Keyingi to'rt yil ichida o'n minglab insonlar O'zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan. Bu haqda 2021 yil 7 iyul` kuni BMT Qochoqlar ishlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi Doimiy qo'mitasining 81-majlisida so'z bordi.
Fuqarosizlikka barham berish masalalari bo'yicha mazkur alohida sessiya muhim xalqaro sana - 1961 yilgi Fuqarosizlikni kamaytirish to'g'risidagi konventsiya qabul qilinganining 60 yilligiga bag'ishlandi.
Asosiy ma'ruzachilar qatorida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, BMT Bosh kotibining o'rinbosari, BMT Qochoqlar ishlari bo'yicha oliy komissarining o'rinbosari Jilian Triggs, AQSH Davlat departamenti Aholishunoslik, qochoqlar va migratsiya byurosi bo'yicha davlat kotibining o'rinbosari Lesli Ziman, BMT Qochoqlar ishlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Global ma'lumotlar xizmati rahbari Fol`ker Shimmer, YUNISEFning Bolalarni himoya qilish departamenti direktori Kornelius Uil`yams va boshqalar so'zga chiqdi.
O'zbekistonning fuqarosizlikka barham berish bo'yicha so'nggi yillardagi ilg'or tajribasi haqida to'xtalar ekan, A.Saidov O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan fuqarosizlikni kamaytirish borasida ko'rilgan qat'iy choralar tufayli keyingi 4 yilda bu sohada vaziyat tubdan yaxshilanganini ta'kidladi.
Xususan, hozirda yangilangan amaldagi "O'zbekiston Respublikasining fuqaroligi to'g'risida"gi qonunga muvofiq, mamlakatimizda kamida 15 yil davomida yashab turgan va doimiy yashash joyida ro'yxatdan o'tgan fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga to'g'ridan-to'g'ri fuqarolik berilishining yangi tartibi o'rnatildi.
Bundan tashqari BMT Qochoqlar ishlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining 2024 yilgacha fuqarosizlikka barham berish bo'yicha Global harakatlar rejasiga ko'ra, O'zbekistonda tug'ilish holatlarini yalpi ro'yxatga olishni ta'minlash maqsadida chaqaloqlarni, shu jumladan, hujjatlari mavjud bo'lmagan ota-onalardan tug'ilgan bolalarni rasmiylashtirish amaliyotiga o'zgarishlar kiritildi. Ayni vaqtda rasmiylashtirilmagan barcha tug'ruq holatlarini ro'yxatga olish bo'yicha milliy kampaniya boshlangan.
O'zbekiston tomonidan bu sohada erishilgan ijobiy natijalar tadbir ishtirokchilarining e'tirofiga sazovor bo'ldi. Ularning ta'kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoev BMT Bosh kotibi Antonio Gutterishning «#IBelong» - fuqarosizlikka barham berish bo'yicha Global kampaniya yuzasidan BMT oliy minbaridan turib e'lon qilgan chaqirig'ini nafaqat qo'llab-quvvatladi, ayni chog'da, ushbu muhim tashabbusni ro'yobga chiqarish yo'lida aniq amaliy qadamlar qo'ydi.
A.Saidov qayd etganidek, O'zbekiston fuqarosizlikka barham berish bo'yicha ishlarni izchil davom ettiradi va bu jarayonda bir qator vazifalarni hal etishga to'g'ri keladi. Jumladan, fuqarosizlik masalalariga oid milliy qonunchilikni yanada rivojlantirish, fuqaroligi bo'lmagan shaxslarni hujjatlashtirish mexanizmini takomillashtirish, fuqaroligi bo'lmagan shaxslarning muayyan toifalari uchun O'zbekiston fuqaroligiga ega bo'lish yoki mamlakatda yashash guvohonomasini olish tartib-taomillariga qo'shimcha ravishda yengilliklar kiritish taqozo etiladi.
O'zbekiston ana shu barcha masalalar yuzasidan BMT Qochoqlar ishlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan amaliy hamkorlikni bunday keyin ham izchil rivojlantirishga tayyor.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 09.07.2021
- Ko'rishlar: 3930
- Chop etish