Prezident saylovining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari: milliy va xorijiy tajriba

Guliston shahrida “Prezident saylovining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari: O'zbekiston va xorijiy mamlakatlar tajribasi” mavzusida xalqaro konferentsiya bo'lib o'tdi.

Bu O'zbekiston Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Barqaror rivojlanish markazi hamda Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan onlayn va oflayn shaklda tashkil etildi. Konferentsiya xalqaro sheriklar – Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT), Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) ko'magida o'tkazildi.

Xalqaro konferentsiyani O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov kirish nutqi bilan ochib berdi.

Xalqaro anjumandan ko'zlangan asosiy maqsad, saylovlarning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari va saylov qonunchiligi rivojlanish tendentsiyalarini ilmiy tahlil qilish, shuningdek, saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada takomillashtirish yuzasidan o'zaro tajriba va fikr almashishdan iborat.

Bundan tashqari, O'zbekistonda so'nggi yillarda saylov qonunchiligini tizimli va izchil demokratlashtirish hamda liberallashtirish bo'yicha erishilgan natijalar, shuningdek, jamiyat va davlat hayoti, chinakam demokratiya, adolatli saylovlarni tashkil etish va o'tkazishda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta'minlash bo'yicha yaratilgan shart-sharoitlardan xalqaro jamoatchilik va ekspertlarni xabardor qilishdir.

Zamonaviy dunyoda erkin va adolatli saylovlar demokratlashtirish jarayonining hal qiluvchi omili va xalq irodasini ifoda etuvchi asosiy vositalardan biri hisoblanadi. Zero, saylovlar jamiyatning siyosiy hokimiyatini yagona, ajralmas, davlat hokimiyatiga aylantirishga xizmat qiladi.

So'nggi yillarda O'zbekistonda davlat va jamiyatni demokratlashtirish hamda modernizatsiya qilish bo'yicha jadal va keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada bugungi kunda mamlakatimiz demokratik talablarga javob beradigan zamonaviy milliy saylov tizimiga ega.

O'zbekistonning zamonaviy saylov tizimi ko'p yillik evolyutsiya va ko'p tomonlama siyosiy muloqot natijasidir. Saylov tizimi va qonunchilikni modernizatsiya qilish uch bosqichda amalga oshirildi.

Bu qonunlardan Saylov kodeksiga o'tish, ya'ni saylov qonunchiligini kodifikatsiya qilish; ikkinchidan, barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyatining mustaqilligini ta'minlash; uchinchidan, milliy qonunchilik va saylov amaliyotining umumiy qabul qilingan xalqaro demokratik tamoyillarga muvofiqligi, o'zaro bog'liqligini ta'minlaydigan adolatli saylovlar uchun huquqiy sharoitlarni shakllantirish va takomillashtirish jarayonlarini o'zida qamragan.

Shu bilan birga, saylov tizimiga muayyan ta'sir ko'rsatadigan yangi omillar paydo bo'ldi. Hozirda hayotning barcha sohalarida keng qo'llaniladigan elektron axborot texnologiyalari yetakchi o'rin egallamoqda.

Dunyoda so'nggi bir yarim yilda saylovlar pandemiya sharoitida bo'lib o'tmoqda, bu esa, o'ziga xos yangi choralar qo'llashni talab qilmoqda.

Konferentsiya o'z ishini uchta sho''bada davom ettirdi.

Xorijiy ekspertlarning ta'kidlashicha, O'zbekistonning saylov qonunchiligi shu davrgacha bo'lib o'tgan saylovlar davomida to'plangan milliy tajriba, ilg'or xorijiy saylov amaliyoti, shuningdek, xalqaro standartlar, fuqarolarning siyosiy ongi hamda elektoral madaniyatining o'sishi, amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning borishi va talablarini hisobga olgan holda jadal takomillashib bormoqda.

Yangi O'zbekistonning zamonaviy saylov tizimi yaratilishi ko'p yillik evolyutsion jarayon va har tomonlama siyosiy muloqot mahsulidir. Mamlakatda sog'lom partiyalararo raqobat va barcha partiyalarga saylov kampaniyasini o'tkazish uchun teng shart-sharoitlar yaratilgan, saylovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish uchun ajratilgan byudjet mablag'larini adolatli taqsimlash, ovoz berishning halol va qonuniy bo'lishini ta'minlash yuzasidan zarur choralar ko'rilgan.

Konferentsiyada pandemiya sharoitida saylov jarayoniga yangi texnologiyalarni joriy etish, saylov tizimida raqamli texnologiyalardan foydalanish va ularni huquqiy tartibga solishni yanada kengaytirish masalalari ham keng muhokama qilindi.

Xalqaro anjuman yakunida Guliston hujjati qabul qilindi. Unda O'zbekistonning saylov siyosati va qonunchiligini takomillashtirishga oid tavsiyalar nazarda tutilgan.

Manba: parliament.gov.uz

Powered by GSpeech