaning O'zbekistonga tashrifi davom etmoqda. Tashrif dasturi doirasida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Markaziy saylov komissiyasi, Oliy sud, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa vazirlik hamda idoralarda uchrashuvlar o'tkazildi.

29 aprel kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov YeXHT DIIHB direktori Matteo Mekachchi bilan uchrashdi.

– Keyingi yillarda mamlakatimiz bilan  Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti o'rtasida o'zaro muloqot va hamkorlik aloqalari jadallashganini alohida ta'kidlash lozim, – dedi A.Saidov ushbu uchrashuv tafsilotlari, umuman, YeXHT va O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida to'xtalib. – Buni, avvalambor, yaqinda YEXHTning amaldagi raisi, Shvetsiya Qirolligi tashqi ishlar vaziri Ann Linde boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo'lgani yaqqol tasdiqlaydi.

Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 14 aprel kuni ushbu nufuzli delegatsiyani qabul qildi. O'zaro muloqot chog'ida davlatimiz rahbari YEXHT bilan samarali muloqotning bugungi darajasini mamnuniyat bilan qayd etdi hamda Shvetsiyaning tashkilotga raisligining ustuvor yo'nalishlarini qo'llab-quvvatladi.

Uchrashuvda mamlakatimizning YeXHT bilan konstruktiv sherikligini rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Suhbatda O'zbekiston Prezidenti YeXHT bilan ko'p qirrali sheriklikni, avvalo, mamlakatimizda muhim ichki siyosiy tadbirlarni o'tkazishga tayyorgarlik doirasida kengaytirishning asosiy yo'nalishlariga alohida to'xtaldi.

Birinchidan, O'zbekiston YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi hamda Parlament assambleyasi bilan sermahsul muloqotni davom ettirishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Ikkinchidan, yaqin orada bir qator qo'shma tadbirlarni tashkil etish to'g'risida kelishuvga erishildi.

O'z navbatida, Ann Linde O'zbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, shuningdek Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi siyosatni yuqori baholadi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi YeXHT doirasidagi qo'shma tashabbuslar qo'llab-quvvatlanayotgani hamda Shvetsiya bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga yuksak e'tibor qaratilayotgani uchun O'zbekiston Prezidentiga minnatdorchilik bildirdi.

YEXHTning amaldagi raisi bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazida ham uchrashuv bo'lib o'tdi. Biz inson huquqlari sohasidagi o'zaro hamkorlikning istiqboldagi yo'nalishlarini muhokama qildik.

A.Linde O'zbekistonning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zo bo'lganini qutlar ekan, inson huquqlariga doir tashabbuslarni ilgari surish borasida muvaffaqiyatlar tiladi. YeXHTning amaldagi raisi O'zbekiston Respublikasida olib borilayotgan gender siyosatiga, bu siyosatning aynan ijtimoiy-siyosiy hayotda xotin-qizlar roli va mavqeini oshirishga qaratilganiga ham yuqori baho berdi.

Shu ma'noda, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi direktori M.Mekachchi boshchiligidagi delegatsiyaning O'zbekistonga tashrifi bundan atigi 12 kun oldin O'zbekiston Prezidenti va YeXHTning amaldagi raisi o'zaro kelishib olgan sermahsul muloqotlarning yangi bosqichi boshlanganidan dalolat beradi.

– YeXHT DIIHB direktori Matteo Mekachchi bilan uchrashuvingiz tafsilotlari haqida so'zlab bersangiz?

– Ushbu uchrashuvga qadar biz janob M.Mekachchi bilan YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosining 26-27 aprel` kunlari bo'lib o'tgan Insoniylik mezonlari bo'yicha ikkinchi qo'shimcha yig'ilishi doirasida onlayn-muloqot qilgandik.

“Demokratik qonun ijodkorligi: tomonlar ishtirokini ta'minlash” mavzusidagi ushbu anjuman YeXHTga a'zo davlatlar, Tashkilot institutlari, xalqaro tuzilmalar, fuqarolik jamiyati va boshqa tomonlar ishtirokida ochiq, shaffof hamda inklyuziv konun ijodkorligi, korruptsiyaga karshi kurash, qonunchilikda gender tenglik, qarorlar qabul qilishda raqamlashtirish, qonunlarning inson huquqlariga mos kelishi masalalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etilgani e'tiborga loyiqdir.

YeXHT DIIHB direktori M.Mekachchi anjumandagi nutqida YeXHTga a'zo mamlakatlar o'z zimmasiga olgan majburiyatlarning bajarilishi, jamiyatda murosasizlik, kamsitish, inson huquqlari buzilishi va boshqa masalalar bilan bog'liq mavjud muammolar haqida ma'lumot berdi. Men esa O'zbekiston Parlamentida so'nggi yillarda amalga oshirilgan yangicha yondashuvlar va islohotlar, jumladan, pandemiya sharoitida qonun ijodkorligi, unda parlament nazoratini kengaytirish hamda qonun ijodkorligida jamiyatning o'rni va xalqaro hamkorlik sohalaridagi o'zgarishlar va standartlar haqida so'zladim.

Kuni kecha Toshkentda bo'lib o'tgan yuzma-yuz uchrashuv o'sha onlayn muloqotimizning uzviy davomi bo'ldi. Mo''tabar mehmonga avvalo mamlakat parlamenti quyi palatasining asosiy faoliyat yo'nalishlari, xususan, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari bo'yicha qo'mita hamda Inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasi faoliyati haqida ma'lumot berildi.

Parlament faoliyati bilan tanishish asnosida, M.Mekachchi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasi tuzilganini va uning faoliyatini yuqori baholadi.  Mehmon O'zbekiston parlamentining mamlakatdagi shiddatli islohotlar jarayonlariga keng ko'lamda va faol ishtirok etayotganini mamnuniyat bilan e'tirof etdi.

– O'zaro muloqotingizning inson huquqlari va jamiyatni demokratlashtirish sohasidagi istiqbolli hamkorlikni rivojlantirishga taalluqli jihatlari xususida ham to'xtalsangiz?

– Uchrashuvda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi bilan imzolangan anglashuv memorandumlari doirasida o'zaro konstruktiv sheriklikni rivojlantirishning istiqboldagi dolzarb masalalari muhokama qilindi.

M.Mekachchi YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi bilan O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlikning hozirgi yuksak darajasini ma'qullar ekan, inson huquqlari va jamiyatni demokratlashtirishga taalluqli qonun loyihalarini ekspertizadan o'tkazishda ko'maklashishga tayyorligini ta'kidladi.

Mo''tabar mehmonga Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish borasidagi ishlar to'g'risida atroflicha ma'lumot berildi. Gender tenglik va yoshlar siyosatining ustuvor yo'nalishlaridagi faoliyat samaralari haqida ham fikr yuritildi.

Shu o'rinda YeXHT DIIHB direktori tomonidan mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini har tomonlama himoya qilish, gender tenglikni ta'minlash, ta'lim sifatini oshirish va ommaviy axborot vositalarining rolini yanada kuchaytirish bo'yicha olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berilganini alohida ta'kidlash lozim.  

O'zaro muloqotimiz davomida YeXHT bilan hamkorlik va ikki tomonlama aloqalarning istiqboldagi imkoniyatlariga e'tibor qaratildi. Qo'shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko'rib chiqildi.
M.Mekachchi O'zbekistonda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy baholab, mamlakatning BMT Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi hamda BMT Qiynoqlarga qarshi konventsiyasiga Fakultativ protokolni ratifikatsiya qilishida ko'maklashishga tayyorligini ma'lum qildi. Bunda soha xodimlarining bilim va ko'nikmalarini oshirish maqsadida trening va seminarlar o'tkazish borasida hamkorlik qilish maqsadga muvofiq ekaniga e'tibor qaratildi.

Tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Xususan, M.Mekachchi O'zbekiston tomoniga Inson huquqlari sohasida ta'lim deklaratsiyasining 10 yilligiga bag'ishlab global forum va Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasini o'tkazishda ko'maklashishga shayligini bildirdi.

– YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi o'zgargani haqidagi ma'lumotni qanday sharhlaysiz?

– Kanadalik do'stimiz, butun O'zbekistonning yaqin do'sti – “Do'stlik” ordeni sohibi Jon MakGregor 2016 yil may oyidan boshlab YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi sifatida faol ishladi. Ushbu nufuzli mintaqaviy tashkilot bilan o'zaro hamkorligimizning hozirgi ijobiy va samarador darajaga yuksalishi yo'lida u rahbarlik qilgan YEXHT ofisining izchil sa'y-harakatlarini e'tirof etamiz va qadrlaymiz.

Endilikda elchi J.MakGregor YeXHTning Turkmanistondagi missiyasi rahbari lavozimiga tayinlandi. Fursatdan foydalanib, do'stimiz va hamkorimizga yangi lavozimda omadlar tilaymiz.

Ayni vaqtda Shvetsiyaning YeXHTdagi raisligi shveytsariyalik diplomat Pyer fon Arksni YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisining yangi rahbari etib tayinlaganidan xabardormiz. Diplomat yangi vazifasini bajarishga joriy yil may oyida kirishadi.

E'tiborli jihati shundaki, Peer fon Arks O'zbekistonning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili bilan yaqinda bo'lib o'tgan muloqotida so'nggi yillarda O'zbekistonning ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy hayotida amalga oshirilayotgan ijobiy o'zgarishlarni, YeXHT va O'zbekiston o'rtasidagi izchil rivojlanib borayotgan munosabatlarni yuqori baholadi.

U YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisining yangi rahbari sifatida mamlakat hayotiga joriy etilayotgan islohotlar va o'zgarishlar muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga hissa qo'shishga tayyorligini izhor qildi.

Fursatdan foydalanib, Pyer fon Arksni yuqori lavozimga tayinlangani bilan tabriklaymiz. Uning barcha bilim va tajribasi mamlakatimizning YeXHT bilan o'zaro aloqalarini yanada mustahkamlash va rivojlantirishga hissa qo'shishiga umid bildiramiz. O'zaro yaqin va samarali hamkorlikka hamisha tayyormiz.

Xulosa o'rnida shuni alohida ta'kidlash joizki, bu yil mamlakatimiz hayotida muhim siyosiy voqea – O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo'lib o'tadi. Shu ma'noda, 2021 yil 8 fevralda “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun qabul qilinishi YEXHT DIIHB tavsiyalari ijrosi yo'lidagi muhim qadamlardan biri bo'ldi.

Ushbu hujjat bilan bir qator qonunlar hamda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o'zgartirishlar kiritildi. Yana bir muhim jihat – DIIHB tavsiyalarini inobatga olgan holda, Saylov kodeksiga o'zgartirishlar joriy etildi.

O'z navbatida, YeXHT DIIHB direktori Matteo Mekachchining tashrifi doirasida tomonlar O'zbekistonda saylov qonunchiligi va amaliyotini bo'lajak O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini hisobga olgan holda takomillashtirish bo'yicha konstruktiv hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech