Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi bilan uchrashuv

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboeva “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” mavzusidagi xalqaro forumda ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong bilan uchrashdi.

Muloqotda mamlakatimiz tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, inson huquqlari va gender tenglikni ta'minlash borasida olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi O'zbekistondagi islohotlarga yuqori baholadi. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta'minlashda parlamentlar rolini oshirish to'g'risidagi Bosh Assambleyaning maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surgani alohida qayd etildi.

Yuqori martabali mehmon Buxoroda bo'lib o'tadigan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” mavzusidagi xalqaro forumning dolzarbligi haqida o'z fikrini bildirdi.

Uchrashuvda O'zbekiston bilan Parlamentlararo Ittifoq o'rtasidagi hamkorlik masalalari ko'rib chiqildi. Mamlakatimizning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi yutuqlari, parlamentning davlat organlari bilan hamkorlikda ish olib borayotgani, inson huquqlarini himoya qilish, gender tenglikni ta'minlash bo'yicha amalga oshirilgan ishlar qayd etildi.

– O'zbekiston Parlamentlararo Ittifoq faoliyatida o'z faolligini namoyon etayotgani alohida e'tirofga sazovor, – dedi Martin Chungong.

Uchrashuvda mamlakatimiz BMT rezolyutsiyalari va qarorlarining amaliy ijrosi, ularni amalga oshirish bo'yicha hamkorlikni rivojlantirishga e'tibor qaratayotgani, O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga to'liq mos ekani ta'kidlandi.

Behruz Xudoyberdiev, O'zA

Powered by GSpeech