O‘zbekistonning Jenevadagi doimiy missiyasi xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari rahbarlari hamda Jenevadagi xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirokida akademik Akmal Saidovning ֿ«G‘alaba bog‘i falsafasi» kitobining taqdimotini o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi bilan yaratilgan mazkur yodgorlik majmuasining tarixi, mazmuni va ahamiyatiga bag‘ishlangan kitob bilan tanishdi.
Shuningdek, mehmonlarga o‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan Buyuk g‘alabaga qo‘shgan hissasi va janglarda ishtirok etgan hamda front ortida mehnat qilgan yurtdoshlarimiz xotirasini abadiylashtirish borasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Diplomatiya vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari O‘zbekiston rahbariyatining fashizm ustidan qozonilgan Buyuk g‘alabada o‘zbek xalqining qahramonlik hissasini abadiylashtirish va kelgusi avlodlarga yetkazish borasidagi saʼy-harakatlariga yuksak baho berdi.
«G‘alaba bog‘i»dagi harbiy texnika va qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi, shuningdek, urush yillari ruhidagi okoplar, temir yo‘l vokzali, dala oshxonalarining badiiy kompozitsiyalari bilan bog‘liq maʼlumotlar qiziqish uyg‘otdi.
Taqdimotda ishtirok etgan mehmonlar bog‘ ekspozitsiyasiga alohida «Ko‘z yoshi» majmuasining kiritilishi har bir kishiga urush dahshatini va tinchlikning beboha qadrini his qilish imkonini berayotganini taʼkidladi.
Ayniqsa, urushda besh o‘g‘lidan ayrilgan ona xotirasiga bag‘ishlangan «Matonat madhiyasi» yodgorligi hech kimni befarq qoldirmaydi.
Tadbir ishtirokchilarida, shuningdek, 33 jildlik “Xotira” kitobi ham alohida qiziqish uyg‘otdi.
Manba: "Dunyo" AA
- Qo'shildi: 23.07.2021
- Ko'rishlar: 3967
- Chop etish