Butun dunyo miqyosida har yili 30 iyun – Xalqaro parlamentarizm kuni sifatida keng nishonlanadi. Zero, 1889 yil aynan shu sanada Parijda Parlamentlararo Ittifoq — parlamentlarning global tashkiloti tuzilgan. So'ngra, 2018 yil 22 mayda BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida ushbu kunni Xalqaro parlamentarizm kuni sifatida belgilash to'g'risida qaror qabul qilingan.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Parlamentlararo Ittifoq vitse-prezidenti Akmal SAIDOV bilan mazkur xalqaro sananing mohiyati va ahamiyati haqida suhbatlashdik.
– Avvalambor, bu sana butun jahonda parlamentlar tizimining o'rnini oshirish, ta'bir joiz bo'lsa, har bir parlamentning o'z mamlakati hududida istiqomat qiladigan yuz minglab-millionlab fuqarolari hayotini yaxshilash, inson huquq va manfaatlarini ta'minlashga qaratilgani bilan juda muhim, – deydi A.Saidov. – O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, “Biz milliy parlamentimiz timsolida, avvalo, jamiyatimizning haqiqiy ko'zgusini, odamlarni o'z ortidan ergashtirib, ezgu maqsadlar sari boshlashga qodir bo'lgan katta bir kuchni ko'ramiz”.
Mazkur xalqaro bayramning aynan 30 iyun` kuniga belgilangani ham bejiz emas. Bu sana sayyoramizdagi eng keksa xalqaro tashkilotlardan biri – Parlamentlararo Ittifoq tarixi bilan chambarchas bog'liqdir.
Ma'lumki, 1889 yilda ta'sis etilgan mazkur Tashkilot o'tgan davrda tom ma'noda parlamentlararo xalqaro birdamlikning yorqin ifodasiga aylandi. Bu nufuzli Tashkilot dunyo parlamentlarining yetakchi xalqaro organi sifatida 179 mamlakatni o'zida birlashtirgan. Mintaqaviy parlamentlararo birlashmalarning 13 tasi ham Parlamentlararo Ittifoqning uyushgan a'zolari hisoblanadi. 1971 yildan buyon bosh qarorgohi Jenevada joylashgan.
A'zo parlamentlar va ularning deputatlari o'rtasida yuksak qadriyatlarni ilgari suradigan ushbu Tashkilot barcha millatlar o'rtasida hamkorlik va muloqotni rag'batlantirib kelmoqda. Ayni vaqtda tinch va hamjihat kelajakni ta'minlash uchun samarali qarorlar qabul qilish yo'lida xizmat qilmoqda.
Parlamentlararo Ittifoq dunyo mamlakatlarining qonun chiqaruvchi organlari uchun global muloqot maydoni hisoblanib, uning doirasida muhokama qilingan masalalar jahon hamjamiyati e'tiboriga yetkaziladi. Parlamentlar o'rtasidagi aloqalarni rag'batlantirish va xalqaro tinchlik hamda hamkorlikni mustahkamlash ishida birgalikda faoliyat ko'rsatish uchun ularni birlashtirish mazkur Tashkilotning asosiy vazifalaridan biridir.
Bugungi kunda Parlamentlararo Ittifoqning ovozi dunyo bo'ylab tobora baland yangramoqda. Mazkur Tashkilot faoliyati misolida hozirgi zamon xalqaro munosabatlari mezonlarining samaradorligi baralla ko'rinmoqda.
O'tgan yillar davomida Parlamentlararo Ittifoq ko'plab xalqaro va mintaqaviy parlamentlararo tashkilotlar yuzaga kelishi uchun namuna bo'lib xizmat qildi. Bunday tashkilotlarning soni ayni vaqtda 100 tadan oshadi.
Parlamentlararo Ittifoq BMT bilan yaqin hamkorlik qiladi va uning maqsadlari hamda vazifalarini qo'llab-quvvatlab keladi. Parlamentlararo Ittifoqqa BMTning Bosh Assambleyasi qoshidagi kuzatuvchi-tashkilot maqomi berilgan.
– O'zbekiston bilan Parlamentlararo Ittifoq o'rtasidagi hamkorlik aloqalari qanday rivojlanmoqda?
– O'zbekiston Respublikasi Parlamentlararo Ittifoqqa 1992 yilda a'zo bo'lgan. Mamlakatimiz 2017 yil 13 oktyabrdan mazkur Tashkilotdagi a'zoligini qayta tikladi. Hozirgi kunda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Parlamentlararo Ittifoq bilan faol hamkorlik qilmoqda.
2019 yil 17 oktyabrda Mustaqil O'zbekiston tarixida ilk bor mamlakatimiz vakili Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo'mitasining a'zosi bo'ldi. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori (Akmal Saidov – N.U.) 2020-2023 yillar oralig'idagi muddatga ushbu yuksak lavozimga saylandi. Keyinchalik u Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo'mitasi raisining o'rinbosari etib tayinlandi. Shuningdek, Tashkilotning Moliya bo'yicha kichik qo'mitasiga a'zo bo'ldi.
2020 yilda Parlamentlararo Ittifoq Oliy Majlisning koronavirus pandemiyasi davridagi faoliyatini yuqori baholadi. Bu haqdagi bayonot Tashkilotning rasmiy saytiga joylashtirildi.
Parlamentlararo Ittifoqning 2021 yili bo'lib o'tgan 142-assambleyasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Aslanov Parlamentlararo Ittifoqning Yosh parlamentariylar forumi a'zoligiga qabul qilindi.
Parlamentlararo Ittifoqning 142-assambleyasida ishtirok etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Qo'mita rasining o'rinbosari N.Tilavoldiev Parlamentlararo Ittifoqning Demokratiya va inson huquqlari bo'yicha doimiy qo'mitasi a'zoligiga saylandi.
Bundan tashqari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati M.Baratova Parlamentlararo Ittifoqning Barqaror taraqqiyot bo'yicha doimiy qo'mitasiga a'zo bo'ldi.
Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong 2020 yil avgustida o'tkazilgan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumida virtual rejimda ishtirok etgan. Yaqinda janob Martin Chungongning mamlakatimizga amalga oshirgan ilk tashrifi o'zaro hamkorlik munosabatlarini tubdan yangi bosqichga ko'tardi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi qabul qildi. Mo''tabar mehmon Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi va Qonunchilik palatasi Spikeri bilan uchrashdi. Mo''tabar mehmon Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo'lib o'tgan “Parlamentda yoshlarni qo'llaymiz” mavzusidagi yoshlar parlament forumida ishtirok etdi.
Shuningdek, Martin Chungong 23-24 iyun` kunlari Buxoro shahrida bo'lib o'tgan "Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik" xalqaro forumida ishtirok etdi. O'z navbatida, 25 iyunda Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibining Samarqand shahrida keng jamoatchilik va din arboblari ishtirokida tashkil etilgan “Millatlararo totuvlik va dinlararo bag'rikenglikni ta'minlashda parlamentning roli” mavzusidagi parlament forumida qatnashdi.
Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan, parlamentarizmni rivojlantirish, yoshlarni qo'llab-quvvatlash, gender tenglikni ta'minlash, fuqaroligi bo'lmagan shaxslar holatini yaxshilash borasidagi o'zgarishlarni ijobiy baholaydi. Martin Chungong O'zbekiston Prezidenti ilgari surgan BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta'minlash borasida parlamentlarning rolini oshirish to'g'risida”gi rezolyutsiyasini qabul qilishga doir tashabbusini xalqaro tashkilotlar rahbarlari orasida birinchilardan bo'lib qo'llab-quvvatlagan.
– Yangi O'zbekistonda yangilanayotgan Parlamentning ahamiyati nimada?
– Chindan ham, O'zbekiston Prezidenti ta'kidlaganidek, bugungi Oliy Majlis yangicha parlamentdir. Chunki deputatlarimiz o'z saylovchilarining xohish-irodasini hisobga olib, bevosita xalq bilan ishlay boshladi. Ayni paytda parlament vakolatlari izchil kengaytirilib, hatto Prezident vakolatlarining ayrimlari ham Oliy Majlisga o'tkazib berilmoqda.
Milliy taraqqiyotning hozirgi o'ziga xos o'tish bosqichida bularning barchasi hal qiluvchi rol` o'ynaydi. Binobarin, taniqli frantsuz adibi va faylasufi Jan Jak Russo aytganidek, «qonunchilik hokimiyati – davlatning yuragi bo'lsa, ijroiya hokimiyati – uning miyasidir».
So'nggi yillarda mamlakatimizda «Elektron parlament» tizimini joriy etish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi. Parlament nazorati shakllaridan ko'proq foydalana boshladik, joylardagi mahalliy Kengashlar faoliyati ham sezilarli darajada faollashmoqda.
Eng asosiysi, 2017 yildan boshlab O'zbekistonda yangicha davlat huquqiy amaliyoti – davlat rahbarining Oliy Majlis palatalariga Murojaatnoma taqdim etish an'anasi joriy etildi. Prezident Murojaatnomalari nafaqat milliy parlament a'zolariga, balki butun O'zbekiston xalqiga bevosita murojaat sifatida yanada ahamiyatlidir.
Davlat boshlig'ining parlamentga Murojaatnomasi – dasturiy siyosiy-huquqiy hujjatdir. Murojaatnomada, birinchidan, Prezidentning mamlakatni yaqin istiqbolda rivojlantirishga doir strategik yo'nalishlar bo'yicha nuqtai nazari bayon qilindi; ikkinchidan, siyosiy, iqtisodiy, g'oyaviy-mafkuraviy qoidalar bilan bir qatorda, parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatiga taalluqli aniq takliflar ilgari surildi; uchinchidan, u jahon konstitutsiyaviy amaliyotida hokimiyat vakolatlari bo'linishi printsipini ta'minlashga qaratilgan muhim huquqiy institut sifatida namoyon bo'ldi.
Keyingi yillar tajribasi shuni tasdiqlamoqdaki, o'tayotgan har bir yilimiz ulkan dastur va loyihalarni amalga oshirish, davlat va jamiyatni yanada rivojlantirish borasidagi bilimu tajribamizni boyitish borasida yangi bosqichlarga yuksalish davri sifatida tarixga muhrlanmoqda.
Davlatimiz rahbari bu borada yana bir yangi an'anani parlament amaliyotiga kiritish taklifi bilan chiqdi. Ya'ni, endilikda Bosh vazir hukumat a'zolari bilan birga O'zbekiston Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi doirasida amalga oshirilgan ishlar bo'yicha Senat va Qonunchilik palatasida har uch oyda hisobot bermoqda.
Ushbu jarayonlar ommaviy axborot vositalarida tanqidiy-tahliliy asosda keng yoritilmoqda. Natijada xalqimiz Prezident Murojaatnomalarida belgilab berilgan vazifalar ijrosi qanday holatda ekanidan muntazam xabardor bo'lmoqda. Bu, o'z navbatida, Hukumat faoliyatiga xalqning o'zi baho berishi uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Vazirlar Mahkamasi a'zolarini, vazirlarni ham Oliy Majlis tomonidan tasdiqlash amaliyoti joriy qilindi. Ayni paytda mahalliy Kengashlar viloyat va tuman idoralari rahbarlarini tasdiqlashi masalasi ham har bo'lish arafasida.
Bu kabi yangiliklar davlat boshqaruvini yanada demokratlashtirish, davlat idoralarini xalqimizga yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda. Natijada Prezidentimiz ilgari surgan hayotiy g'oya – xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerakligi qonunlar darajasida mustahkamlanmoqda.
– Parlamentning inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash borasidagi o'rni va salohiyati qanday?
– Keyingi besh yilda mamlakatimizda Biznes-Ombudsman va Bolalar Ombudsmani tashkil etildi. Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi, Gender tenglikni himoya qilish bo'yicha komissiya kabi yangi tuzilmalar ish boshladi.
Inson huquqlari O'zbekistonning xalqaro obro'sini, imijini ko'tarishga xizmat qiladi. Inson huquqlarining ahvoli mamlakatga xorijiy sarmoyalar va ilg'or texnologiyalar jalb etish uchun zarur sharoit, maqbul muhit yaratadi.
Inson huquqlari mamlakatda tinchlik va xavfsizlik ta'minlanishiga, barqaror iqtisodiyot rivojiga yordam beradi. Inson huquqlari amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarga sodiqlikni ko'rsatadi.
Bugungi kunda O'zbekistonda inson huquqlari sohasi parlament faoliyatining eng muhim va ustuvor yo'nalishiga aylangan. Bu real voqelikni quyidagi ikkita dalil ham yaqqol isbotlaydi.
Birinchidan, keyingi yillarda inson huquqlari masalasida jahon hamjamiyatining O'zbekistonga munosabati tubdan o'zgardi. Ilgari, mustaqillikning 25 yili davomida inson huquqlarini ta'minlash va himoya qilish borasida boshimiz tanqiddan sira chiqmagan. Shu chorak asrlik muddat O'zbekiston uchun inson huquqlari masalasida surunkali tanqid va malomatlar davri bo'ldi.
Endi vaziyat butunlay o'zgardi. Keyingi yillarda O'zbekistonda inson huquqlarini ta'minlash va himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan tarixiy ishlar dunyo hamjamiyati tomonidan muntazam e'tirof etilmoqda va qo'llab-quvatlanmoqda. 2016 yildan e'tiboran O'zbekistonni inson huquqlari masalasida e'tirof etish va namuna qilib ko'rsatish davri boshlandi.
Ikkinchidan, mamlakat ichkarisida ham bu boradagi munosabat butunlay o'zgarayotgani kuzatilmoqda. Yurtdoshlarimizning davlat hokimiyatiga ishonchi osha boshladi. Bu, o'z navbatida, bugungi kundan rozilik va shukronalik hamda ertangi kunga ishonch tuyg'ularini mustahkamlamoqda. Natijada fuqarolarimizda Vatan, xalq taqdiri va kelajagiga haqiqiy daxldorlik hissi kuchaydi.
Shunday qilib, milliy parlamentimiz xalq farovonligini ta'minlash, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ham milliy, ham xalqaro darajada mustahkamlash borasida muhim rol` o'ynamoqda.
O'zbekiston parlamenti qonunchilik ishlari bilan bir qatorda, hayotiy muhim masalalarni amalga oshirish bo'yicha monitoring funktsiyalarini ham kuchaytirdi. Xususan, Gender tenglik masalalari bo'yicha komissiya, Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo'yicha milliy komissiya, shuningdek parlament yuqori palatasida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi tuzildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Adliya va Tashqi ishlar vazirliklarining hisobotlari eshitilishi tizimi yo'lga qo'yilgan.
– Parlamentimizning xalqaro hamkorlik aloqalari holati haqida nima deya olasiz?
– O'zbekiston istiqlol tufayli mustaqil xalqaro huquq sub'ekti sifatida jahon hamjamiyati safidan mustahkam o'rin egalladi. O'tgan davrda ko'plab nufuzli xalqaro tashkilotlarning teng huquqli a'zosi bo'ldi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, YUNESKO, YUNISEF, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Parlamentlararo Ittifoq, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi kabi xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar bilan faol xalqaro hamkorlikni yo'lga qo'ydi.
Bugungi kunda Oliy Majlis mamlakatimizning milliy manfaatlarini himoya qilishga hamda ilgari surishga asoslangan tashqi siyosiy faoliyatning ham faol ishtirokchisiga aylandi. So'nggi yillarda Oliy Majlis Parlamentlararo Ittifoq, MDH Parlament Assambleyasi, YeXHT Parlamentlararo Assambleyasi kabi qator nufuzli parlamentlararo uyushmalarga a'zo bo'lib kirdi.
Ma'lumki, 2030 yilgacha bo'lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi Kun tartibida bayon etilgan Barqaror rivojlanish sohasidagi 17 maqsad (BRM) 2016 yilda rasman kuchga kirdi. Harakatlar strategiyasi BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish bo'yicha O'zbekistonning “yo'l xaritasi” bo'ldi va u besh bosqichda amalga oshirilmoqda.
Bu bosqichlarning har biri alohida har yilgi Davlat dasturini tasdiqlashni va uni yil e'lon qilingan nomlanishga muvofiq amalga oshirishni ko'zda tutadi. Ushbu dasturilmal hujjat asosida quyidagilar amalga oshirildi:
birinchidan, davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning rolini oshirish, uning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo'yicha vakolatlari yanada kengaytirildi;
ikkinchidan, qabul qilinayotgan qonunlarning amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq islohotlari jarayoniga ta'sirini kuchaytirishga yo'naltirgan holda qonun ijodkorligi faoliyati sifati tubdan oshirildi;
uchinchidan, siyosiy tizimni rivojlantirish, davlat va jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, ular o'rtasida sog'lom raqobat muhitini shakllantirish masalalariga qat'iy e'tiborda turibdi.
Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar “Inson manfaati hamma narsadan ustun” degan g'oyani amalda ro'yobga chiqarishga qaratilgan bo'lib, davlatimiz tomonidan bu borada qator ishlar amalga oshirilib, ular mamlakatning xalqaro miqyosda obro'yini yuksaltirishga katta turtki bermoqda.
Shuni ta'kidlash joizki, Harakatlar strategiyasi qabul qilingan davrga qadar O'zbekistonning parlamentlararo munosabatlari, xususan, xalqaro tashkilotlar bilan o'zaro muloqotlari muzlatib qo'yilgan edi. Aynan shuning uchun ham zamon shiddat bilan o'zgarayotgan bir paytda, biz ushbu “muzni” eritib, taraqqiy etgan davlatlar bilan tenglik asosida siyosiy va iqtisodiy munosabatlarga kirishib, birinchi o'rinda xorijiy parlamentlar bilan parlament diplomatiyasi doirasida yaqin munosabatlarni o'rnatishga kirishdik.
O'zbekiston parlamenti xalqaro parlament jamoatchiligining teng huquqli a'zosi sifatida Parlamentlararo Ittifoq hamda boshqa xalqaro parlamentlar forumlarida faol ishtirok etyapti. O'zbekiston Parlamentlararo Ittifoq va BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining “Parlament va inson huquqlari printsiplari”ni qabul qilish, BMTning 75 yilligi bo'yicha Deklaratsiyaga bugungi xalqaro munosabatlarda milliy parlamentlar va Parlamentlararo Ittifoqning roli to'g'risidagi qoidalarni kiritish bo'yicha tashabbuslarni qo'llab-quvvatladi.
Keyingi yillarda O'zbekistonning tashabbuslari BMT darajasida qo'llab-quvvatlanmoqda. Mamlakatimizga BMT Bosh kotibi, Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissar, BMTning Diniy e'tiqod bo'yicha maxsus ma'ruzachisining amalga oshirgan tashriflari katta ahamiyatga ega bo'ldi. Bu tashriflar yakunlari bo'yicha milliy parlament tomonidan “Yo'l xaritalari” ishlab chiqildi va izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, milliy parlamentlar o'z mamlakatining rivojlanish jarayonlarida katta rol` o'ynaydi. Qolaversa, Parlamentlar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning muhim vositasidir.
Shu ma'noda, milliy parlamentimiz demokratik boshqaruvning yuragi sifatida hamisha fuqarolarning, saylovchilarning, fuqarolik jamiyatining huquq va manfaatlari himoyasida mustahkam turishi shart.
- Qo'shildi: 02.07.2021
- Ko'rishlar: 5297
- Chop etish