Qonunchilik palatasi Spikeri BMTning maxsus ma’ruzachisini qabul qildi

2021 yil 29 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashining Terrorizimga kurashishda inson hquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionnualu Ni Aoleynni qabul qildi.

Muloqot avvalida mehmonlarga taraqqiyotning yangi bosqichida mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida barcha sohada olib borilayotgan izchil va keng ko‘lamli islohotlar xususan, inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirishga doir tizimli ishlar xususida ma’lmuot berildi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining faoliyati, parlament quyi palatasining fraksiyalari va qo‘mitalari ish uslublari xususida ham batafsil axborot olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston fuqarolarining terroristik, ekstremistik yoki boshqa ta’qiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga kiruvchi murojaatlarini ko‘rib chiqish uchun Bosh prokuror raisligida Respublika idoralararo komissiyasi tashkil etildi. Komissiya xulosasi asosida fuqarolar jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi belgilandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan u yoki bu darajadagi turli guruhlarga aloqador deb hisoblangan 20 mingdan ziyod fuqarolar huquqni muhofaza qilish organlarining “maxsus ro‘yxati”dan chiqarildi, bunday “ro‘yxatlar”ni yuritish amaliyoti tugatildi.

Muloqotda qayd etilganidek, 2019-2021 yillarda “Mehr” gumanitar operatsiyasi doirasida Suriya va Iroq hududlarida og‘ir ahvolda qolgan 530 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarolari (asosan bolalar va ayollar) vataniga qaytarildi. Ushbu fuqarolarga tibbiy, psixologik, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi, ularning tinch hayotga qaytishi, jamiyatda moslashishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi, uy-joy va ish bilan ta’minlash choralari ko‘rildi.

Uchrashuv chog‘ida keyingi besh yilda siyosiy-huquqiy hamda sudlov tizimida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar e’tirof etildi. Ayniqsa, inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar yuqori baholandi.

Konstruktiv va o‘zaro ishonch ruhida o‘tgan uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan qator taklif va tavsiyalar berildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

 

Powered by GSpeech