Bugun dunyoda yosh avlod misli ko'rilmagan darajada ko'pchilikni — 2 milliarddan ziyodni tashkil qilmoqda. Bu insoniyat tarixida yoshlar sonining eng yuqori ko'rsatkichidir. Jahondagi yoshlarning qariyb 90 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda istiqomat qiladi va ular aholining salmoqli qismini tashkil etadi.
Yoshlar — innovatsiyalar, g'oya va yechimlarning bitmas-tuganmas manbai. Bugungi kunda yoshlar faolligi har qachongidan ham muhim, zero, ular jamiyat taraqqiyotini harakatlantiruvchi asosiy kuchdir. Shu bois, aynan yosh avlod zimmasiga yorqin kelajak barpo etish vazifasi ishonib topshirilgan.
Xalqaro hamjamiyat har qanday mamlakat taraqqiyotida sog'lom va barkamol, tashabbuskor, zamonaviy bilim va ko'nikmalarga ega bo'lgan yoshlar o'ta muhim o'rin tutishini alohida e'tirof etadi. Xususan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish “tinchlik, faol iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy adolat, bag'rikenglikni ta'minlash — bularning barchasi va yana ko'p narsalar yoshlar imkoniyatlaridan foydalanish bilan bog'liq” ekanini ta'kidlaydi.
So'nggi yillarda birgina yoshlar masalalariga doir BMT doirasida 10 dan ortiq xalqaro hujjat qabul qilindi.
BMT Bosh Assambleyasining Jahon yoshlariga tegishli Harakat dasturida (1995 yil) yoshlar hayotini yaxshilash borasida milliy harakatlar va xalqaro qo'llab-quvvatlashga oid siyosat asoslari hamda amaliy tavsiyalar belgilandi. Harakat dasturi yoshlar bilan bog'liq o'n beshta ustuvor yo'nalishni qamrab olgan bo'lib, ularning har biri amaliy harakatlar bo'yicha aniq takliflarni o'z ichiga olgan.
BMT Xavfsizlik kengashining yoshlar, tinchlik va xavfsizlik bo'yicha qabul qilingan qarorida (2015 yil) mojaro va ziddiyatlarning oldini olish va hal etish, shuningdek, tinchlikni ta'minlashda yoshlarning o'rni alohida e'tirof etilgan.
Yoshlar siyosati va dasturlari haqidagi “Lissabon+21” deklaratsiyasida (2019 yil) yoshlar huquqlarini himoya qilish, qo'llab-quvvatlash va amalga oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Deklaratsiyada yoshlar qatlamiga kiruvchi xotin-qizlarga, qishloq yoshlari, nogironlar, migrantlar, zaif, himoyasiz yoki boshqa har qanday asosda kamsitishga duch kelgan guruhlarga tegishli marginal avlodga alohida e'tibor bergan holda, ularning o'ziga xos ehtiyojlarini ta'minlash muhimligi ta'kidlanadi.
BMTning 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibida yoshlar farovonligini ta'minlash, jamiyat hayotidagi ishtiroki va imkoniyatlarini kengaytirish barqaror rivojlanish va dunyoda tinchlikni ta'minlashning o'ta muhim omillari ekani e'lon qilindi. Shu sababli, Barqaror rivojlanishning barcha — 17 maqsadida va ularga erishish yo'lidagi 169 maqsadda yoshlar manfaatlarini ta'minlash masalalariga alohida o'rin berilgan. Shu bilan bir qatorda, yoshlar muammolari bandlikni ta'minlash, o'spirin qizlar holatini yaxshilash, tinchlik yo'lida ta'lim va sport kabi to'rt yo'nalishda belgilangan. Bundan tashqari, yoshlar barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish jarayonlarida ma'lumotlarni yig'ish, ulardan foydalanish, mahalliy hamda milliy tashabbuslarni ilgari surish, monitoring qilish va hisobdor bo'lish, shuningdek, evolyutsion taraqqiyot to'g'risida ma'lumot tayyorlash orqali bevosita ishtirok etadi.
Jahon yoshlarining talab-ehtiyojlarini qondirish, salohiyatini mustahkamlash va huquqlarini to'laqonli ta'minlash uchun BMTning “Yoshlar 2030” yoshlar strategiyasi qabul qilingan. Hujjatda
“yoshlar sarmoya kiritilishi lozim bo'lgan o'ta qimmatli va nihoyatda muhim manba hisoblanadi, zero, kiritilgan sarmoyalar ko'p marotaba o'zini oqlay oladi”, deb ta'kidlangan.
Yosh avlod huquq erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish va amalga oshirish masalalari COVID-19 pandemiyasi sharoitida xalqaro hamjamiyatning alohida diqqat markazida bo'ldi. Koronavirus infektsiyasi yoshlar hayotiga salbiy ta'sir ko'rsatdi, ularni tibbiy xizmatdan foydalanish, munosib ish topish, oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish, ijtimoiy yakkalanish, jamiyat hayotidan uzoqlashish bilan bog'liq yangi muammolarga moslashishga majbur qildi.
Xalqaro mehnat tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, pandemiya davrida maktablar, oliy o'quv yurtlari va kasb-hunarga o'qitish markazlari yopilishi sababli o'qiyotgan yoki ta'lim olishni ish bilan birga olib borayotgan yoshlarning 70 foizdan ortig'i ma'naviy va moddiy yo'qotishlarga duch keldi. Hozirda yoshlar duch keladigan muammolar shu darajada ko'p qirraliki, ularni ijobiy yechishda davlatlar va xalqaro hamjamiyatdan har tomonlama qat'iy harakatlar talab etilmoqda.
2020 yil aprel` oyida BMT COVID-19 inqiroziga qarshi zudlik bilan ijtimoiy-iqtisodiy choralar ko'rishga oid umumlashgan Dasturni e'lon qildi. Ushbu Dasturda yoshlarning salomatlik bo'yicha mustaqil qaror qabul qilishi, sog'lom turmush tarzi targ'iboti va pandemiyaga qarshi kurash yo'lida yoshlar tashkilotlari, jamoat guruhlari rolini oshirish, sog'liqni saqlashga oid ishonchli ma'lumotlarni tarqatishda mas'uliyatni o'z zimmasiga olishi borasida salohiyatini oshirishga alohida e'tibor qaratilgan. Internet va ijtimoiy tarmoqlar taraqqiy etgan davrda yoshlar ovozi eshitilishini ta'minlash muhimligi ta'kidlangan.
Bugungi kunda tashabbuskor yoshlar pandemiya muammosi yechimiga innovatsion yondashuv va ijtimoiy ta'sir orqali javob bermoqda. Dunyoda yosh ko'ngillilar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo'llab-quvvatlashda, ijtimoiy tashabbuslarni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.
Qayd etish lozimki, bunday sharoitda xalqaro tashkilotlar faoliyatida “yoshlar o'lchovi” omili muttasil ravishda rivojlanib borishi kerak. Yosh avlod vakillari o'z talab-ehtiyojlarini qondiradigan, huquqlarini himoya qiladigan, o'zlari duch keladigan muammolar yechimini ta'minlay oladigan keng qamrovli strategiya va dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish huquqiga ega bo'lishi lozim.
Shu o'rinda, O'zbekistonning bu sohadagi tajribasi xalqaro hamjamiyat uchun qiziqish uyg'otmoqda va u dunyoda keng o'rganilmoqda. Xususan, shu masala yaqinda BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining Yoshlar forumi, Jenevada Yoshlar va inson huquqlari bo'yicha xalqaro seminar davomida ko'rib chiqildi.
Yoshlar siyosatini takomillashtirishning yangi bosqichi
Bugun O'zbekiston muhim demografik chegarada turibdi. 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar aholining 60 foizini tashkil qiladi. Buni respublika uchun o'ziga xos qimmatbaho “demografik dividend”, deb atashimiz mumkin. Keyingi yigirma yil ichida bugungi bolalar va yoshlar O'zbekiston tarixidagi eng katta ishchi kuchiga aylanadi. Demakki, yoshlarni rivojlantirishga sarmoya to'g'ri sarflansa, aynan shu yigit-qizlar O'zbekistonni yangi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasiga olib chiqadigan avlod bo'lib shakllanadi.
Xalqaro e'tiroflarga ko'ra, yangi O'zbekiston yoshlari jamiyatni o'zgartirishning faol sub'ekti va modernizatsiya jarayonlari uchun muhim manba, shuningdek, iqtisodiy o'sish, avlodlar farovonligini ta'minlash yo'lida bebaho inson resursidir.
Bugun mamlakatda yoshlarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini ta'minlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi hisoblanadi va bu doimo diqqat markazida. Birgina so'nggi ikki yil ichida sohaga oid uchta qonun, Prezidentning o'nlab farmonlari, qarorlari va hukumat hujjatlari qabul qilindi.
Shu muhim hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosi bo'yicha juda ko'p ezgu ishlar amalga oshirildi. Yoshlar ishlari agentligi va Bosh vazir raisligida yoshlar masalalari bo'yicha idoralararo kengash ish boshladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari bo'yicha komissiya tuzildi, Oliy Majlis palatalari qoshida Yoshlar parlamentlari faoliyat yuritmoqda. O'zbekistonda 30 iyun` — Yoshlar kuni, deb e'lon qilindi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi va 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida” amalga oshirish bo'yicha Davlat dasturi, shuningdek, Prezidentimizning beshta muhim tashabbusi doirasida qator muhim vazifalar amalga oshirilmoqda.
O'zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi, uni amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” qabul qilindi. Kontseptsiyada hal etishga qaratilgan asosiy vazifalar qatoridan jismonan sog'lom, ma'nan rivojlangan yigit-qizlarni tarbiyalash, ularning ilmiy va ijodiy salohiyatlarini ro'yobga chiqarishga ko'maklashish, huquq va erkinliklari, manfaatlarini himoya qilish, yoshlarni mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik, ijtimoiy, huquqiy, iqtisodiy islohotlarga faol jalb etish masalalari o'rin olgan. Yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholashning yagona mezonlari, yoshlar siyosatini baholashning milliy ko'rsatkichi ishlab chiqilmoqda.
Shu bilan birga, eng muhim vazifani hal qilishga alohida e'tibor qaratilmoqda: bu — yoshlar bandligini ta'minlash, munosib daromad olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev “tadbirkorlik, ayniqsa, kichik va o'rta biznes, ushbu yo'nalishdagi eng katta imkoniyat va manbaimiz”, deb hisoblaydi. Shu bois, mamlakatda “Yoshlar daftari”ni joriy etish amaliyoti boshlandi. Bugungi kunda mazkur daftarga 648 ming ishsiz yosh kiritilgan. Ulardan 283 ming nafari faqat 2021 yilning birinchi choragida ish bilan ta'minlandi.
Yaqinda davlatimiz rahbari yoshlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash va yoshlarni ish bilan ta'minlashning yangi mexanizmlarini joriy etish bo'yicha chora-tadbirlarni sezilarli darajada kengaytiradigan bir qator yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Joriy yilda ham ishsizlar, ham tadbirkorlikni endi boshlaganlarga, shuningdek, ish beruvchi tashkilotlarga bir qator imtiyozlar e'lon
qilindi.
Jumladan, 1 maydan boshlab korxona va kompaniyalarga yoshlarni ishga qabul qilishda ularga ushbu xodimlar uchun to'langan ijtimoiy soliq qaytarib beriladi. Bundan tashqari, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan beshdan ortiq ishsizni ish bilan ta'minlagan tadbirkorlar davlat mulkini ijaraga olishda 50 foizgacha chegirmaga ega bo'ladi, binoni ijaraga olgan va o'z biznesini boshlagan yoshlarga yillik ijara to'lovlarining 30 foizigacha qoplanadi va hokazo.
Qolaversa, 1 iyundan boshlab “Yoshlar daftari”ga kiritilgan talabalar korxona va kompaniyalarda amaliyot o'tash uchun 500 ming so'mgacha bo'lgan subsidiya olishi mumkin. “Yoshlar daftari” a'zolarining nodavlat ta'lim muassasalarida chet tillari va umumiy ta'lim fanlarini o'rganish maqsadida sarflagan xarajatlarining bir qismi uchun tovon puli ham belgilanadi.
Endilikda 1 iyuldan boshlab yangi ishga qabul qilingan ishchilarni qayta tayyorlash uchun xususiy korxonalarga 1 million so'mgacha subsidiyalar beriladi. Bundan tashqari, birinchi marta ishga qabul qilingan kasb-hunar ta'limi markazlari bitiruvchilari olti oygacha daromad solig'idan ozod qilinadi. Kasb-hunar bilim yurtlari va texnik maktablarda yoshlarni o'qitish uchun to'lanadigan shartnoma miqdori daromad solig'idan ozod etiladi.
Ishsiz yoshlarni kasb-hunarga va tadbirkorlikka o'rgatish maqsadida “1 + 1” dasturi keng miqyosda amalga oshirilmoqda. Bunda 100 ming yoshni o'qitish, ularga keyinchalik imtiyozli kreditlar berish nazarda tutiladi. Ta'kidlash joizki, 2021 yilning atigi uch oyi davomida mamlakat bo'ylab 21 mingdan ortiq yoshlar turli sohalardagi tadbirkorlikka o'qitildi.
Yoshlarni ish bilan ta'minlashga yordam beradigan yana bir muhim soha — bu qishloq xo'jaligi. Bugungi kunda 175 ming yoshga 45 ming gektar yer maydoni ajratilgan. Ularning har biri qishloq xo'jaligi ishlari bilan shug'ullanishi uchun yer uchastkasini oldi. “Yoshlar daftari” ishtirokchilarini qo'llab-quvvatlash maqsadida urug'lar va ko'chatlar sotib olish uchun 2 million so'mgacha subsidiyalar ajratiladi.
Yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun qo'shimcha ravishda 36 ming ijodiy to'garak tashkil etildi, ularga 874 mingga yaqin o'g'il-qiz jalb qilingan. Hozirda birgina “Barkamol
avlod” bolalar markazlari 175 ming bolani qamrab olgan. Ushbu muassasalarning imkoniyatlaridan to'liq foydalanish, filiallarini har bir maktabda tashkil etish orqali yoshlar qamrovini kengaytirish vazifasi amalga oshirilmoqda. Yoshlarni
sport, madaniyat va san'atga jalb qilish, turli festival`, musobaqalarni o'tkazish, nufuzli xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.
O'zbekistonning xalqaro tashabbuslari qo'llab-quvvatlanmoqda
Yoshlik — bu jo'shqinlik, eng sermahsul ijodkorlik davri. Shu bilan birga, ushbu davrda o'g'il va qizlar nisbatan zaif bo'lib, qo'llab-quvvatlashga, kattalar diqqat-e'tiboriga muhtoj. Xalqaro miqyosda yoshlar muammolariga e'tibor qaratish zaruratiga ham shu omillar sababdir.
Buyuk nemis faylasufi Gyote shunday degan: “Garchi butun dunyo olg'a harakat qilayotgan bo'lsa ham, yoshlar bu jarayonni har safar yangidan boshlashi kerak”. BMT doirasida va ushbu tashkilotdan tashqarida ham yoshlar huquqlarini ta'minlash masalasi tobora ko'proq muhokama markazida bo'lib kelmoqda va global rivojlanish davrida ushbu masalada bir necha qadam oldinga tashlash taqozo etilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish masalasi bugungi va ertangi kun yoshlari bilan bevosita bog'liq hamda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning yoshlar huquqlarini yanada keng ta'minlash va himoya qilish bo'yicha tashabbuslari keng qo'llab-quvvatlanmoqda.
Masalan, O'zbekiston tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani qabul qilish to'g'risida ilgari surilgan tashabbus nafaqat mamlakatimiz fuqarolari, balki jahonning ikki milliarddan ortiq yoshlari huquqlarini himoya qilish uchun ham katta ahamiyatga molikdir. Ushbu tashabbus xalqaro hamjamiyat tomonidan tobora ko'proq qo'llab-quvvatlanmoqda. Yoshlar huquqlari bo'yicha Do'stlar guruhi tashkil etildi. Uning asosiy vazifasi yoshlar siyosati sohasidagi tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash va yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro huquqiy hujjatni ishlab chiqishga qaratilgan harakatlarni rag'batlantirishdan iborat.
2020 yil avgust oyida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan yoshlar huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalariga bag'ishlangan va yosh avlod hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikni mustahkamlashda muhim rol` o'ynaydigan Samarqand veb-forumi bo'lib o'tdi.
Forumda O'zbekiston tomonidan tayyorlangan Yoshlar huquqlari to'g'risidagi Konventsiya loyihasi muhokama qilindi, BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida taqdim etilgan “Yoshlar — 2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari”, deb nomlangan Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi. Ushbu rezolyutsiya A/74/998 raqami ostida BMTning rasmiy hujjatlari tizimiga joylashtirilgan. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining doimiy Kengashida Samarqand rezolyutsiyasi YEXHTning rasmiy hujjati sifatida tarqatildi, shuningdek, bu hujjat Islom hamkorlik tashkiloti a'zo davlatlariga yuborilib, MDHning rasmiy veb-saytida e'lon qilindi.
Mamlakatimizning yoshlar huquqlarini himoya qilish tamoyiliga bo'lgan sodiqligi Prezidentimizning BMT Inson huquqlari bo'yicha Kengashi 46-sessiyasidagi nutqida ham tasdiqlangan bo'lib, unda yoshlar huquqlarini himoya qilish bo'yicha qator tashabbuslar ilgari surilgan.
Jumladan, Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyani qabul qilish va yoshlar huquqlari bo'yicha maxsus ma'ruzachini, BMT homiyligida yoshlar huquqlari bo'yicha Butunjahon konferentsiyasini ta'sis etish hamda bu konferentsiyani O'zbekiston hukumati tomonidan BMT Bosh kotibining Yoshlar bo'yicha maxsus vakili, BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari idorasi ko'magida va boshqa xalqaro, yoshlar tashkilotlari hamkorligida joriy yilning avgust oyida o'tkazish rejalashtirilgan. Ushbu konferentsiya yoshlarning huquqlarini himoya qilish, rag'batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish bo'yicha fikr almashish va xalqaro mintaqaviy hujjatlarni ishlab chiqish bo'yicha takliflar tayyorlash imkonini beradi.
Yoshlar siyosati sohasida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilar ekanmiz, yangi O'zbekistonda davlat idoralari, jamoat birlashmalari va yoshlar o'rtasidagi munosabatlar sifatini yaxshilash uchun juda ko'p ezgu harakatlar amalga oshirilayotganini ta'kidlashni adolatdan, deb bilamiz. Yoshlar mamlakatning barcha muhim tarmoqlariga jalb qilingan, vazirlik va idoralarda lavozimlarni egallab turibdi.
Yoshlar bilan ishlash bo'yicha alohida tashkilotlar ham shakllanmoqda. Yoshlarni o'qitish va har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazish uchun sharoitlar yaratilmoqda. Ushbu sa'y-harakatlarning barchasi o'z samarasini berishiga ishonchimiz komil. Zero, O'zbekiston — yoshlar mamlakati! Vatanimizning yanada gullab-yashnashi uchun aynan yoshlarimiz javobgardir.
- Qo'shildi: 20.04.2021
- Ko'rishlar: 5337
- Chop etish